Joriy yilga moʻljallangan strategik islohotlar taqdimot qilindi

20:01 13 Fevral 2024 Siyosat
549 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni joriy yilda amalga oshirish moʻljallangan asosiy strategik islohotlar boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida 2030-yilga borib, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga daromadni 4 ming dollarga yetkazib, bu borada oʻrtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish maqsadi belgilangan. Buning uchun iqtisodiyotda transformatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish, investitsiya va biznes muhitini yanada yaxshilash, qishloq xoʻjaligida yuqori qoʻshilgan qiymatni taʼminlash zarur.

Taqdimotda shu boradagi 5 ta muhim soha – transport, urbanizatsiya va shaharsozlik, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi va energetikadagi islohotlar koʻrib chiqildi.

Iqtisodiyot rivoji uchun bosh omillardan biri bu – transport imkoniyatlari. Mamlakatimiz dengiz yoʻllaridan uzoqligi sababli avia va temir yoʻllarni diversifikatsiya qilishga urgʻu berilmoqda. Oʻtgan yili 6 ta aviakompaniya tashkil qilindi, 28 ta yangi samolyot olib kelindi. Samarqand xalqaro aeroportiga xususiy sektor jalb etildi.

Bu ishlarni davom ettirib, “Uzbekistan Airports” va “Uzbekistan airways” kompaniyalari transformatsiyasini jadallashtirish, aeroportlar boshqaruvini xususiy sektorga berishni kengaytirish zarur.

Hududlarda moliyaviy xizmatlar, elektron tijorat, masofaviy taʼlim va tibbiyot xizmatlari rivojlanishi uchun sifatli internet ham muhim.

Kelgusi yetti yilda yurtimizda aholisi 300 mingdan koʻp boʻlgan shahar va tumanlar soni hozirgi 13 tadan 28 taga yetadi. Ayrim shahar va shaharchalarning bosh rejalari yoʻqligi sababli faqat eniga kengaymoqda. Bu infratuzilma xarajatlari oshishiga va qishloq xoʻjaligi yerlari kamayishiga olib kelmoqda. Shu bois urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish boʻyicha konsepsiya va qonun ishlab chiqishga ehtiyoj bor.

Biznesga yanada qulay muhit yaratish uchun yoʻl, ichimlik suvi, taʼlim, tibbiyot kabi sohalarda xususiy sheriklik qoidalarini aniq belgilash zarur. Ayni paytda tarmoq va hudud rahbarlari bilan birga bunday loyihalar dasturini ham shakllantirib borish joiz.

Davlatning ayrim funksiyalarini, jumladan, hududlarni obodonlashtirish, erkin iqtisodiy zonalarni boshqarishni xususiy sektorga berish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Qishloq xoʻjaligi aholini oziq-ovqat va ish bilan taʼminlashda katta oʻrin tutadi. Lekin uning ayrim tarmoqlarida ish tartibi haliyam eskicha. Shu bois hosildorlikni oshirish va tannarxni kamaytirish, sohaga innovatsiyalarni olib kirish boʻyicha aniq yechimlar kerak.

Iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolish uchun, eng avvalo, barqaror energiya taʼminoti zarur. Bu yil jami 50 milliard dollarlik 122 ta yangi yirik investitsiya loyihalari boshlanadi. Shu bilan birga, aholi soni va korxonalar ham koʻpayib bormoqda. Yaqin yillarda energiyaga ehtiyoj kamida 1,5 barobar oshadi. Buning ustiga, ayrim tarmoqlarda energiya sarfi hamon yuqori.

Davlatimiz rahbari ushbu sohalarga oid takliflar bilan tanishib, ular boʻyicha huquqiy asos va investorlar uchun mustahkam kafolatlar yaratish zarurligini taʼkidladi.

– 2024-yilda bozor iqtisodiyoti poydevorini qurishning barcha jarayonlarini yakunlab, 2025-yilda milliy iqtisodiyotimizni sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqishimiz shart, – dedi Prezident.

Islohotlar jarayoniga mamlakatimizning barcha ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilib, keng qamrovli “yoʻl xaritasi” tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер