Yuz yillik umr — maʼrifat timsoli

20:41 27 Yanvar 2026 Jamiyat
285 0

Bir asrlik umr — vaqt taqvimidagi oddiy raqam emas, balki avlodlar xotirasiga muhrlangan sadoqat, sabr va maʼrifat bilan yozilgan tirik tarix. Ana shunday bebaho hayot yoʻlini bosib oʻtgan, butun umrini taʼlim va el-yurt xizmatiga bagʻishlagan moʻtabar ustoz — Gulandon momo Nazarovaning 100 yoshlik muborak yubileyi Termiz tumanida tantanali nishonlandi.

Qutlugʻ tadbirda ustozning farzandlari, oila aʼzolari, nevara-chevaralari, shogirdlari hamda yaqinlari jam boʻldi. Yubiley munosabati bilan oʻtkazilgan marosimda Termiz tumani Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Mahorat Rasulova ishtirok etib, mutasaddilarning Gulandon momoga yoʻllagan samimiy tabrigini oʻqib eshittirdi.

Asrga teng umr davomida Gulandon momo minglab oʻgʻil-qizlarga nafaqat bilim, balki insoniylik, sabr-toqat va vatanparvarlik tuygʻularini singdirdi. Bugun uning shogirdlari jamiyatning turli sohalarida samarali mehnat qilib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Bu esa ustozning xalq taʼlimi yoʻlidagi fidoyi mehnati, ezgu maqsadga bagʻishlangan hayoti eng ulugʻ saodat ekanining yorqin isbotidir.

— Bugungi avlod dorilomon zamonda yashayapti, — deydi Gulandon momo. — Biz ishlagan davrlar bilan solishtirib boʻlmaydi. Hozir oʻqituvchilarga katta eʼtibor bor, maktablar obod, sharoitlar yaxshi. Eng muhimi, ustozning qadri baland. Buning uchun Prezidentimizga chin dildan minnatdorlik bildirishimiz kerak.

Yubiley tadbirida bunday moʻtabar ustozlarni eʼzozlash, ularning ibratli hayot yoʻlini yosh avlod uchun hayotiy maktab sifatida koʻrsatish muhim ekani alohida taʼkidlandi. Qutlugʻ sana munosabati bilan Gulandon momoga Termiz tumani hokimligi tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.

Gulandon momo eʼtibordan mamnun ekanini bildirib, “Oʻqituvchilik insonni umr boʻyi harakatda ushlab, qalbni yosh saqlaydigan, eng saodatli kasb,” ekanini taʼkidladi.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?