Ziyoratgohdan taralgan ziyo
Istam IBROHIMOV/«Xalq soʻzi». Xoja Bahouddin Naqshband – naqshbandiya tariqatining asoschisi. U 1318-yilda Buxoroning Qasri Hinduvon qishlogʻida tugʻilgan. Xoʻja Abduxoliq Gʻijduvoniydan ruhiy tarbiya olgan. Tariqatining asosini “Koʻngling Allohda, qoʻling ishda boʻlsin!” shiori hamda oʻn bir qoida tashkil etadi. 1389-yilda vafot qilgan.
– Ziyoratgohga kelganimda ruhim yengil tortadi, – deydi sakson yetti yoshli Rahmat Abdullayev. — Qadamjodagi obodonchilik ishlarini koʻrib suyunaman. Xayrli ishlar boshida turgan Prezidentimiz haqiga duo qilaman. Ziyoratgohning avvalgi holati bilan hozirgi qiyofasini xayolan taqqoslab, koʻnglimda shukronalik hissi uygʻonadi. Esimda, shoʻro tuzumida bu muqaddas joy xarob ahvolda edi. Hazrat Bahouddin Naqshband qabrlari, Shohlar xilxonasi, masjid, muqaddas suv saqlanadigan saqoxona, xonaqolar nurab qolgan, ne-ne zotlarga soʻnggi makon boʻlgan bu manzil qamishzoru yulgʻunzorga aylangandi.
Oʻsha kezlarda qadamjodagi noxush manzarani koʻrgan ziyoratchilarning koʻngili qabrdek choʻkib ortga qaytardi. Shukrki, u kunlar oʻtmishda qoldi. Bugun Rahmat bobo kabi nuroniy otaxonlar nevaralariga Hazrat Bahouddin Naqshbandning maʼrifat, maʼnaviyat, iymon-eʼtiqod haqidagi oʻgitlarini aytib, ularni mehr-oqibatli boʻlishga, ezgu ishlarning etagidan tutishga daʼvat etmoqda. “Koʻngling Allohda, qoʻling—mehnatda boʻlsin” degan hikmatni yoshlarimiz ongu shuuriga singdirmoqda...
– Majmuada obodonchilik, qurilish, taʼmirlash ishlari istiqlolimizning dastlabki yillaridan boshlandi, – deydi Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi raisi F.Aminov. – Chunonchi, 2003-yilda “Bobi Islom” darvozasi qurildi. Hazrat dafn qilingan joy bilan ul zotning onalari mangu qoʻnim topgan goʻsha yoʻlak bilan birlashtirilib, yaxlit majmua shakliga keltirildi. Anjumanlar zali, ilmiy markaz, mehmonxona va tahoratxonalar qurildi. Yon-atrofda bogʻ-rogʻlar barpo etildi. 1993-yilda Bahouddin Naqshband tavalludining 675-yilligi, 2003-yilda 685-yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu yerdagi bunyodkorlik ishlari yangi bosqichga koʻtarildi.
Oʻrganishlar koʻrsatdiki, qadimda Darvozai Toqi Miyona darvozasi ziyoratgohning asosiy kirish qismi sanalgan. U Abdullaxon II ( 1534-1598) davrida bunyod etilgan. Hozirgi kunda inshoot qayta tiklandi. Natijada yuz yildan soʻng u yana ziyoratchilar uchun xizmat qila boshladi. Bundan tashqari, Doniyolbiy Otaliq tomonidan barpo etilgan madrasa va maqbaralar boʻlgan. Ular koʻngilni, dilni tortadigan maʼnosini anglatuvchi “Dilovar” darvozasiga uygʻun tarzda qurilgan. Afsuski, madrasa oʻtgan asrning 30 – yillarida batamom vayron qilingan. Uning bizgacha yetib kelgan poydevori arxeologlar tomonidan aniqlandi. Saqlanib qolgan eski fotosuratlar, chizmalar, vaqf hujjatlari oʻrganildi. Ular asosida ushbu inshootlar yangidan barpo etilmoqda. Majmua hududida 100 nafar ziyoratchiga moʻljallangan tahoratxona, Tasavvuf va Naqshbandiya taʼlimoti muzeyi, avtomobillar toʻxtash joyi qurildi. Milliy uslubda yangi darvoza tiklandi. Bahouddin Naqshband dahmasiga olib boradigan yoʻlaklar va Dahmai Shohon devorlari taʼmirlandi.
Yetti pir ziyoratgohidan biri sanalgan bu goʻsha nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun ham tabarruk maskandir. Indoneziya, Pokiston, Malayziya, Turkiya singari qator davlatlardan kelgan fuqarolarning buyuk ajdodimiz mangu qoʻnim topgan qadamjoni ziyorat qilayotgani shundan dalolat beradi. Majmua yevropalik sayyohlarda ham katta qiziqish uygʻotmoqda.
– Yurtingizdagi tozalik, obodlik, musaffo osmon, tarixiy obidalar, chehrasi ochiq odamlar, tansiq taomlar haqida bir doʻstimga yozib yuborgandim. Unda Oʻzbekiston aynan, Buxoroni tomosha qilish istagi tugʻildi, – deydi angliyalik sayyoh Karolin Ezbek. – Biz bu yerda tasavvuf tarixi, Naqshbandiya tariqati toʻgʻrisida ham koʻpgina maʼlumotlarga ega boʻldik. Milliy va diniy qadriyatlarni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelayotgan xalqingizga tasanno aytaman.
...Yon-atrofga nazar tashlaymiz. Qadamjo tong sahardan ziyoratchilar va xorijlik sayyohlar bilan gavjum. Quloqqa nafaqat oʻzimizning Fargʻona vodiysi-yu Xorazm lahjasi, balki yapon, koreys, ingliz, nemis, fransuz, arab tillaridagi soʻzlar ham chalinadi. Buning sira ajablanarli joyi yoʻq. Negaki, Naqshbandiya taʼlimoti zamirida millati, dini, tilidan qatʼi nazar, insonni aziz bilish, odamlar koʻngliga mehr-shafqat, muruvvat urugʻini sochish, ehtiyojmandlarga yordam qoʻlini choʻzish, ular qalbida ertangi kunga umid uygʻotish singari olijanob maqsadlar yotadi. Shu boisdan ham bu taʼlimot yuraklarga yaqin. U hech qachon zavol topmaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
- Bosh prokuratura muzeyiga noyob eksponatlar kiritildi
- Oʻzbek polvonlari kurash boʻyicha Jahon chempionatida 72 ta medal bilan birinchi oʻrinni egalladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring