Yoshlar eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan mamnun
Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Xabaringiz bor, joriy yilning 19-20-avgust kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida Kegeyli tumanidagi Juzimbagʻ mahallasida boʻlib, shu yerda dehqonchilik qilayotgan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi. Suhbat jarayonida davlatimiz rahbari yoshlarning takliflari asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun sovitkichli ombor qurish, ehtiyojmand yigit-qizlarning toʻylari va shartnoma toʻlovlariga koʻmaklashish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
— Qoraqalpogʻistonda 200 ta yosh oilalarning toʻyini oʻtkazishga yordam beriladigan boʻldi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi Polat Maxsetbayev. — Hududimizda moddiy imkoniyati yoʻqligi tufayli nikoh toʻylarini oʻtkaza olmagan yosh oilalar bor. Biz oʻrganib chiqqanimizda, bunday oilalar soni 100 dan ortiq ekani, toʻy oʻtkazish uchun har biriga oʻrtacha 15 million soʻm mablagʻ zarurligi maʼlum boʻldi. Shuni hisobga olgan holda, uchrashuvda taklif bildirdim.
Davlatimiz rahbarining koʻrsatmasi boʻyicha 200 ta ehtiyojmand yosh oilalarning nikoh toʻylarini oʻtkazishga koʻmak berilishi belgilandi. 200 ta nikoh toʻyi bu 400 nafar yoshlarning orzusi ushalishi, minglab oilalarning quvonch-u shodligi, bugungi kuniga shukronaligi ortishiga sabab boʻlishi shubhasizdir.
Biz hozir moddiy imkoniyati yoʻqligi tufayli nikoh toʻylarini oʻtkaza olmagan oilalarni aniqlash uchun har bitta mahallada oʻrganish ishlarini boshlab yubordik. Bu borada haqiqatan ham muhtoj oilalar roʻyxati shakllantirilib, aniq tartib asosida nikoh toʻylarini oʻtkazishni rejalashtirganmiz.
Kegeylidagi uchrashuvda Prezidentimizning soʻzlaridan ruhlanib, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarning oliy taʼlim muassasalarida oʻqishi uchun shartnoma pullarini toʻlab berishda talabalarning faolligini hisobga olish boʻyicha ham taklif bildirdim.
Bunda shartnoma pullari toʻlab berilishi uchun talabalar jamoat ishlarida faol ishtirok etishi, taʼlimda, yaʼni baholash mezonlarida koʻrsatkichlari kamida 78 balldan iborat boʻlishi talab etiladi.
Buning natijasida talabalar oʻzlarining ustida koʻproq ishlab, bilimlarini yanada oshirishga harakat qiladi. Bu ham ushbu yoshlarning yetuk kadrlar boʻlib yetishishiga xizmat etadigan omillardan biri boʻlishi mumkin.
Uchinchi taklifim, yil boshidan “Yoshlar daftari” balansidagi mablagʻlarni bankka qoʻyish orqali asosiy mablagʻni saqlab qolgan holda, uning foizlaridan jamgʻarilgan mablagʻlar hisobidan yoshlarning muammolarini ijobiy hal etishga sarflab borish boʻyicha boʻldi. Albatta, bildirgan takliflarimiz boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berilib, masʼullar bilan birgalikda ularni ijro mexanizmlarini ishlab chiqmoqdamiz.
Yoshlar eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan mamnun. Masalan, Farangiz Turdibayeva Juzimbagʻ mahallasidan 25 sotix yer olgan. Hozirgi paytda pomidor mahsulotini yetishtiryapti. Bu yil reja qilgan daromadi 20-25 million soʻm atrofida.
— Uzumlarni parvarish qilganimiz uchun qoʻshimcha 1,5 million soʻm oylik ham toʻlanadi, — deydi u. — Uch-toʻrt yildan keyin uzum hosilga kirsa undan ham daromad olib boshlaymiz. Yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda turmush oʻrtogʻim bilan 75 sotix yer maydonini ijaraga olganmiz. U yerda bir-necha yillardan beri dehqonchilik qilib, poliz mahsulotlarini yetishtirib kelyapmiz. Bu yil kunjut ekkanmiz. Buning sababi kunjut iqlimimizga mos, suv koʻp talab etmaydi, ammo bozori yaxshi. 75 sotixdan 40-50 million daromad koʻzlaganmiz. Oktyabr oyigacha pomidorlarni yigʻib olsak, bu yerga koʻk piyoz ekmoqchimiz.
Farangiz va yonidagi dehqon yoshlarning yetishtirgan mahsulotlarini saqlash uchun sovitkichli ombor qurib berish boʻyicha taklifi maʼqullanib, masʼullar tomonidan loyihalash ishlari boshlab yuborildi.
Shuningdek, dehqonchilikdan topgan daromadi hisobiga nikoh toʻyini oʻtkazishni niyat qilgan yoshlardan biri Abdurahmon Qoylibayevning toʻyi ham oʻtkazib beriladigan boʻldi.
Abdurahmon oʻziga berilgan 25 sotix yerda 3000 tup pomidor koʻchatini parvarish qilib, moʻl hosil olib kelmoqda. Bundan tashqari, u 300 tup uzum nihollarini parvarish qilayotgani uchun oyiga 1,5 million soʻmdan maosh oladi.
Davlatimiz rahbarining Qoraqalpogʻistonga har bir tashrifi doirasida yoshlarga oid yangi tashabbuslar ilgari suriladi va shu asnoda ular uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring