Olmaliqdagi maktabda oʻquvchi qiz vafot etgani yuzasidan oʻrganish boshlandi — Bolalar ombudsmani
Illyustrativ foto
Avvalroq Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi 5-sonli umumtaʼlim maktabida voyaga yetmagan qiz vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Bolalar ombudsmani mazkur holat nazoratga olingan holda oʻrganilayotganini maʼlum qildi.
Bildirilishicha, holat boʻyicha prokuratura tomonidan Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasiga hamda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasiga xizmat tekshiruvi oʻtkazish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.
Shuningdek, ombudsmanning Toshkent viloyati boʻyicha mintaqaviy vakili joyga chiqqan tarzda ushbu vaziyatda bolaning huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan yoki qoʻyilmagani yuzasidan oʻrganish olib bormoqda.
“Oʻrganish natijalari va tergovga qadar tekshiruv yakuni boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hozirda prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, uning doirasida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Oʻzi nima boʻlgan edi?
Telegram'dagi “Sukut saqlama” loyihasi Olmaliq shahridagi maktablardan birida koʻngilni xira qiluvchi voqea sodir boʻlgani haqida xabar tarqatdi.
Bildirilishicha, loyiha tahririyatiga maktab oʻquvchilarining ota-onasidan murojaat kelib tushgan. Unda qayd etilishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda ota-onalar qoʻmitasi vakili tomonidan maktab hududida turli mish-mishlar tarqagani va keyinchalik shu kabi holatlarni oldini olish mavzusida tanqidiy ruhda yigʻilish oʻtkazilgan.
Bir guruh qizlarga qoʻpol ohangda, baland ovozda “maʼruza” oʻqilganidan soʻng mish-mish tarqatishda “gumon qilingan” qizlar alohida suhbat uchun boshqa xonaga chaqirilgan. Taʼkidlanishicha, xonada asosan erkaklar boʻlgan. Suhbatdan chiqqan 10-sinf qiz yoʻlakda hushini yoʻqotgan. Taxminlarga koʻra, kuchli stress oqibatida qizning trombi uzilib ketgan, uni qutqarib qolishning imkoni boʻlmagan.
Viloyat MMTB voqea joriy yilning 28-yanvar kuni Olmaliq shahridagi 5-sonli maktabda yuz bergani, 10-sinf oʻquvchisi (2009-yilda tugʻilgan) K.Y. maktab yoʻlagida hushini yoʻqotib, dastlabki tibbiy yordamlarga qarаmay vafot etganini bildirdi.
Boshqarma ayni paytda huquq tartibot organlari tomonidan hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani, yakuniy xulosalar rasmiy tekshiruvlar nihoyasiga yetgach eʼlon qilinishini maʼlum qildi.
Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati rahbari Bobur Toʻlaganov ijtimoiy tarmoqlarda qiz maktabda oʻtkazilgan “tarbiyaviy suhbat”dan soʻng vafot etganini rad etib, voqea hali yigʻilish boshlanmay turib yuz berganini taʼkidladi.
U eʼlon qilgan axborotga koʻra, 9-, 10- va 11-sinf oʻquvchi qizlari bir-birlari haqidagi turli xil mish-mishlar tarqatilishi natijasida oʻzaro kelisha olmay yurgan. Ushbu holat yuzasidan maktab maʼmuriyati, Xotin-qizlar qoʻmitasi vakillari va ichki ishlar organlarining aynan ushbu maktabga biriktirilgan inspektor-psixologlari ishtirokida oʻquvchi qizlar uchun tarbiyaviy soat yigʻilishi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Maktabning 10-sinf oʻquvchisi boʻlgan marhuma boshqa oʻquvchilar qatori aynan ushbu yigʻilishga kelayotgan vaqtida birinchi qavat yoʻlagida oʻzini yomon his qilgan va yerga yiqilib, vafot etgan.
Toʻlaganov, shuningdek, hozirda mazkur holat yuzasidan vakolatli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilayotganini aytib, OAV vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollaridan rasman tasdiqlanmagan gap-soʻzlarni tarqatmaslikni soʻragan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring