Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qatar Davlatiga amaliy tashrifi yakunlandi

14:23 04 Noyabr 2025 Siyosat
224 0

Tashrif doirasida davlatimiz rahbari Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etib, unda barqaror va inklyuziv ijtimoiy taraqqiyotni amalga oshirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni yaxshilash boʻyicha global sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari Doha shahrida Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan ham samarali muzokara oʻtkazdi.

Shayx Hamad nomidagi xalqaro aeroportda Oʻzbekiston Prezidentini Bosh vazir oʻrinbosari, mudofaa vaziri Shayx Saud bin Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi.

Davlatimiz rahbari AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etish uchun Vashington shahriga joʻnab ketdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Prezidentimiz AQSH Prezidenti Donald Tramp, Kongress Senati va Vakillar palatasi aʼzolari, AQSH vazirlik va idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazadi.

Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoning AQSH bilan mintaqalararo hamkorligini chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqiladi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida AQSHning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari ishtirokida uchrashuv va tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Tadbirlar yakunida qator ikki va koʻp tomonlama hujjatlar qabul qilinishi koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер