Yutuqlar — yangi marralarga eltadi

18:06 27 Dekabr 2024 Jamiyat
435 0

Yoshlarning taʼlim olish va oʻzlarini rivojlantirish yoʻlidagi har bir qadamini qoʻllab-quvvatlash — jamiyatimizning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Ularning taʼlim olish imkoniyatlari, qobiliyatlarini yuzaga chiqarish va maʼnaviy jihatdan boyitish masalalari joriy yil davomida ham muhimliligini yoʻqotmadi. Shunday boʻlsa-da, oldinda hali koʻp ishlar kutib turibdi. Kelgusida olib boriladigan islohotlar taʼlim sifati va mazmunini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishda yana muhim qadam boʻladi.

Joriy yil nomi “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash”, deya yoshlarning sogʻlom ruh va sogʻlom tafakkur egasi boʻlishi bilan bogʻlandi. 2024-yil 20-yanvarda Prezidentimizning “Yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi Farmoni qabul qilindi. Shu asnoda har sohada yoshlarga imkoniyat yaratish yoʻlida salmoqda islohot amalga oshirildi. Jumladan, Yoshlar siyosati va sport vazirligi negizida Sport vazirligi tashkil etildi. Normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini tashkil etish hamda sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish Sport vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi. Qolaversa, mazkur sohada qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni ham amalga oshiradi. Yoshlar ishlari agentligi esa Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidan Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga oʻtkazildi. Talabalar va abituriyentlar uchun ham yanada qulay imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, respublikamiz boʻylab 8 ta oliy taʼlim muassasasida chet tilidan ijodiy imtihon olish amaliyoti bekor qilindi. Bu keyingi yildan chet tili birinchi fan boʻlgan barcha yoʻnalishlarda abituriyentlar uchun til sertifikati majburiy boʻlishini anglatadi. Abituriyentlar taʼlimni qaysi shaklda boshlashni testdan soʻng belgilaydigan boʻldi. Kunduzgi taʼlimda oʻqiyotgan talabalar taʼlim krediti olish uchun arizalarni “my.gov.uz” orqali topshirish imkoniyati yaratildi.

2024-yilda yoshlar uchun bir qator grantlar va stipendiyalar joriy qilindi. Xorijiy tillarni oʻrgatish boʻyicha bepul kurslar tashkil etilib, minglab yoshlar dunyo miqyosida talabgir kasblarga ega boʻlish yoʻnalishida dastlabki qadamlarini tashladilar. Shuningdek, kasbiy taʼlim muassasalarining soni oshirilib, amaliy koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu yangiliklar va tashabbuslar Oʻzbekistonda yoshlarning jamiyatdagi faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan. Yil davomida amalga oshirilgan barcha ishlar yoshlar va taʼlim masalalariga davlatning qattiq eʼtiborini koʻrsatdi. Erishilgan yutuqlar esa yangi marralarga yetishish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.

Rustam Rahimboyev, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер