III Osiyo yoshlar oʻyinlari gʻoliblariga 2000 dollardan pul mukofotlari berildi

13:04 04 Noyabr 2025 Sport
370 0

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Milliy Olimpiya qoʻmitasida “Bahrayn-2025” III Osiyo yoshlar oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Davlat madhiyasi yangrashi bilan boshlandi. Shundan soʻng, musobaqada yosh sportchilarimiz erishgan yutuqlarni aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi.

Marosim davomida “Bahrayn-2025” Osiyo yoshlar oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar hamda ularning murabbiylariga maxsus sertifikatlar topshirildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili Odil Abduraxmonov, sport vaziri Adham Ikramov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov hamda Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Durdona Rahimova ishtirok etib, yosh sportchilarni erishilgan tarixiy gʻalabalar bilan tabrikladilar. Ular oʻz nutqlarida bugungi yutuqlar mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyat va eʼtibor samarasi ekanini alohida taʼkidladilar.

Tadbir davomida taekvondo boʻyicha “Bahrayn-2025” Osiyo yoshlar oʻyinlari chempioni Omadbek Otabekov hamda boks boʻyicha Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiyi Sirojiddin Naimov soʻzga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun minnatdorchilik bildirdilar.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

– Gʻalaba men uchun katta arenalarga ochilgan yoʻlning boshlanishi. Oldinda juda katta maqsadlarim bor – kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati va albatta, Olimpiada medalini yurtimizga olib kelish. Shu maqsad yoʻlida yanada qattiqroq mehnat qilaman, – deydi chempion Omadbek Otabekov. – Erishgan gʻalabamiz ustozlarim, ota-onam va butun yurtimiz uchun katta sharaf. Final bellashuvida gʻalaba qozonganimda, Vatanimiz bayrogʻi baland koʻtarildi. Har bir sportchi uchun yurt bayrogʻini xalqaro arenalarda koʻtarish eng katta baxt.

Tantanali marosim yakunida yana bir muhim voqea – 2029-yilgi Osiyo yoshlar oʻyinlari Toshkentda oʻtkazilishi munosabati bilan Oʻzbekiston faxri, “Parij-2024” yozgi Olimpiadasi chempioni Diyora Keldiyorova hamda “Bahrayn-2025” oʻyinlarining ikki karra chempioni Munisbek Davletov tomonidan Osiyo Olimpiya kengashining bayrogʻi mazkur nufuzli sport tashkiloti madhiyasi sadolari ostida MOQ hovlisida koʻtarildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Bu voqea nafaqat yosh sportchilarimiz uchun, balki butun Oʻzbekiston uchun faxr va gʻurur bagʻishladi. Yoshlarimizning xalqaro musobaqalardagi gʻalabalari mamlakatimiz sport salohiyatining yuksakligini, yangi avlod sportchilarining kuchi, irodasi va mehnatsevarligini yana bir bor namoyon etdi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Ulugʻbek Roʻzimatov,
Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер