Jamiyatdagi sogʻlom muhit — siyosat hosilasi
Ijtimoiy farmatsiyalar silsilasida davlatchilik ilmi paydo boʻlganidan buyon davlat siyosatini amalga oshirishning yana-da samarali vositalari va ideal usullarini oʻylab topish, bu borada mukammallikka erishish maqsadida yuz yillar davomida fundamental tadqiqotlar olib borilgan, minglab ilmiy asarlar yozilgan. Ushbu yoʻnalishdagi ilmiy izlanishlar bugungi kunda ham, va oʻylaymanki, kelajakda ham davom etadi va oʻz dolzarbligini yoʻqotmaydi.
Hozirgacha erishilgan va tan olingan komillik — Demokratiya ham izlanishlar cheki emas, oraliq hosilasi, xolos. Shu sababli haqiqiy demokratiyani taʼminlash uchun tom maʼnodagi xalq hokimiyatchiligini qaror toptirishga qodir, davlat institutlarining inson manfaatlari uchun chinakamiga xizmat qilishini taʼminlay oladigan samarali mexanizmni shakllantirish hozirga qadar muhim vazifa boʻlib qolayotganligi, shubhasiz.
Oʻtgan soʻnggi uch yil ichida hozirgi demokratik xalqaro mezonlarga koʻra mamlakatimizning siyosiy imidji butkul oʻzgardi. Oʻzbekiston shu qisqa muddat ichida mazmun-mohiyatiga koʻra keng qamrovli va chuqur ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga molik demokratik oʻzgarishlarni amalga oshirdi. Oʻz taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichiga oʻtib, izchillik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan, rivojlangan milliy iqtisodiyot asoslarini ishonch bilan shakllantirishga kirishdi.
Tashqi siyosatimizga ham ustuvor yoʻnalishlarimizdan biri sifatida qaralib, global va mintaqaviy hamkorlik jarayonlari mohiyatan yangi bosqichga koʻtarildi. Mamlakatimizda amalga oshirilgan siyosiy islohotlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanishi esa bu ishlarning eʼtirofi boʻldi. Oʻzbekistonni keng qamrovli demokratik islohotlarni amalga oshirayotgan davlatlar sirasida tilga olina boshlandi. Yana shuni taʼkidlash kerakki, amalga oshirilgan siyosiy islohotlar natijasida yangi Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlarda yashovchi qardosh xalqlar oʻrtasidagi azaliy obroʻ-eʼtibori va shuhrati qayta tiklandi.
Oʻzbekistonda davlat siyosati, eng avvalo, xalq manfaatlaridan kelib chiqib olib borilmoqda. Faqat davlat manfaati uchun deya aholi haq-huquqini kamsitib mustaqil tarzda amalga oshiriladigan qattiqqoʻllik boshqaruv vositasiga aylanib qolishiga yoʻl qoʻyilmadi. Aksincha, bu siyosat insonparvarlik va odamiylik ruhi bilan yoʻgʻrilib, oʻzining hayotiyligi, insonlarga yaqinligi va masʼuliyatliligi bilan dunyodagi boshqa davlatlarning ham eʼtiborini oʻziga jalb eta boshladi. Aniqrogʻi, Oʻzbekistonning davlat siyosatida har bir shaxs uchun birdek qadrli va ayni paytda oddiy, tushunarli boʻlgan bagʻrikenglik, olijanoblik, gʻamxoʻrlik, mardlik kabi sifatlar tobora koʻproq namoyon boʻla boshladi.
Men bunday ijobiy siyosiy oʻzgarishlarning barchasini, eng avvalo, mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev shaxsiy fazilatlarining jamiyatdagi inʼikosi deb bilaman va bu tabiiy holdir. Chunki har qanday siyosat — shaxsning tanlovi asosida yuritiladi. Davlatlarning ichki siyosatida ham, xalqaro koʻlamdagi siyosiy xatti-harakatlar ham siyosat maydonidagi sardorlarning ichki dunyosi, shaxsiy sifatlari va fazilatlari koʻzgusi sifatida koʻriladi hamda baholanadi.
Mazkur masalani batafsil tadqiq etish daʼvosidan yiroqman. Biroq aynan millatimiz yetakchisining shaxsiy sifatlari, xalqchilligi, oddiy odamlarning hayotini, dardu tashvishlarini yaxshi bilishi Oʻzbekistonda qisqa muddatda davlat siyosatining sifat jihatidan mutlaqo yangi qiyofasini — xalq manfaatlari siyosatini qaror toptirish jarayonlarining qudratbaxsh omiliga aylandi.
Bugun hayotimizda sodir boʻlayotgan voqeliklar oʻz Vatanimiz bilan chinakamiga faxrlanish, Oʻzbekiston tuprogʻida yashovchi har bir insonga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikdan chinakamiga gʻururlanish uchun arzigulik sabablar juda koʻp. Ulardan ayrimlariga toʻxtalmoqchiman.
Butun dunyoni tashvishlantirayotgan koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat tufayli ayrim mamlakatlar oʻzining xorijdagi fuqarolarini bu ofat qarshisida yolgʻiz qoldirib, shosha-pisha oʻz chegaralarini yopib olganligini hammamiz diqqat bilan kuzatib bordik. Ammo Oʻzbekiston bu borada umuman boshqacha yoʻl tutdi. Oʻzbekistonga qaytishni istagan chet eldagi barcha fuqarolarni davlat mablagʻlari hisobidan Vatanga olib kelish uchun bor imkoniyatlar ishga solindi. Eng ahamiyatlisi, bu boradagi ishlar hozir ham amalga oshirilmoqda va to zaruriyat tugaguniga qadar davom ettiriladi.
Mamlakatimiz ichkarisidagi mavjud vaziyat ustidan amalga oshirilayotgan nazorat ham bir zum boʻlsa-da, boʻshashtirilmayapti. Yuzaga kelgan inqirozli vaziyatda davlat hokimiyati organlari tomonidan tahdidli holatlarga qarshi yetti oʻlchab bir kesgan holda, chuqur oʻylangan samarali va munosib chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat institutlarining bosiqlik va katta masʼuliyat bilan amalga oshirilayotgan siyosati aholi tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Bugun, hech shubhasiz, xalqimiz bularning zamirida inqirozli vaziyatlarda oqilona choralar koʻrish, yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan professional darajada sinchiklab oʻrganish va hal etish borasida boy tajribaga, oʻziga xos noyob ish uslubiga ega boʻlgan Prezidentimizning saʼy-harakatlari, siyosiy irodasi yotganini toʻliq anglab turibdi.
Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq global tahdid yuzaga kelgan paytdan boshlab Davlatmiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik tahlili shuni koʻrsatadiki, ularning barchasi, eng avvalo, xalqning, fuqarolarning manfaatlari va muammolari toʻgʻrisida qaygʻurish ruhi bilan yoʻgʻrilgandir. Prezident tomonidan qabul qilingan farmonlardagi qoidalar davlat organlari hamda yirik biznes vakillarining idoraviy yoki tarmoq manfaatlarini himoya qilishga emas, balki avvalo oddiy fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini taʼminlashga, aholining turmush darajasi pasayib ketishiga yoʻl qoʻymaslikka, ish oʻrinlarini hamda odamlarning daromad manbalarini saqlab qolishga qaratilgandir.
Oʻzbekiston Prezidenti pandemiya bilan bogʻliq holda yuzaga kelgan inqirozli vaziyatga, u keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan oqibatlariga oʻz vaqtida baho bergan holda, mamlakatni va iqtisodiyotni boshqarishning tegishli samarali tizimini tezkorlik bilan ishlab chiqishga hamda joriy etishga muvaffaq boʻldi. Maxsus hukumat komissiyasining faoliyatini bevosita muvofiqlashtirib borib, Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasining mamlakatimiz iqtisodiyotiga va fuqarolarning hayotiga salbiy taʼsirini pasaytirish yuzasidan oldindan choralar koʻrilishini toʻliq hajmda taʼminladi. Prezidentimizning xalqqa qilgan har bir murojaati esa fuqarolar orasida keng muhokama qilinib, toʻliq qoʻllab-quvvatlandi hamda jamiyatimizni, uning birdamligini mustahkamlashga xizmat qildi.
Mamlakatimiz Prezidenti 2020-yil 3-aprelda oʻzining Oʻzbekiston xalqiga qilgan navbatdagi murojaatida koronavirusga qarshi kurashishda barchani eng yuksak fuqarolik sifatlarini — yuksak tafakkur, temir intizom, sabr-toqat va chuqur masʼuliyatni namoyish etishga chaqirdi. Oʻylaymanki, chindan ham bugun har birimizdan hayotimizga, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatga, mamlakatimizni barqaror rivojlantirish va millatimiz farovonligini taʼminlash asoslarini mustahkamlash ishiga oʻz hissamizni qoʻshish fursati yetdi. Biz xalqimizga xos boʻlgan eng yaxshi fazilatlarni safarbar etib, barcha saʼy-harakatlarimizni birlashtirish taqozo etiladigan murakkab davrda turibmiz.
Shu jihatdan Prezidentimizning: “Xalqimiz oʻz tarixida qanday ogʻir tabiiy ofatlarni koʻrgan boʻlmasin, Qodir Ollohning marhamati bilan, oʻzining kuch-qudrati, vazminligi va donishmandligi orqali ularning barchasini yengib oʻtgan. Men ana shunday mard va matonatli, mehr-oqibatli xalqimizning aql-zakovatiga, uning metin irodasi va qatʼiyatiga toʻla ishonaman”, degan odilona taʼkidlari hozirgi ogʻir damlarda barchamizni yana-da jipslashishga va sabr-matonatga daʼvat qilmoqda.
Vaziyat qanchalik murakkab boʻlmasin, jamiyatimiz dadillik va komil ishonch bilan oʻz kelajagini qurishda davom etaveradi. Biz hammamiz yakdilmiz va tarixiy tanlovimizdan — gullab-yashnagan demokratik davlat qurishga qaratilgan maqsadimizdan hech qachon qaytmaymiz. Bizning bugun birdamlik va masʼuliyat bilan amalga oshirayotgan har bir xatti-harakatimiz millatimizning bugun va ertaga sogʻlom hamda farovon hayot kechirishi garovidir.
Nurdinjon ISMOILOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik
palatasining Spikeri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring