Oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash — davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi
Oʻzbekistonda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Soʻnggi yillarda ushbu yoʻnalishda inson qadrini ulugʻlash, oilaviy barqarorlikni taʼminlash, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrni va rolini kuchaytirishga qaratilgan tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Bugun, 3-fevral kuni Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2026-yildagi ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Anjumanda qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Umida Abdullayeva soʻzga chiqib, oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlar yakunlari, erishilgan natijalar hamda 2026-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar haqida batafsil maʼlumot berdi.
2025-yil davomida Qoʻmita tomonidan asosiy eʼtibor har bir xotin-qiz va har bir oilaning muammosini joyida oʻrganish, ularga amaliy yordam koʻrsatish hamda barqaror daromad manbalarini yaratishga qaratildi. Shu bilan birga, xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, tazyiq va zoʻravonlikka nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish, oilalarda sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlash borasida ham aniq va samarali chora-tadbirlar koʻrildi.
Xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, biznesini va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, oilalar daromadini oshirish maqsadida olib borilgan tizimli ishlar natijasida 2025-yilda 2,3 mln nafar (2025-yil reja – 2 mln nafar) xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan taʼminlashga koʻmaklashildi va 2024-yilga nisbatan 2,4 baravarga ortdi. Shundan, 735 ming 700 nafar xotin-qizlar boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashtirildi.
Shuningdek, 334 ming nafar xotin-qizlar kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi. Jumladan, Qoʻmita tomonidan “Sayxunobod tajribasi” asosida hududiy Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari orqali 103 574 nafar xotin-qizlar oʻquvlarga jalb etildi. Ulardan oʻquv kurslarini yakunlagan 96 752 nafar xotin-qizlarga sertifikatlar topshirildi va shundan 71 049 nafarining bandligi taʼminlandi.

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 187 ming nafar xotin-qizlar axborot texnologiyalari boʻyicha oʻqitildi. Oʻrmon xoʻjaliklari bilan birgalikda gul, limon, daraxt koʻchati yetishtiruvchi, koʻchat payvandlovchi, dorivor giyohlar yetishtirish boʻyicha 14 312 nafar ayollar oʻqitilib, tadbirkorligi yoʻlga qoʻyildi.
Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank, Davlat aktivlari agentligi bilan birgalikda “Ayollar korporativ forumi” konsepsiyasi ishlab chiqilib, xonadonlarda 4 231 ta kichik ishlab chiqarish sexlari, 140 ta Hunarmandchilik sanoat markazlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, 1 160 ta mahallada Xotin-qizlar bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari ishga tushirildi. Markazlar faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-dekabr kuni PF-240-son Farmoni qabul qilindi. Bugungi kunda Farmon ijrosini toʻliq hajmda bajarilishini taʼminlash maqsadida ishlar tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, hududlarga tashriflar davomida 632 nafar ayollar rahbarlik qilayotgan tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan muloqot uchrashuvlari tashkil etildi. Shundan 187 nafarining muammolari batafsil oʻrganib chiqildi, 108 nafarining muammolari joyning oʻzida ijobiy hal etildi.
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Hamroh” kompaniyasi va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamkorligida “Ayol, biznes, innovatsiya” mavzusida xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha oʻquv seminari tashkil etildi. Unda respublika hududlaridan 140 nafar lider tadbirkorlar ishtirok etib, sertifikatlarga ega boʻldi.

Xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, oilani mustahkamlash borasida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarini oldini olish boʻyicha 416 ta taqdimnoma kiritildi, 326 tasiga taʼsir choralari koʻrildi. Sudlarga kiritilgan 737 ta daʼvo arizalarining 683 tasiga asosan sud qarorlari qabul qilindi. Nizolashayotgan 39 410 ta oilalar muammolari hamkorlikda tizimli oʻrganilib, tegishli tartibda yordamlar koʻrsatildi.
Takroriy zoʻravonlikni oldini olish maqsadida xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan 9237 nafar shaxslar tuzatish dasturidan oʻtishga yoʻnaltirildi. Huquqbuzarlik sodir etgan 37 368 nafar xotin-qizlar profilaktik hisobdan chiqarildi.

25-noyabr-10-dekabr kunlari “Ayollar va qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonliklarga barham berish uchun birlashaylik” mavzusida targʻibot tadbirlari doirasida 27 308 ta targʻibot tadbirlari tashkil etildi. Shu bilan birga, 56 788 nafar xotin-qizlarning oilalariga huquqiy, 36 597 nafariga psixologik yordamlar, 141 321 nafariga moddiy yordamlar, 62 749 nafarining oilalariga tibbiy yordamlar koʻrsatildi.
Mahalla xotin-qizlar faollarining ish uslubiga koʻmaklashish, ularning bilim va malakalarini oshirish boʻyicha 5 ta yoʻnalishda 2 729 nafar mahalla xotin-qizlar faollari uchun malaka oshirish oʻquvlari tashkil etildi.
Har bir oilaga yetib borish, muammolarni barvaqt aniqlash maqsadida mahallalarda “Teng xizmat koʻrsatish” loyihasi 28 ta tuman (shahar) da pilot loyiha sifatida joriy etildi. Loyiha doirasida 751 747 ta xonadonlar xatlovdan oʻtkazildi, jami 23 367 ta muammolar aniqlanib, hal etish choralari koʻrib chiqilmoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanayotgan xotin-qizlarning raqamli savodxonligini oshirish, ularni sunʼiy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanishga keng jalb etishga qaratilgan “Raqamli ayol – yangi imkoniyatlar davri” Forumi tashkil etildi. Qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha Memorandum imzolandi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1 022 476 nafar xotin-qizlarning 1 020 981 nafariga (99,9%) amaliy yordam koʻrsatildi.

“GAP” ayollar IT klubi loyihasi doirasida “Ayollar daftari” hamda “Kambagʻal oilalar reyestri” ga kiritilgan va boshqa xotin-qizlarni raqamli savodxonligini oshirish, sunʼiy intellekt va AT sohasidagi boshqa yoʻnalishlarda malakasini oshirish boʻyicha 28 ta video darsliklar ishlab chiqildi va oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Qoʻmita qoshidagi Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Erta va yaqin qarindoshlar oʻrtasida nikohga qarshi birga kurashamiz”, “Sogʻlom oila — kelajak poydevori” nomli ilmiy-metodik qoʻllanmalar, “Oilada oʻzaro ishonch va hurmatni saqlaylik”, “Baxtli oila sirlari”, “Sogʻlom oilaviy munosabatlar”, “Oilaviy munosabatlarni mustahkamlovchi qadriyatlar” kabi 14 ming nusxadan ortiq bukletlar mahalladagi xotin-qizlar faollariga yetkazildi.
Reproduktiv maslahat va jamoatchilik koʻmagiga muhtoj oilalar bilan olib borilgan profilaktik tushuntirish ishlari natijasida, erta va qarindoshlar oʻrtasida nikohni rejalashtirgan oilalarda aniqlangan 1 350 ta muammolardan 498 ta salbiy holatlar oldi olindi. 323 694 nafarining sogʻlom turmush tarziga rioya etish toʻgʻrisidagi fikrlari oʻzgardi.

Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda yosh oilalarda milliy qadriyatlarga asoslangan farovon va barqaror oilalarni shakllantirishga qaratilgan “Masʼuliyatli ota-onalik” veb-sayti va mobil ilovasi ishlab chiqilib, 5 moduldan iborat onlayn oʻquv kurslari joriy etildi.
Onkologik kasalliklarni erta aniqlashni tashkil etish borasida 3 mln 890 ming nafar ayollar onkoskrining tekshiruvidan oʻtkazildi, 3 323 nafari mutaxassis tekshiruviga yuborildi. Natijada, 2 589 nafarida kasallik erta bosqichda aniqlanib, 3 245 nafari sogʻlomlashtirishga jalb etildi.
Respublikadagi 206 ta tuman va shaharlarda “Oila va xotin-qizlar maskanlari” tashkil etildi. Ushbu maskanlar faoliyatiga 1 083 nafar mutaxassislar jalb qilinib, 300 mingdan ortiq xizmatlar koʻrsatildi. Xususan, 168 445 nafar nikohlanuvchilar, 29 780 ta notinch va nizoli oilalar, 39 985 ta yosh oilalar ota-onalik dasturiga hamda 35 937 nafar xotin-qizlar tadbirkorlik va daromad topishga oʻqitildi.
Shuningdek, 52 536 nafar xotin-qizlarga psixologik, 41 963 nafariga huquqiy yordamlar koʻrsatildi. 44 740 ta oilada tibbiy va sogʻlom turmush tarzi targʻiboti olib borildi. 11 252 ta nizoli oilalarga mediativ, metodik, konsultativ va amaliy yordamlar koʻrsatildi. 26 411 nafar xotin-qizlar fitnes va raqs guruhlariga jalb etildi.

“Yangi Oʻzbekistonning ibratli harbiy oilasi” koʻrik-tanlovi, “Ibratli oila” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun nomzod oilalarni saralash tadbirlari natijasida ibratli oilalarning soni 160 mingdan ortdi. Bu yil 2 000 ta oila “Ibratli oila” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi va 2024-yilga nisbatan 9,6 baravarga ortdi. Bugungi kunda ular oilalardagi nizolarning oldini olishda faol koʻmak berib kelmoqda.
Olib borilgan ishlar natijasida nikohni qonuniy rasmiylashtirmasdan yashayotgan 15 141 ta oilaning 11 579 tasining (76,4 foizi) nikohi rasmiylashtirildi. 37 817 ta oilaviy ajrim yoqasidagi oilalardan 32 507 tasining ajralib ketishini va 46 mingdan ortiq voyaga yetmagan bolalarning notoʻliq oila farzandi boʻlib qolishining oldi olindi.
Davlatimiz Rahbarining koʻrsatmalari bilan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish uchun bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha davlat granti soni 2 mingtadan 4 mingtaga, davlat organlari va tashkilotlarda mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar uchun toʻlov-kontrakt asosida qabul kvotasi 500 tadan 2,5 mingtaga (5 baravar) oshirildi.
Qoʻmita tomonidan “Tavsiyanoma.ijro.uz” elektron platformasi orqali 17 955 nafar toʻliqsiz, ehtiyojmand hamda mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlarga tavsiyanomalar berildi. 2025-2026-oʻquv yilida jami 255 402 nafar xotin-qizlar oliy taʼlimga talabalikka qabul qilindi. Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar salmogʻi avvalgi yillarga nisbatan 2 barobarga oshirilib, 32 foizga yetdi.
Jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan 334 nafar ayollar “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Oʻzbekiston zaminida yashab oʻtgan mashhur va buyuk ayollar hamda hozirgi kunda rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan 19 nafar ayollar haqidagi maʼlumotlar oʻzbekcha Wikipediaʼga joylashtirildi.
Vazirliklar, idoralar, korxona va tashkilotlar va ularning tizimlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash boʻyicha maslahat kengashlari soni 155 tadan 13 ming 584 taga yetkazildi va 87,6 baravarga ortdi, xotin-qizlar masalalari bilan ishlovchi masʼullar soni 13 ming nafardan oshdi.
Bundan tashqari qoʻmita qoshida “Ayol maʼrifati” ilmiy-ijodiy jamoatchilik kengashi va uning vertikal tuzilmasi yaratildi. Uning tarkibiga 1000 ga yaqin olima va ijodkor ayollar jalb etilib, Kengash tomonidan 3 ta yirik loyihalar amalga oshirildi.
Toʻy, maʼraka va boshqa oilaviy marosimlarni kamxarj va kamchiqim oʻtkazish maqsadida hamkor vazirlik va idoralar bilan “Maromiylik” dasturi joriy qilindi. Qoʻmita tomonidan oqilona isteʼmol meʼyorlariga rioya qilinishi borasida targʻibot ishlari olib borildi.
Milliy qadriyatlarni targʻib qilish maqsadida haftaning juma kuni “Milliy liboslar kuni” deb eʼlon qilinib, 204 mingdan ortiq maʼrifiy tadbirlar, chellenjlar tashkil etildi. 2025-yil sentyabr oyida oʻtkazilgan “Xon atlas” festivalida esa respublikaning barcha hududlarida, mehnat jamoalarida, taʼlim muassasalarida 8,5 mln. nafardan ortiq xotin-qizlar jalb etildi.
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmita bilan hamkorlikda turli millatlar vakillari ishtirokida “Xalqlar onalari mushtarakligi — Alla festivali” oʻtkazildi. Uning anʼanaviyligini taʼminlash rejasi belgilandi.
Muhsinjon Umurzoqov, (“Xalq soʻzi“)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring