JSST: Kuzda koronavirus yanada avj olishi kutilmoqda

11:28 31 Avgust 2022 Dunyo
853 0

Ertadan kuzning birinchi kuni boshlanadi. Ammo dunyo epidemiologlari ushbu faslda koronavirus yanada tez surʼatlarda tarqalishi mumkin, degan xulosada.

Xususan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyugening maʼlum qilishicha, bu davrda kasallanishlar soni keskin oʻsishi kutilmoqda.

«Yevropa mintaqasida pandemiya boshlanganidan buyon COVID-19ni yuqtirgan bemorlar soni bir necha hafta oʻtib 250 million nafarga yetadi, — deydi u. — Toʻgʻri, biz oʻtgan davrda koronavirusga qarshi kurash borasida katta natijalarga erishdik.

Ammo hali infeksiya keng tarqalishda davom etmoqda. Shifoxonalarga hamon bu kasallikka chalingan bemorlar yotqizilyapti va hanuz juda koʻp oʻlim holatlari kuzatilmoqda.

Masalan, oʻtgan haftaning oʻzida mintaqamizda 3 ming nafarga yaqin kishi mazkur xastalik oqibatida hayotdan koʻz yumdi. Bu dunyo boʻyicha 22-28-avgust kunlari koronavirusdan vafot etganlarning uchdan bir qismini tashkil qiladi».

Xans Klyugening taʼkidlashicha, jahondagi koʻplab mamlakatlar, hatto iqtisodiy ahvoli maqtanarli boʻlmagan davlatlar ham emlash jarayonini uzluksiz davom ettirmoqda.

Ammo Yevropada hali vaksina olmagan millionlab kishilar bor. Endi ana shu odamlarning emlanishi uchun zarur choralarni topish lozim. Ayniqsa, aholining immuniteti zaif qatlamlari, jumladan, keksa yoshli insonlar, yondosh kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar birinchi navbatda buster dozani qabul qilishlari kerak.

Shuningdek, JSST vakili bu mavsumda gripp epidemiyasiga qarshi vaksinalarni ham qoʻllashga alohida eʼtibor qaratish zarurligini qayd etdi.

Eslatib oʻtamiz, soʻnggi haftalarda Yevropa boʻyicha eng koʻp kasallanish holatlari Germaniya va Fransiyada roʻyxatga olinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер