Zabon – ulugʻ neʼmat

21:50 18 Oktyabr 2021 Madaniyat
352 0

Insonning libosi unga koʻrk bagʻishlashi, bu uning kiyinish madaniyatidan xabardor ekanligidan belgi beradi. Oʻz fikrini qanchalar aniq, taʼsirchan va chiroyli bayon etishi, bu insonning nafaqat nutq madaniyatining shakllanganligidan, balki maʼnaviy olamining naqadar boy ekanligidan dalolat beradi. Gar inson egniga koʻrkam liboslar kiysa-yu, soʻzida mazmun, fikrida maʼno boʻlmasa, libos unga qisqa muddatga, yaʼni uning suhbatidan bahramand boʻlgunlariga qadar obroʻ keltirishi mumkin. Ammo, bu ehtiromning umri uzoq boʻlmaydi. Bejiz Saʼdiy Sheroziy koʻrkam libosli, biroq maʼnaviyati qashshoq odamni, ustiga jimjimador toʻqim solingan eshakka tenglashtirmaydilar. Insonning ichki va tashqi dunyosi mavjud. Har ikkisining ham birdek goʻzal ekanligigina insonga chinakam goʻzallikni hadya etadi. Aks holda bu goʻzallik mukammal boʻlmaydi.

Insonning kamoloti uning yoshi bilan emas, balki maʼnaviy darajasi bilan oʻlchanadi. Maʼnaviyatli inson bu keng dunyoqarashga ega, mulohazali, oʻz-oʻzini anglagan shaxsdir. Bu kabi insonlarni jamiyatning ustuni deya taʼriflaydigan boʻlsak, ularning soni ortgani sayin davlat yuksaklikka tomon boʻy choʻzaveradi.

Tarixdan maʼlumki, taxtga kelgan har bir hukmdor imkon qadar oʻziga tegishli boʻlgan hududni tobora kengaytirish, oʻz davlatini esa dunyoga dongʻi ketguvchi imperiyaga aylantirishni maqsad qilgan. Shunisi ajablanarliki, barcha xalqni ham yov bilan bostirib kelib, egallanmagan. Yaʼni, xalqni kuzatish orqali uning dini-eʼtiqodi, tili, milliy urf-odatlari, turmush tarzi atroflicha oʻrganilgan. Agar oʻsha xalqning eʼtiqodi mustahkam emasligi maʼlum boʻlsa, ularni oʻz tomoniga ogʻdirish uchun turli firib yoʻllaridan foydalanilgan. Asta-sekinlik bilan millatni tili, dini va milliy oʻzligidan ayirish choralarini koʻrilgan. Natijada, bu millat oʻz-oʻzidan tobelikka tomon yuz burgan.

Aksincha, tili va millat qadrini ulugʻlagan xalq oʻz erkini osonlikcha dushman qoʻliga tutqazib qoʻymagan. Eʼtiborli jihati shundaki, xalqni oʻz ortidan ergashtiruvchi donishmand va notiqlik sanʼatiga ega boʻlgan buyuk shaxslar aksariyat hollarda qabila boshi yoki xalq hukmdori etib saylangan. Hattoki, eng qadim davrlarda ham maʼnaviyati yuksak, nutq soʻzlashni sanʼat darajasida amalga oshirgan insonlar xalq olqishi va hurmatiga sazovor boʻlgan.

Hozirda yoshlarimizning oʻz ona tiliga boʻlgan eʼtibori biroz sustlashgandek tuyulmoqda. Yoshlarning xorij tillarini oʻzlashtirishga boʻlgan qiziqishi kishini quvontiradi. Hozirgi vaqtda yoshlarning kamida ikkita xorij tilini puxta bilishi eʼtirofga loyiq. Biroq, kaltakning ikki uchi bor deganlaridek, chet tilida oʻz ona tilidan ham ziyoda soʻzlay oluvchi baʼzi yoshlarimiz orasida oʻzbek tilida chiroyli va ravon nutq soʻzlay olish imkoniyati mavjud boʻlmaganlari ham koʻpchilikni tashkil etishi achinarli holdir. Bunga turli sabablarni keltirishimiz mumkin. Masalan, oʻzbek tilidagi adabiyotlarni mutolaa qilmaslik, kerakli axborotlarni xorij tillarida qabul qilish va ayniqsa kundalik muloqotda ham oʻzbek tilida emas, koʻproq chet tillarida soʻzlashishdir. Bu esa oʻz-oʻzidan oiladagi va taʼlim muassasalaridagi muhitning toʻgʻri shakllantirilmaganligidan belgi beradi. Yaʼni, taʼlim muassasalarida yoshlarning tayyor materialni oʻqib-oʻrganish qolipidan chiqarish, ularga erkin fikrlash, mulohaza yuritishga imkon berish lozimligini taqazo qiladi. Oʻquvchilar orasida chuqur bilimga ega, ammo oʻz fikr-mulohazalarini ogʻzaki nutq orqali toʻla yetkazib bera olish imkoniyati yetarli boʻlmaganlari ham oz emasligi achinarli holdir.

Respublikamizda “Davlat tili haqida”gi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunlar, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi va boshqa koʻpgina hujjatlarda maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyaga, til masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Chunki, yoshlarning bilim saviyasi, maʼnaviy darajasi, ogʻzaki va yozma nutqining shakllanganlik holati kelajakda har bir sohaning rivoji yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchinchi renessans davriga kelib, ona tilimizga qaratilgan eʼtibor yanada kuchaydi desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2021-yil 1-iyuldagi 30/1-2308-sonli topshirigʻi hamda 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 61-son qarori fikrimizning yaqqol isbotidir. Mazkur qarorga muvofiq mamlakatimizdagi barcha joy, koʻcha, atamalar tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targʻibot vositalari, reklama va eʼlonlar, shuningdek, ish qogʻozlari va turli blanklar lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishini taʼminlash nazarda tutilgan.

Oʻz ona tilimizni bilish, qadrlash va sanʼat darajasida qoʻllay olish har birimizning burchimizdir. Oʻzbekiston fuqarosi hisoblangan har bir shaxs bu masʼuliyatli vazifani ado etishi shart va lozimdir. Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, oʻz ona tilimizni yuksaltirishga boʻlgan eʼtibor bu millatga, davlatga boʻlgan hurmat va eʼtibordir.

Oydin BOBOJONOVA,

Toshkent shahar Mirobod tumanidagi 125-maktabning

ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?