Tayvanlik investorlar Nurota tumaniga 25 million dollarlik sarmoya kiritadi

21:25 09 Yanvar 2024 Jamiyat
522 0

Biyday Qizilqum va Nurota togʻ tizmalari chorrahasidagi Nurota tumani zamini yerosti tabiiy resurslariga boy. Bugungi kunda ushbu hududda granit va marmar kabi qurilish materiallari, bentonitdek sanoat xomashyosi hamda oltin qazib olish va qayta ishlash sanoat usulida yoʻlga qoʻyilib, tuman iqtisodiyotida sanoatning ulushi oshib bormoqda. Tabiiyki, bu imkoniyatlar xorijlik investorlarning ham eʼtiborini tortmoqda.

Yaqinda Tayvandagi bir qator kompaniyalar vakillaridan iborat investorlar Nurota tumani hokimligida qabul qilindi.

Uchrashuvda mehmonlar oʻzlarining biznes taqdimotlarini oʻtkazishib, mezbonlar taqdim etayotgan imkoniyat va salohiyat bilan tanishishdi.

— Hududning investitsiyaviy jozibadorligi bizga juda maʼqul, — dedi “DATATEK TECHNOLOGY” Co., LTD. kompaniyasi rahbari Rey Hang. — Eng muhimi, mehnatkash va salohiyatli mehnat resurslari mavjudligi loyihalarimizni tezroq ishga tushirishimizga imkon beradi.

Tayvanlik investorlar 25 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan investitsiya yoʻnaltirib, “Sorbentlar” guruhiga mansub mahsulotlar (faollashtirilgan koʻmir, sulfat koʻmir, kationitlar va anionitlar, texnik uglerod) ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish hamda marmar va kvars toshiga ishlov berish, oltin qazib olish va qayta ishlash istagini bildirishdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?