Jonkuyar olim yodi — hamisha qalblarda

10:17 13 May 2025 Jamiyat
129 0

Rahmatjon BOBOJONOV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston Milliy universitetida yurtimizdagi “Ijtimoiy falsafa” va “Madaniyat falsafasi” ilmiy maktabi asoschisi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, falsafa fanlari doktori, professor, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi Said Shermuhamedovning 95 yillik yubileyi munosabati bilan xotira kechasi boʻlib oʻtdi. Unda olimlar, bir qator oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari jam boʻldi.

Tadbirda mutasaddilar, bir guruh olim va professorlar soʻzga chiqib, jonkuyar olimning Oʻzbekiston ilm-faniga qoʻshgan beqiyos hissasi, yetishtirgan shogirdlari, yaratgan ilmiy maktabi haqida soʻz yuritishdi.

— Ustozning ilmiy merosi, hayoti va faoliyati, shuningdek, falsafa sohasi taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi haqida uzoq gapirish mumkin, — deydi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Majidov. — Said Shermuhamedov umr davomida koʻplab joylarda faoliyat olib borgan va ilm yoʻlida sobit boʻlgan. Uning muallifligidagi 15 ta monografiya, 10 ta darslik, 500 dan ortiq ilmiy maqolalar koʻplab ilm ixlosmandlari uchun zaruriy manba, maʼnolar xazinasi, desak, mubolagʻa emas.

Darhaqiqat, olim rahbarligida shu paytgacha “Ijtimoiy falsafa” va “Madaniyat falsafasi” yoʻnalishlarida 88 nafar falsafa fanlari nomzodi, 25 nafar falsafa fanlari doktori tayyorlangan. Ular orasida Malayziya, Eron, Chexiya kabi mamlakatlardan kelgan olimlar ham bor. Bugungi kunda taniqli olim asos solgan ilmiy maktab vakillari yangi Oʻzbekistonning oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, davlat va jamoat tashkilotlarida faoliyat olib borishmoqda.

Tadbir davomida shunday fikrlar bot-bot takrorlanib, atoqli olim shogirdlari, safdoshlari, ayniqsa, ilm yoʻlini tanlagan yoshlarga chin maʼnodagi oʻrnak va ibrat maktabi vazifasini oʻtashi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер