Toshkentda 4 yoshli bola tarvuzdan zaharlanib vafot etdi

17:47 22 Avgust 2025 Jamiyat
242 0

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda shu yilning 16-avgust kuni poytaxtdagi 4-son shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasida 4 yoshli bolaning vafot etganiga doir xabarlar tarqaldi. Unda marhumning otasi farzandiga shifokorlar beeʼtibor boʻlganni bildirgan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 15-avgust kuni soat 08:30 da 2021-yilda tugʻilgan Z.A. ota-onasi tomonidan 4-son shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasiga ketma-ket qayt qilish, tana harorati koʻtarilishi, ich ketishi, holsizlik va qorin ogʻrigʻi shikoyatlari bilan olib kelingan. Bemorning onasidan shu zahoti epidemiologik anamnez yigʻilgan.

Maʼlum boʻlishicha, oilaning 3 nafar farzandida uyda tarvuz isteʼmol qilgandan soʻng ketma-ket qayt qilish, ich ketish, tana harorati koʻtarilishi belgilari kuzatilgan. Uchala bemor yuqorida nomi keltirilgan shifoxonaga yotqizilgan.

Aynan Z.A.da ketma-ket qayt qilish, ichining suyuq ketishi va tana haroratining 38 darajagacha koʻtarilishi hamda qorin ogʻrigʻi kuzatilgan. Unga “Oʻtkir ichak infeksiyasi, gastroenterokolit turi. Asorati: toksikoz-eksikoz 1-2 daraja” tashxisi qoʻyilgan.

Bola shifoxonaga keltirilishi bilan umumiy va bioximik qon, najas va siydik umumiy tahlillari qilingan. Bakteriologik ekma olingan va qorin boʻshligʻi ultratovush tekshiruvidan oʻtkazilgan. Suvsizlanish (tana harorati balandligi, ketma-ket qayt qilish alomatlari)ni inobatga olgan holda, davolash rejasi tuzilgan. Shu asosda suvsizlanishni bartaraf etish uchun tomir ichiga suyuqlik yuborish muolajasi oʻtkazilgan va antibiotik (etiotrop) terapiya boshlab yuborilgan.

Ana shu saʼy-harakat natijasida 1 sutka davomida bola tana harorati 37,7 darajada boʻlgan, ich ketish kamaygan, qayt qilish va koʻngil aynish belgilari esa saqlanib qolgan. Bola davolovchi boʻlim shifokori nazoratida boʻlib, tibbiyot xodimlari tomonidan konsilium oʻtkazilgan hamda qoʻshimcha davolash rejasi belgilangan.

Bemor soat 20:40 va 23:00 da navbatchi shifokor tomonidan koʻrilgan. Koʻrik vaqtida qusish 4-5-marta davom etgani va tana harorati 37,7 boʻlgani, suvsizlanish belgisi saqlangani kuzatilgan. Suvsizlanish kuchayishining oldini olish uchun tomir ichiga suyuqlik va qusishga qarshi dori vositasi yuborilgan.

Onasi tungi soat 01:50 da navbatchi hamshiraga bolani koʻrsatgan. Hamshira bemor ahvolini koʻrishi bilan uni reanimatsiya boʻlimiga oʻtkazgan. Bu yerda 40 daqiqa davomida reanimatsiya shifokori, navbatchi shifokor va tibbiyot xodimlari tomonidan reanimatsion tadbirlar bajarilgan.

Yuqori nafas yoʻli elektrootsos yordamida tozalangan (elektrootsos ishlashi uchun, yaʼni manfiy bosim hosil qilish uchun elektrootsos apparati ichiga 1-2 litr suv quyiladi), ambu yordamida nafas berilgan, bilvosita yurak yopiq massaji oʻtkazilgan, kerakli shoshilinch tez yordam dori vositalari yuborilgan.

Koʻrilgan tezkor reanimatsion tadbirlarga qaramay, bolada soat 02:30 da biologik oʻlim qayd etilgan. Tashxis: “Oʻtkir yuqumli ichak kasalligi, gastroenterokolit turi. Aspirasion sindrom”.

Bola Respublika sud-tibbiy ekspertizasiga yuborildi va ushbu muassasaning dastlabki tashxisi maʼlum qilindi: “Oʻpka-yurak yetishmovchiligining boshqa turlari, A09 ichak infeksiyasi bilan bogʻliq, deb taxmin qilingan diareya va gastroenterit”.

Hozirgi vaqtda uning oʻlimi boʻyicha huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv olib borilmoqda. Taʼkidlanishicha, mazkur tekshiruv va Respublika sud-tibbiy ekspertizasining yakuniy xulosasidan soʻng bolaning oʻlimi yuzasidan yakuniy maʼlumot beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер