Joriy yilda necha nafar pedagog vazir jamgʻarmasi hisobidan ustama olishi aytildi

18:15 06 Fevral 2026 Jamiyat
547 0

Joriy yilda Vazir jamgʻarmasi hisobidan ustama toʻlanadigan pedagoglar soni belgilandi. Bu haqida Taʼlim nazorati Telegram-kanalida maʼlumot berildi.

Unda aytilishicha, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining tegishli buyrugʻi bilan 2026-yilda vazir jamgʻarmasi hisobidan har oylik ustama toʻlanadigan malakali pedagog kadrlarning cheklangan soni 1 ming 900 nafar etib belgilangan.

Xususan:

  • umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun — 1 400 ta;
  • Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tasarrufidagi maktablar oʻqituvchilari uchun — 100 ta;
  • maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilari uchun — 400 ta kvota oʻrni ajratildi.

Kvotalar “Maktabgacha taʼlim”, “Boshlangʻich taʼlim”, “Filologiya fanlari”, “Ijtimoiy fanlar”, “Aniq fanlar”, “Tabiiy va iqtisodiy fanlar”, “Amaliy fanlar” yoʻnalishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida taqsimlangan.

Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining jamgʻarmasi toʻgʻrisida”gi Nizom talablariga koʻra, saralash jarayonlarining birinchi bosqichi oʻtgan yilning yanvar iyun va sentyabr dekabr oylarida boʻlib oʻtgan malaka sinovlarining belgilangan tartib boʻyicha aniqlangan natijalari asosida oʻtkaziladi.

Mazkur natijalar joriy yilning 1-mart kuniga qadar tahlil qilinadi va nomzodlar roʻyxati shakllantiriladi. Birinchi bosqich natijalari boʻyicha pedagoglarning pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlariga xabarnoma yuboriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?