Jizzax viloyatida sport va jismoniy tarbiyaga boʻlgan eʼtibor qanday? Vazir mavjud holat bilan tanishdi

19:57 12 Yanvar 2021 Sport
338 0

Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonning ijrosini taʼminlash hamda Jizzax viloyatida sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, yangidan qurilgan va loyihalashtirilgan sport inshootlarida ishlar qanday ketayotgani bilan yaqindan tanishish maqsadida Jizzax viloyatida boʻldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif davomida vazir Mirzachoʻl tumani hokimi K.Xolmurodov bilan uchrashib, kelgusi yilda tumandagi “Gʻalaba” mahallasi hududida joylashgan “Yoshlar parki”da yopiq suzish havzasi, “Mirzadala” MFYdagi TIP-1 sport obyektiga tribuna qurish, stadionga tabiiy chim yotqizish, milliy sport turlarini rivojlantirish maqsadida 1-sonli umumtaʼlim maktabi sport zalida milliy sport turlari markazini tashkil etish hamda aholining kamida 25 foizini ommaviy sportga jalb etish masalalari boʻyicha suhbatlashdi.

D.Nabiyev tumanda yangidan qurib bitkazilgan yengil konstruksiyali 18x30 metr oʻlchamdagi sport zal bilan tanishib, ushbu obyektning ochilish marosimini yuqori saviyada tashkil etish va sport toʻgaraklari faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma va tavsiyalar berdi.

Shuningdek, faxriy mehmon “Doʻstlik” tumani bolalar va oʻsmirlar sport maktabidagi rekonstruksiya ishlari bilan ham tanishdi. Pudratchiga bu yerdagi qurilish ishlarini yanvar oyida yakunlash boʻyicha topshiriqlar berdi. BOʻSM suzish havzasi ish faoliyatida emasligi, sport zalining eʼtiborsizlik natijasida taʼmirtalab ahvolga kelib qolgani, mashgʻulot jarayonlarida sportchilarning deyarli yoʻqligi tanqidiy baholandi.

Zarbdor tumani “Boʻston” shaharchasida qurib bitkazilgan yengil konstruksiyali 18x30 metr oʻlchamdagi sport zal bilan ham tanishib, mahalla oqsoqollari bilan uchrashdi. Stadiondagi qurilish jarayoni bilan bogʻliq kamchiliklarni bartaraf etish, obyektning ochilish marosimini oʻtkazishga tayyorlash va sport toʻgaraklari tashkil etish, obyektga esa Prezident Farmonidan kelib chiqqan holda tarixiy shaxslar nomini berish boʻyicha oʻz koʻrsatmalarini berdi.

Tashrif soʻngida esa vazir Zomin tumani BOʻSM uchun “Dashtobod” shaharchasida yangidan qurilgan yengil konstruksiyali 18x30 metr oʻlchamdagi sport zal bilan tanishib, qurilish boʻyicha kamchiliklarni bartaraf etish, ushbu obyektni ochilish marosimini oʻtkazishga tayyorlash, bu inshootga ham nom berish, qolaversa, qoʻshimcha Workout maydonchasi qurish va sport toʻgaraklari tashkil etish boʻyicha oʻz koʻrsatma va tavsiyalarini berdi.

Shu tariqa Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyevning Jizzax viloyatiga tashrifi oʻz yakuniga yetdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?