Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasining yangi markaziga aylandi — Pakistan Observer

19:57 07 Oktyabr 2025 Jamiyat
299 0

Xalqaro ekspert, bir necha xalqaro loyihalar muallifi doktor Mehmud ul Hasan Xonning Oʻzbekiston buyuk mutafakkirlar, donishmandlar va yaratuvchan shaxslar zamini sifatida tarixda alohida oʻrin tutgani, bilimga asoslangan jamiyat, mantiqqa tayangan ishonch, barqarorlik va farovon hayot ruhini eʼtirof etgani haqidagi maqolasi Pokistonning “Pakistan Observer” nashrida eʼlon qilindi.

Muallif maqolada bugun Oʻzbekiston yana bir bor Markaziy Osiyoda tarixiy ahamiyat kasb etuvchi mamlakat sifatida eʼtirof etilayotganiga eʼtibor qaratarkan, “buning yorqin namunasi sifatida yangi barpo etilgan “Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (ISM)”ni koʻrsatish mumkin”, deb yozadi.

Maqolada keltirilishicha, Toshkentdagi tarixiy Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan bu markaz madaniy va ilmiy jihatdan ulkan ahamiyatga ega inshoot boʻlib, koʻp madaniyatlilik, etnik xilma-xillik, bagʻrikenglik, dinlararo totuvlik va ilmiy tafakkur uchun mukammal maydon boʻlib xizmat qiladi.

ISMning bunyod etilishi Oʻzbekiston Respublikasini dunyodagi eng yirik madaniyat markazlari — Parijdagi Luvr, Vashingtondagi Smitson instituti va Arab dunyosi instituti qatoriga qoʻshdi. U zamonaviy muzey, ilmiy tadqiqot majmuasi, islom sivilizatsiyasining yaratuvchanlik va muloqotdagi rolini namoyon etuvchi markaz, ilm, innovatsiyalar, kutubxona va taʼlimni birlashtirgan yagona maskan sifatida yangi avlod olimlari, tadqiqotchilari va mutafakkirlarini ilhomlantiradi.

Markaz Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 23-iyundagi farmoni bilan tashkil etilgan. 2018-yil 15-iyun — Ramazon hayiti kuni uning poydevoriga tamal toshi qoʻyilgan. 2025-yil noyabr oyida ommaga ochilishi rejalashtirilgan ushbu markaz Oʻzbekistonning boy islomiy merosini asrab-avaylash va ulugʻlash borasidagi qatʼiy irodasini aks ettiradi.

Markazdagi sanʼat asarlari tarixchilar, meʼmorlar va ustalar tomonidan puxta tanlab olingan boʻlib, ular Oʻzbekiston tarixiga sayohat qilib, islom olimlarining fan, madaniyat va taʼlim sohasidagi buyuk hissasini yoritadi. Shu bilan birga, markaz yoshlar orasida insonparvarlik, tarixga hurmat va bagʻrikenglikni targʻib etadi, tinchlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi UNESCO va ICESSO kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritib, madaniyatlar va dinlar oʻrtasidagi muloqot uchun ideal platforma yaratadi. U har tomonlama taʼlimni rivojlantirib, ekstremizmga qarshi tura oladigan, islomning tinchlikparvar mohiyatini, bagʻrikenglik, taraqqiyot va uygʻunlik qadriyatlarini targʻib etadi.

Markazda besh asosiy boʻlim mavjud:

• Qurʼoni Karim zali

• Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari,

• Birinchi Renessans,

• Ikkinchi Renessans va Xonliklar davri,

• Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori.

Ular insoniyat taraqqiyotidagi uzviylik, madaniy va ilmiy izchillik hamda sivilizatsiyalararo muloqotni ifodalaydi.

Markazda restavratsiya laboratoriyasi, konferensiya zallari va UNESCO , ICESSO , Oksford Islom Tadqiqotlari Markazi kabi xalqaro tashkilotlarning ofislari joylashgan. Shuningdek, Turkiya, Rossiya va Markaziy Osiyoning yuzdan ortiq ilmiy muassasalari, muzeylari va kutubxonalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

ISM — Islom madaniy merosi uchun global markaz sifatida Malayziyadagi Islom sanʼati muzeyi, Turkiyadagi Sulaymoniya kutubxonasi, Qozogʻistondagi Azret-Sulton majmuasi va Italiyadagi Bolonya universiteti kutubxonasi kolleksiyalarini namoyish etuvchi xalqaro koʻrgazmalarga mezbonlik qiladi. U zamonaviy ekstremizmga qarshi maʼrifat orqali kurashishda, tinchlikni targʻib etishda va global muloqotga zamin yaratishda muhim oʻrin tutadi.

Shunday qilib, Oʻzbekiston ISM qurilishi orqali Islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatidagi rolini yanada mustahkamlamoqda. Bu markaz islom merosining qayta tiklanishi, Markaziy Osiyoning jahon madaniyatiga qoʻshgan hissasining ramziga aylandi. Shu sababli, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi milliy faxr va xalqaro muloqot oynasi sifatida eʼtirof etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini nafaqat milliy oʻzlikni mustahkamlash, balki islomning bagʻrikenglik, maʼrifat va taraqqiyot qadriyatlarini butun dunyoga yoyish maqsadida strategik loyiha sifatida ilgari surgan.

Dunyodagi eng qadimiy Qurʼon nusxalaridan biri — Usmon musxafining Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanishi bu markazni oddiy muzey emas, balki islom sivilizatsiyasining ruhiy guvohiga aylantiradi.

Bu orqali Oʻzbekiston dunyoga aniq bir xabar yubordi: Markaziy Osiyo islom merosini asrovchisi boʻlish bilan birga, intellektual uygʻonish va jahon madaniyatining yangi drayveriga aylanmoqda.

Yaqinda dunyoning 100 dan ortiq xalqaro ekspertlari Oʻzbekistonda toʻplanib, islom merosini oʻrganish va asrash borasidagi ushbu muhim tashabbusni muhokama qildilar. Ularning barchasi bu markazni “Islom merosi namoyishi yoʻlidagi muhim burilish” deb eʼtirof etishdi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida Prezident Mirziyoyev markazni tarixiy ahamiyatga ega, asrlar davomida xalq xizmatida boʻladigan inshoot sifatida taʼriflab, uning har bir naqshi tarixga muhrlanishini taʼkidladi. U bu loyihani “Islomni ezgulik, insonparvarlik va maʼrifat dini sifatida namoyon etuvchi madaniy va maʼnaviy tashabbus” deb atadi.

BMT Bosh Assambleyasida soʻzlagan nutqida esa Prezident Mirziyoyev shunday dedi:

“Jamiyatda bagʻrikenglik siyosatini izchil davom ettirar ekanmiz, islom maʼrifatparvarligi gʻoyalarini oʻrganish va ularni butun dunyoga targʻib qilish borasidagi saʼy-harakatlarimizni davom ettiramiz.”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер