Oʻzbekiston Prezidenti global ijtimoiy adolatni mustahkamlash boʻyicha tashabbuslarni ilgari surdi

13:55 04 Noyabr 2025 Siyosat
210 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni Doha shahrida oʻtayotgan Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etdi.

Anjuman ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, BMT Bosh Assambleyasi Raisi Annalena Berbok, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi raisi Lok Bahodir Txapa, davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.

Prezidentimiz soʻzining avvalida forumga yuksak darajada tayyorgarlik koʻrilgani uchun tashkilotchilarga minnatdorlik bildirib, global ijtimoiy taraqqiyot uchun muhim maydon boʻlgan sammit aynan Doha shahrida oʻtkazilayotgani katta ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda Qatar ijtimoiy inklyuzivlik va jadal taraqqiyot markaziga aylanib borayotganini taʼkidlab, ushbu mamlakat xalqini erishilgan muvaffaqiyatlar bilan samimiy tabrikladi.

Prezidentimiz bugungi kunda jahon hamjamiyati va milliy hukumatlar ijtimoiy farovonlikni taʼminlash hamda aholi turmush darajasini oshirish yoʻlida birgalikda harakat qilayotganini taʼkidladi. Oʻzbekiston, oʻz navbatida, barqaror taraqqiyotga erishishga qaratilgan xalqaro hamkorlikning barcha formatlari va tashabbuslarini doim qoʻllab-quvvatlaydi.

Keyingi yillarda Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvor boʻlgan, ijtimoiy adolat taʼminlangan, aholining ehtiyojmand qatlamlari samarali himoya qilingan ijtimoiy davlat barpo etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Oxirgi yillarda kambagʻallik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishdik. Biz bu yoʻldagi islohotlarni bundan keyin ham davom ettiramiz, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Kambagʻallikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligi taʼkidlandi.

– Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambagʻallikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish vaqti keldi deb hisoblaymiz, – dedi Prezidentimiz.

Shu munosabat bilan kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga amaliy koʻmak beradigan Global ijtimoiy adolat fondini taʼsis etish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari bandlik masalalarini samarali hal qilish uchun zamonaviy mexanizmlarni joriy etish muhimligini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, yuqori texnologiyalar va sunʼiy intellektning jadal rivojlanishi dunyo boʻylab millionlab ish oʻrinlarining qisqarishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda xodimlarni qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy sheriklik tamoyillarini mustahkamlash uchun davlat, biznes va jamiyatning faol hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz “Ijtimoiy masʼuliyat va munosib mehnat boʻyicha global tashabbus”ni ishlab chiqish taklifi qoʻllab-quvvatlanishiga umid bildirdi.

Barcha uchun taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish ijtimoiy muammolarni hal qilishning eng samarali yoʻllaridan biri ekani taʼkidlandi.

Ekspertlarning hisob-kitoblariga koʻra, savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSH dollarini tashkil etadi.

Bu Prezidentimiz taʼkidlaganidek, yoshlarning jamiyatda va mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishini qiyinlashtiradi, ijtimoiy tengsizlikni esa kuchaytiradi.

Davlatimiz rahbari kuni kecha boʻlib oʻtgan Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashish boʻyicha global alyansning birinchi yigʻilishida qabul qilingan qarorlarni Oʻzbekiston toʻliq qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

Alyansning boʻlajak sammitlaridan birini Oʻzbekistonda oʻtkazish va taʼlim masalalarini kun tartibining asosiy mavzusi etib belgilash taklif qilindi.

Mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolarini tizimli himoya qilish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan birgalikda Toshkent shahrida migrantlar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish boʻyicha xalqaro forum oʻtkazishga hamda bu borada Global dastur qabul qilishga tayyor.

Prezidentimiz iqlim oʻzgarishining ijtimoiy hayotga taʼsiri tobora kuchayib borayotganini taʼkidladi. Ekstremal ob-havo hodisalari, choʻllanish va biologik xilma-xillikning yoʻqolishi, avvalo, aholining zaif qatlamlari – fermerlar, mavsumiy ishchilar, ekologik vaziyati murakkab boʻlgan hududlarda istiqomat qiluvchi odamlar hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishni bandlik dasturlari bilan uygʻunlashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrish zarurligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston BMT tomonidan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilingan Orolboʻyi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi modelini ishga tushirish niyatida ekanini maʼlum qilib, mazkur tajribani jahon hamjamiyati bilan boʻlishishga tayyorligini bildirdi.

Sammitda qabul qilingan qarorlar butun dunyodagi millionlab odamlarga umid bagʻishlashi, barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga katta hissa qoʻshishiga ishonch bildirildi.

– Xalqaro taraqqiyot yoʻlida ijtimoiy kelishuvni yangilash, har bir inson uchun munosib hayot tarzini yaratish bizning asosiy burchimizdir, – dedi davlatimiz rahbari.

Yakunda Oʻzbekiston Prezidenti sammitda qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini va uning barcha tamoyillarini hayotga tatbiq etishga tayyorligini tasdiqladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер