Jaziramaning hovuri qachon bosiladi?

13:23 22 Iyul 2025 Jamiyat
235 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Saraton oʻz oʻrnini asadga boʻshatib berayotgan boʻlsa-da, hali quyosh “jazava”dan tushganicha yoʻq. Jazirama zabtiga olyapti. Sinoptiklarning prognozlariga qaraganda, boshlangan ish haftasida ham yuqori harorat saqlanib turadi. Hafta oxirlarida harorat 1-2 daraja pasayishi kutilyapti, xolos.

Asad shamsiy yil taqvimiga koʻra, beshinchi oy boʻlib, 22-iyuldan 21-avgustgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi.

Odatda quyosh saraton burjidan asad tomon ogʻishi barobarida, tabiatda, ob-havoda muayyan oʻzgarishlar roʻy beradi. Hisobdonlarning koʻp yillik kuzatishlariga tayanib aytilsa, oftob tafti pasayib, yoqimli va mayin shabada esa boshlaydi, jaziramaning hovuri bosiladi. Oy yaxshi kelgan yillari oʻrtacha harorat saratondagiga nisbatan 2 — 4 daraja past boʻladi. Lekin bu yil unday boʻlmayapti. Nega?

Tabiat sinchilari ushbu holatni “oy talashuvi” deya izohlashyapti. Yaʼni baʼzida eski oy yangisiga oʻrnini boʻshatgisi kelmay, oʻz hukmini oʻtkazishga tirishar ekan. Saratonning bu qaysarligiga esa yoz chillasi quvvat berayotganga oʻxshaydi. Axir chilla 5-avgustga qadar davom etadi-da!

Harorat qanday boʻlmasin, bu oy dehqonchilikda eng muhim, ekinlar oʻsib rivojlanadigan payt hisoblanadi. Xalqimizning “Asad — ekiningni yasat” degan ajoyib maqolida shunga ishora qilingan.

Chindan ham, asad ekin rasad boʻladigan, uni tom maʼnoda “yasatadigan”, yashnatadigan palladir. Ayniqsa, gʻoʻzani sugʻorish, kultivatsiya qilish, hosilni zararkunanda hasharotlar va kasalliklardan asrash tadbirlariga yanada jiddiy eʼtibor qaratilsa, hosil salmogʻi oshadi. Ekinga taralgan suv esa “bol suvi”ga qiyoslanadi. “Asad suvi — asal suvi” iborasi ham donishmand dehqonlarning koʻp yillik kuzatishu, tajribasidan kelib chiqqan, albatta.

Asad — ayni pishiqchilik mavsumi. Bu paytda mevali daraxtlar shoxlari hosilini koʻtarolmay larzon-larzon boʻlsa, poliz paykallarida pishmagan tarvuz deyarli qolmaydi. Ayniqsa, qovun shira tortib, tilimi tilni yoradi. Pomidor, bulgʻor qalampiri kabi poliz ekinlari darmondorilarga toʻlsa, ishkomlardagi uzumlar bol bilan bahslashadi. Sohibkorlar meva-chevalarni asad quyoshining nuriga choʻmgachgina quritish va mayiz qilishga chogʻlanishining boisi ham shunda. Oy oxirlariga borib, paxta hosili ham taroziga tushadi. Shu tariqa ishlar yigʻim-terim mavsumiga ulanib ketadi.

“Asadning bir kuni qishning oʻn kunini bosadi”, deyishadi koʻpni koʻrgan nuroniy kishilar. Zotan, hozir asad inʼom etgan nozu neʼmatlarni qish-kuz mavsumiga gʻamlashning ayni fursati. Bu gap chorvadorlarga ham tegishli boʻlib, chorva mollari uchun asosiy ozuqa shu paytda jamgʻariladi.

Qoʻychivonlar qoʻzilarni yana bir bor saralaydi, payt boʻldi deguncha jun qirqish mavsumini boshlaydilar. Negaki, qirqimning kechikishi chorvaga zarar. Buni choʻponlar orasida yuradigan quyidagi maqoldan ham anglash mumkin: “Qoʻy kerak boʻlsa asadda, jun kerak boʻlsa sumbulada qirqimni oʻtkaz”.

Asad oyida tabiatda ham turli oʻzgarishlar sodir boʻladi. Miroblarning aytishicha, yerdan suv tortiladi. Hatto yer osti suvlari ham pasayib, chashmalar suvi kamayadi. Daryolarda esa obihayot aksincha koʻpayadi. Qushlar birin-ketin issiq mamlakatlarga uchib keta boshlaydi.

Koʻp yillik kuzatishlarga qaraganda, asad chiqishidan bir necha kun oldin kuchli shamol esib, yomgʻir yogʻar ekan. Bu dehqonu chorvadorlar uchun bamisoli bong boʻlib, qish gʻamini yozda yeyish kerakligini yodga solib qoʻyadi. Illo, isiy-isiy yoz boʻlganidek, soviy-soviy zumda qish kelishi esa tabiatning azaliy hodisasidir.

Demak, bugungi issiq kunlar ham gʻanimat. Hademay, jaziramaning hovuri ham bosiladi...

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер