Yoshlar tadbirkorligiga keng yo‘l

00:55 14 May 2025 Jamiyat
175 0

Bugungi shiddatli davrda yoshlar iqtisodiy faoliyatda samarali ishtirok etishini ta’minlash uchun ularga yuqori sifatli ta’lim, moliyaviy yordam, raqamli texnologiyalarni o‘rgatish va ish o‘rinlari imkoniyatlarini yaratish har qachondagidan zarur hisoblanadi.

Shu ma’noda, “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori yoshlarning iqtisodiy hayotda faol ishtirok etishini ta’minlash va ularning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni o‘z ichiga olishi bilan ahamiyatlidir. Ushbu qaror o‘zining innovatsion yondashuvlari bilan yoshlarni ishga joylashtirish, startaplar yaratish va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishda yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi.

Masalan, qarorda belgilangan “Yoshlar biznesi” dasturi yoshlarni tadbirkorlikka qadam qo‘yishga undaydi. Dastur 350 ming yoshni qamrab olishni maqsad qilgan bo‘lib, yosh tadbirkorlarga qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishni nazarda tutadi. Bu esa yoshlarni iqtisodiyotga jalb qilish, ularning ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Dastur doirasida yosh tadbirkorlarga turli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalari, masalan, imtiyozli kreditlar va mikroqarzlar ajratish orqali ularga o‘z bizneslarini boshlash va rivojlantirish imkoniyatlari taqdim etiladi. Shu bilan birga, o‘quv kurslari va onlayn treninglar orqali tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirishga ko‘maklashish maqsad qilingan.

Yoshlarning startap va innovatsion loyihalariga yordam berish ham mazkur qarorning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. “Innovatsion yoshlar” loyihasi yoshlarning texnologik ishlanmalarini tijoratlashtirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va startaplarni rivojlantirishga qaratilgan.

Venchur jamg‘armalari orqali yosh tadbirkorlarga kapital investitsiyalar kiritilishi, shuningdek, startaplar uchun infratuzilmani rivojlantirishga qarz mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan. Bu yoshlarni zamonaviy texnologiyalarni o‘rganishga undaydi va o‘z g‘oyalarini amalga oshirish imkoniyatini beradi.

Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish uchun zamonaviy asbob-uskunalar va laboratoriyalar taqdim etish ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning muhim qismlaridan biridir. Startap inkubatorlari, texnoparklar va tadqiqot markazlarini yaratish orqali yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Yoshlarni raqamli texnologiyalar va xorijiy tillar bo‘yicha ta’lim olishga yo‘naltirish, ularning yangi kasblar olishiga yordam berish — ilg‘or ta’lim siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri. Bunda ular kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida o‘qish va o‘zlarini rivojlantirish imkoniyatlariga ega bo‘ladi, davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.

Umuman, ushbu qarorning joylarda amalga oshirilishi yangi biznes imkoniyatlari, raqamli texnologiyalar, startaplar va innovatsion loyihalar yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning hayot sifati va bandligini ta’minlashga yordam beradi. Ayni chog‘da, davlat tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun sharoitlar yaratish iqtisodiyotda yangi tarmoqlar va sohalarning rivojlanishiga olib keladi.

E’tiborlisi, “Yoshlar biznesi” dasturini amalga oshirish orqali o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar uchun kamida 100 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Ayni chog‘da, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, AT “Aloqabank”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda biznes inkubatorlar tashkil etish uchun mos bo‘lgan, bo‘sh turgan davlat obyektlari va yer maydonlari ro‘yxatini shakllantirib, Vazirlar Mahkamasiga “Yoshlar biznes inkubatorlari” tizimini yaratish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini kiritish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Qisqa aytganda, Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qarori yoshlarni iqtisodiy jarayonlarga jalb qilish, ularning kasb-hunar va ishbilarmonlik ko‘nikmalarini oshirish, startaplar va innovatsiyalarni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi. O‘z navbatida, bu imkoniyatlar O‘zbekistonning iqtisodiy va innovatsion rivojlanishiga sezilarli hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Zulfiya PO‘LATOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi

universiteti Tillarni o‘rganish kafedrasi

 o‘qituvchisi, pedagogika fanlari bo‘yicha

falsafa doktori (Phd).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?