Qashqadaryoda reabilitatsiya tizimida yangi yondashuv: tibbiy muolajalardan — kompleks ijtimoiy tiklanishga
Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbariyatining Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan “Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi”ning yangidan barpo etilgan 96 oʻrinli zamonaviy kompleks binosi foydalanishga topshirildi. Ushbu markaz nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash, ularning hayot sifati va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan mamlakatimizdagi ijtimoiy himoya va reabilitatsiya sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning amaliy natijasidir. Basseynda gidroterapiya — suv reabilitatsiyasi xizmatlari joriy etilgan.
Markaz 60 turga yaqin 180 ta zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanib, reabilitatsiya xizmatlarining kompleks tizimi yoʻlga qoʻyildi. Xususan, Alter-G, limfadrenaj, membranali gidromassaj, TMS, EEG, rentgen, EKG, osma relslar, ultratovush diagnostika hamda barcha turdagi laboratoriya tekshiruvlari joriy etildi. Bobat uslubida davolash, manual terapiya, kinezioterapeya, sensor relaksatsiya, logoped va psixologik xizmatlar mavjud.
Ayniqsa, markazda yoʻlga qoʻyilgan krioterapiya muolajasi mamlakatimizda sanoqli reabilitatsiya xizmatlaridan biri boʻlib, yalligʻlanish, boʻgʻim va tizza kasalliklari ogʻriqli sindromlarni davolashda yuqori samara bermoqda. TMS jihozi orqali esa bemorlarda nerv impulslarini oʻtkazish hisobiga harakatlanish funksiyalarini tiklash imkoniyati yaratilmoqda.

Mazkur markazda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida reabilitatsiya tizimiga yoʻnaltirish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, reabilitatsiya markazlarida biznes jarayonlarni raqamlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu esa xizmatlarni shaffof, samarali va fuqarolar uchun yanada qulay qilishga xizmat qiladi.
Eʼtiborli jihati shundaki, bugun reabilitatsiya xizmatlari faqat tibbiy muolajalar bilan cheklanib qolmay, balki tibbiy boʻlmagan ijtimoiy reabilitatsiya yoʻnalishlarini ham qamrab olmoqda. Yaʼni, nogironligi boʻlgan shaxslarning oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish qobiliyatini tiklash, ijtimoiylashuvi, jamiyatga moslashuvi va mustaqil hayot kechirishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan xizmatlar kompleks tarzda koʻrsatilmoqda.
Avvalgi tizimda fuqarolar asosan konservativ muolajalar bilan cheklangan tibbiy muolajalarni olib ketgan boʻlsa, yangi markaz faoliyati doirasida ular kompleks reabilitatsiya xizmatlarini qabul qilmoqda. Bu esa davolash samaradorligini oshirish bilan birga, bemorlarning hayot sifati va jamiyatdagi faolligini tiklashga xizmat qilmoqda.

Markazning 10 nafarga yaqin shifokorlari Koreya va Yaponiya davlatlarida malaka oshirib qaytgan, shuningdek, Koreya Respublikasidan 2 nafar mutaxassis jalb etilgan holda markaz xodimlari, tibbiyot birlashmalari va tizim muassasalari mutaxassislari uchun zamonaviy reabilitatsiya boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Markazda quyidagi kasalliklarga chalingan bemorlarga xizmat koʻrsatilmoqda:
• insult;
• bosh va orqa miya jarohatlari asoratlari;
• suyak-mushak tizimi kasalliklari;
• koksartroz;
• revmatoid artrit;
• osteoartrit;
• umurtqa pogʻonasi kasalliklari;
• osteoxondroz;
• disk churralari;
• bolalar bosh miya falajligi.

2025-yil davomida markazga 1 400 nafardan ortiq shaxsga order berilgan, shundan 614 nafar bemorning funksionalligi tiklandi.
Shu jumladan, fuqaro Nuriddin Bekmurodov baxtsiz hodisa oqibatida qoʻl va oyoqlarida harakat sezgilari yoʻqolgan, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsata olmagan. Markaz mutaxassislari tomonidan koʻrsatilgan kompleks reabilitatsiya xizmatlari natijasida uning qoʻl va oyoq aʼzolarida harakat funksiyalari tiklandi.
“Bugun yangidan qurilgan reabilitatsiya markazi bizga oʻxshagan insonlar uchun haqiqiy imkoniyat yaratdi. Bu yerda nafaqat davolanyapmiz, balki hayotga boʻlgan ishonchimiz ham qayta tiklanyapti”, — deya taʼkidladi Nuriddin Bekmurodov.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Markaziy Osiyoning intellektual merosini ulugʻlashda yangi bosqich Toshkentda boshlanmoqda — The Washington Post
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring