Narkojinoyatlarga qarshi kurashish, kiberxavfsizlik va prokurorlik nazorati sohalaridagi ishlarning samaradorligi yanada oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish hamda prokuror nazoratini raqamlashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda narkojinoyatchilik butun insoniyat uchun yangi global xavf-xatarga aylanayotgani qayd etildi. Tahlillarga koʻra, dunyoda 400 milliondan ortiq odam bu illatga duchor boʻlgan, uning oqibatida yiliga 300 mingga yaqin odam vafot etyapti.
Afsuski, mazkur illat mamlakatimizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Yil boshidan 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlab qolindi. Bunday jinoyatlarning shakl va turlari yildan yilga koʻpayib, qamrovi ortib borayotgani narkojinoyat va giyohvandlikka qarshi kurashishni kompleks ravishda tashkil qilish kechiktirib boʻlmaydigan vazifa ekanini koʻrsatmoqda.
Yigʻilishda sohadagi mavjud salbiy tendensiyalar tahlil qilindi.
Jumladan, keyingi paytlarda isteʼmoli oson, yashirish va tarqatish qulay dori shaklidagi psixotrop va sintetik moddalar anʼanaviy narkotiklar oʻrnini egallamoqda, ularning tarqalishi asosan yoshlar orasida yuz bermoqda, sintetik narkotiklar yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali kontaktsiz shaklda oʻtkazilmoqda, narkotiklarni tarqatish manbasi boʻlgan uyushgan jinoyatchilik transchegaraviy xususiyatga ega.
– Shu bois, milliy qonunchiligimizga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yoʻqotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti keldi, – dedi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilar narkotiklarning noqonuniy aylanishiga barham berish boʻyicha reja va takliflarini taqdimot qildi. Jumladan, aholi salomatligi va millat genofondini ushbu xavfdan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar hamda mexanizmlar taklif sifatida kiritildi.
Bunda oʻquvchi va talabalar orasida narkotiklarning tarqalishiga batamom chek qoʻyish, yoshlarda bu illatga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan taʼsirchan amaliy harakatlarni amalga oshirishni barcha masʼul organlar va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilash zarurligi alohida qayd etildi.
Birinchi navbatda, yoshlar orasida narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali qatʼiy barham berish hamda yoshlarga nisbatan sodir etiladigan narkojinoyatlar uchun javobgarlikni ogʻirlashtirish, narkotiklarni internet orqali tarqatish, uyushgan guruhlar va narkolaboratoriyalar, ularga rahnamolik qilayotgan mansabdor shaxslarni aniqlash va chek qoʻyishga qaratilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatini yoʻlga qoʻyish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Shuningdek, voyaga yetmagan va yoshlar orasida giyohvandlikning diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi tizimi tubdan takomillashtiriladi.
Taqdimotda 100 dan ziyod tezkor-profilaktik, tashkiliy-tarbiyaviy, targʻibot-tashviqot chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish boʻyicha 2025-2026-yillarga moʻljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi loyihasi davlat rahbari tomonidan maʼqullandi hamda bu borada uzluksiz ishlash tizimini joriy etish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari ham muhokama qilindi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 31 milliondan ortiq aholi internetdan foydalanmoqda. Shu bilan birga, soʻnggi besh yilda yurtimizda kiberjinoyatlar soni esa 68 barobarga koʻpaygan. Joriy yilning oʻzida 46 mingdan ortiq kiberjinoyat aniqlangan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trillion soʻmdan oshgan.
Fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari, bank kartalari va elektron imzolari boʻyicha amalga oshirilayotgan firibgarliklar soni keskin ortib bormoqda. Jinoyatlarning katta qismi internet orqali amalga oshirilib, eng koʻp tarqalgan usullardan biri – bank kartalari orqali sodir etilayotgan kiberfiribgarlik hisoblanadi.
Shaxsiy maʼlumotlar himoyasi boʻyicha aniq mexanizm mavjud emas, ayrim tadbirkorlik subyektlari mijozlarning maʼlumotlarini ochiq bazalarda saqlamoqda. Davlat xizmatlari sohasida ham biometrik identifikatsiya va elektron raqamli imzolardan foydalanishda kiberxavfsizlik boʻyicha yetarli kafolatlar taʼminlanmagan.
Shuningdek, bank tizimida kiberhujumlarning oldini olish, shubhali pul operatsiyalarini aniqlash va tezkor chora koʻrish mexanizmlari yetarli darajada samarali ishlamayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Shu bois, taqdimotda sohaning huquqiy, texnologik va ilmiy-uslubiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilar bu borada ishlab chiqilgan yechimlarni bayon qildi.
Shaxsga doir maʼlumotlar bilan ishlashda kiberxavfsizlik talabini, bunday maʼlumotlarni shifrlab saqlash tartibini joriy etish, maʼlumotga ishlov beruvchi shaxslarning reyestrini yuritish, sohadagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Bank sohasida onlayn-mikroqarz ajratishda firibgarlar taʼsirini cheklovchi zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish, firibgarlik natijasida jabrlanuvchining nomiga olingan mikroqarzni undan undirmaslik, shubhali bank hisobvaraqlarini bloklashni tunu kun rejimda yoʻlga qoʻyishning mexanizmlari taklif qilindi.
Kiberjinoyatchilikning yangi turlari – smart qurilmalarga hujumlar, kriptoaktivlarni noqonuniy egallash kabi tahdidlarning oldini olish boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari takliflarni maʼqullab, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining salohiyatini oshirish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini kuchaytirish, jumladan, ularni tezkor fosh etish boʻyicha 7 turdagi yangi ekspertizani yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.
Soha va tarmoqlarni raqamlashtirishdan asosiy maqsad – byurokratiya va korrupsiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash.
Masalan, davlat xaridlarida tanlov va tenderlar raqamlashgani uchun shu yilning oʻzida 7,5 trillion soʻm tejaldi. Bugun aholi va tadbirkorlarga 1 mingga yaqin davlat xizmatlari masofadan turib koʻrsatilmoqda.
Shu bilan birga, yil boshidan buyon davlat organlari tomonidan 7 mingdan ziyod qonunga zid hujjatlar qabul qilingani, shuningdek, nazorat idoralarining faoliyatida 12,5 ming nafar tadbirkorning huquqi buzilgani koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan qonunlar ijrosi ustidan masofaviy nazorat tizimini yaratish, davlat idoralarida qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligini tekshirish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish zarur.
Taqdimotda Bosh prokuratura tizimida raqamli prokuror nazoratini joriy etish, tekshiruvlar va monitoring jarayonini avtomatlashtirish boʻyicha takliflar haqida axborot berildi. Bu orqali qonun buzilishlarini erta aniqlash, masʼul shaxslarning harakatlarini real vaqt rejimida kuzatish hamda prokuror nazoratini shaffof va samarali tashkil etishning imkoni yaratiladi.
Hozirda tergovchilarning ishini baholash boʻyicha yagona tizimning yoʻqligi, hisobotlarning “qoʻlda” yuritilayotgani, jinoyat ishlarining hali ham qogʻoz shaklida saqlanayotgani ish samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Hisobot tayyorlash jarayoni bir haftagacha vaqt olmoqda.
Yil boshidan buyon tergov organlari tomonidan 1300 ta qarorni qabul qilishda protsessual tartiblarga amal qilinmagani, kamchiliklar tufayli 637 ta jinoyat ishining materiallari sudlar tomonidan tergovga qaytarilgani maʼlum qilindi.
Shu bois, jinoyat haqida xabar kelib tushganidan tortib, sud qarori ijrosigacha boʻlgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish, tergov faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish vazifasi belgilandi. Bu tizim tergov jarayonini tezlashtiradi, inson omilini kamaytiradi va masʼuliyatni oshiradi.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar orqali sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish uchun sunʼiy intellekt, kiberhuquq va raqamli huquq yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlashni boshlash vazifasi qoʻyildi. Bu orqali sohada zamonaviy tahlil usullaridan foydalana oladigan, raqamli xavf-xatarlarni oldindan aniqlaydigan va ularga samarali javob berishga qodir professionallar qatlamini shakllantirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring