“Pampers” dermatiti nima, u goʻdaklar uchun qanchalik xavfli?
Illyustrativ foto
Bugungi kunda goʻdaklarning beldan past sohasida paydo boʻladigan, yalligʻlanish va kuchli qichishish bilan kechadigan teri toshmasi — “pampers” dermatiti koʻpchilik ota-onalarni tashvishga solmoqda. Bu bolalik davridagi eng koʻp uchraydigan dermatologik muammolardan biri hisoblanadi. Har yili shu kabi holat bilan bogʻliq 1 millionga yaqin ambulator murojaat qayd etiladi. Chaqaloqlarning taxminan 25 foizi muayyan vaqtda shu muammoga duch keladi, eng koʻp holatlar esa 9–12 oylik davrga toʻgʻri keladi. Holatlarning 90 foizdan ortigʻi birlamchi tibbiy boʻgʻinda davolanadi.
Aksar hollarda taglik sohasidagi toshmalar irritant kontakt dermatit bilan bogʻliq boʻladi. Nam muhit, taglikning uzoq vaqt almashtirilmasligi va siydik hamda axlat taʼsiri teri himoya qatlamini zaiflashtiradi. Ayniqsa, ich ketishi kuzatilgan bolalarda xavf ortadi. Axlat tarkibidagi ayrim mikroorganizmlar siydik bilan oʻzaro taʼsirga kirishib, teri muhitini oʻzgartiradi va yalligʻlanishni kuchaytiradi.
Irritant dermatit odatda taglik tegib turadigan dumba, son va qorin pastki qismida paydo boʻladi, teri burmalari esa koʻpincha saqlanib qoladi. Toshmalar qizargan, yaltiroq dogʻlar koʻrinishida namoyon boʻladi. Ogʻir holatlarda eroziya va yaralar yuzaga kelishi mumkin.
Muammoning oldini olish uchun taglikni har 3–4 soatda yoki ifloslanishi bilanoq almashtirish tavsiya etiladi. Bolani maʼlum vaqt tagliksiz qoldirish, superabsorbentli bir martalik tagliklardan foydalanish va sink oksidi yoki vazelinli himoya vositalarini qoʻllash samarali hisoblanadi. Terini yumshoq usulda tozalash va uni quruq saqlash asosiy qoidalardan biridir.
3 kundan ortiq davom etgan toshmalarning 40–75 foizida “Candida albicans” zamburugʻi aniqlanadi. Bunday holatda teri burmalari ham zararlanadi va mayda “yoʻldosh” toshmalar paydo boʻladi. Davolashda mahalliy zamburugʻga qarshi vositalar qoʻllaniladi, zarur hollarda yengil taʼsirli kortikosteroidlar ham tavsiya etiladi.
Ayrim hollarda taglik sohasidagi toshma boshqa kasalliklar belgisi boʻlib chiqadi. Masalan, psoriaz odatda 6–18 oylik bolalarda kuzatiladi, bakterial infeksiyalar impetigo yoki perianal sellyulitga olib kelishi mumkin. Kamdan-kam hollarda esa rux yetishmovchiligi, Langergans hujayrali gistiotsitoz yoki Kavasaki kasalligi kabi jiddiy holatlar aniqlanadi. Kavasaki kasalligi davolanmasa, bemorlarning 20 foizida 1–2 hafta ichida yurak qon tomir asoratlari rivojlanishi kuzatilgan.
Mutaxassislar taglik dermatitini baholashda nafaqat teridagi oʻzgarishlar, balki bolaning umumiy ahvoliga ham eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidlaydi. Erta tashxis va toʻgʻri parvarish koʻp hollarda muammoni tez va asoratsiz bartaraf etish imkonini beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring