Yurtimizda “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi

11:33 18 Fevral 2023 Jamiyat
2361 0

Bugungi kunda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini taʼminlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentining “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini taʼminlash, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy qilish yoʻlidagi muhim tarixiy hujjat, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Qarorda 2023-yilda umumiy quvvati 4 300 MVt boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishga tushirish orqali qoʻshimcha 5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va buning natijasida 4,8 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish belgilanmoqda. Ushbu maqsadlarga jami 15,4 milliard AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni yoʻnaltirish koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, 2023-yilda 20 mingta ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida hamda kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish, 11 ming nafar tadbirkorning bino va inshootlarida quyosh panellari oʻrnatish hamda kichik fotoelektr stansiyalarini barpo etish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, 2023-yil 1-apreldan boshlab qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatgan jismoniy va yuridik shaxslarga mol-mulk soligʻi, yer soligʻi hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda soligʻini toʻlashdan ozod etilishi boʻyicha imtiyozlar berilmoqda. Imtiyozlardan yana biri 2023-yil 1-martdan boshlab yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda koʻrsatilgan quvvatdan yuqori boʻlmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qoʻshimcha texnik shart olish talab etilmasligidir.

Qarorda belgilangan muhim jihatlardan yana biri bu 2023-yil 1-apreldan boshlab respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini oʻrnatishni ragʻbatlantirish boʻyicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilishidir. 2023-yilda 37 ming aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish rejalashtirilmoqda.

Dastur doirasida jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda oʻrnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va oʻz isteʼmolidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga davlat budjetidan 1000 soʻmdan subsidiya ajratilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, hujjatda 2023-yilda foydalanishga topshiriladigan 765 ta koʻp qavatli uylarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan taʼminlash rejalashtirilmoqda. 2023-yil 1-maydan boshlab esa foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylar tomlari boʻsh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini oʻrnatish talabi joriy qilinmoqda.

Qaror ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash uchun mutasaddi vazirlik va idoralarning bu boradagi vazifalari aniq qilib belgilab berilmoqda.

Shu oʻrinda yuqorida taʼkidlangan muhim vazifalar ijrosi yoʻlida mamlakatimizda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotganini ham qayd etish lozim. Jumladan, Karmana tumanida ishga tushirilgan loyiha qiymati 110 million AQSH dollari, quvvati 100 megavatt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi Yangi Oʻzbekiston energetika tizimidagi birinchi ulkan qadam boʻldi. 2022-yilda Nurobod tumanida xuddi shunday quyosh stansiyaning ishga tushirildi.

Joriy yil yakuniga kadar Navoiy viloyatida 500 MVt boʻlgan shamol hamda Navoiy, Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 3 647 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishi belgilanganligini alohida taʼkidlash lozim.

Mazkur hujjatning amalga oshirilishi 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash dasturidagi muhim strategik maqsadlarga erishish imkonini berishi bilan bir qatorda mamlakatimiz aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyaga boʻlgan ehtiyojini qoplashni yanada yaxshilanishiga, mintaqada energetik barqarorlikni hamda atrof muhit musaffoligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Xayrullo GʻAFFOROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,

Oʻzbekiston ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер