Yoshlar dunyoni oʻzgartirishga qodir
Joriy yilning 11 — 13-oktyabr kunlari Samarqanddagi “Buyuk Ipak yoʻli“ xalqaro sayyohlik markazida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashi Yoshlar kengashining 6-yigʻilishi oʻtkazilgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashi (CICA) va BMT hamkorligida ilk bor tashkil etilgan ushbu forum tadbir ishtirokchilarida, yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Buni oʻttizdan ortiq davlatlardan kelgan 200 nafardan ortiq yoshlar, xalqaro ekspertlar, Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul boʻlgan davlat organlari, yoshlar jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ham tasdiqladi.
Muxbirimiz anjumanda ishtirok etgan vakillardan ayrimlarining fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.
Soʻz — tadbir ishtirokchilariga:
Stanonis Aleksey YANOVICH,
Rossiya Federatsiyasi Taʼlim va fan vazirligining Davlat yoshlar siyosati va taʼlim faoliyati departamenti Xalqaro yoshlar hamkorligi va turizmi boʻlimi maslahatchisi:

— Dunyoning qadimiy shaharlaridan biri hisoblangan Samarqandda boʻlib oʻtgan yigʻilish yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda kengashga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar yoshlari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davrimizning dolzarb muammolarini yoshlar manfaatlari nuqtai nazaridan oʻrganish bugungi kunning asosiy mavzusi ekanini unutmasligimiz darkor. Yoshlarimizning radikallashuviga yoʻl qoʻymasligimiz, ijtimoiy rivojlanishida dastak berishimiz, qiziqish va intilishlarini oʻrgangan holda ularga yelka tutishimiz lozim.
Yigʻilishning 2-kuni tashkillashtirilgan “Oʻzbekiston — Rossiya yoshlar forumi”da ham shu masalalar oʻrtaga tashlandi. Unda mamlakatlarimizda yoshlar uchun qanday shart-sharoitlar yaratilgani, ular ayni paytda qanday yashayotgani, qanday taʼlim olayotgani borasida suhbatlashdik.
Muloqotlar davomida shu narsa ayon boʻldiki, Oʻzbekistonda taʼlim sohasiga, ayniqsa xotin-qizlarning oʻqishiga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ular uchun alohida kvotalar ajratilyapti, imtiyozli ravishda bilim olishlariga imkon yaratilyapti. Bu uzoq kelajakni oʻylab amalga oshirilgan muhim omil.
Shuningdek, tadbir davomida ertamiz egalarining huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari boʻyicha hukumat qarorlarini qabul qiluvchilar uchun tavsiyalar ishlab chiqish, ularning rivojlanishidagi ijodiy rolini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha ham fikr almashdik. Umuman olganda, mazkur muloqotlar barchamizga yoshlar hayotini oʻzgartirishimizda gʻoyalar ishlab chiqish maydoni vazifasini oʻtadi, desam mubolagʻa emas.
Asel ZAIROVA,
Qozogʻiston “AMANAT” partiyasi qoshidagi “Jastar Ruxы» yoshlar qanoti Olmaota viloyati boʻlimi raisi:

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammitida qatnashish uchun Qozogʻiston Respublikasiga tashrifi doirasida Prezidentimiz Qosim-Jomart Toqayev bilan uchrashdi. Muzokaralarda yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat yoshlari oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash, ularning dolzarb muammolari yechimini birgalikda izlash ham muhokama qilindi.
Mamlakatlar oʻrtasidagi kelishuvlar natijasida ikki davlat oʻrtasida yoshlar kongressini tashkil etishga kelishilgan, birinchi qurultoy 2022-yilning dekabrida Qozogʻistonda boʻlib oʻtgandi. Bu yil esa Sharq gavhari Samarqandda Oʻzbekiston va Qozogʻiston yoshlarining II kongressida jam boʻldik.
Kongress ishtirokchilari yoshlar siyosati sohasida kelgusidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab oldi. Yoshlar hayotini yaxshilashga qaratilgan gʻoyalarni hayotga tatbiq etish borasida oʻzaro muloqotlar tashkil etildi.
Oʻzbekiston yoshlari — baxtiyor yoshlardir. Tashrif chogʻida buning yana bir marta guvohi boʻldik. Masalan, shaxsan Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Silk road” xalqaro turizm universitetini sayr qilar ekanmiz, talabalar uchun jahon standartlari asosida yaratilgan shart-sharoitlarni koʻrib koʻzimiz quvnadi.
Niyatimiz bir, orzularimiz mushtarak, Oʻzbekiston va Qozogʻiston yoshlari oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari mustahkamlanaversin, mamlakatlarimiz tinch-totuv, bordi-keldi qilib yashayversin.
Ulviya OXUNDOVA,
Ozarbayjon Respublikasi Yoshlar va sport vazirligi Yoshlar departamenti rahbari oʻrinbosari:

— Kelajagimiz egalari bizdan rozi boʻlmagunicha izlanishdan, harakatdan, mehnatdan toʻxtamasligimiz shart. Yoshlar qancha eʼtibordan chetda qolsa, ertamiz daraxtiga shunchalik bolta urgan hisoblanamiz. Bugunning yoshlari har doimgidan koʻra ziyrak, har doimgidan koʻra talabchan. Baʼzida ularning talablariga toʻlaqonli javob berolmay qoladi kishi.
Yoshlar taqdiriga bepisand boʻlmagan millat vakillari Samarqandda jam boʻlib, ularning hayotini yaxshilashga, istak-maqsadlarini oʻrganishga kirishdik. Shu narsa ayon boʻldiki, yoshlarimiz oldiga ulkan marralarni qoʻygan. Ularning yonib turgan koʻzlariga termulib toʻlqinlanib ketasan kishi.
Buyuk ipak yoʻli bir paytlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oltin koʻprik vazifasini bajargan, bugun Oʻzbekistonda, aynan Samarqandda boʻlib oʻtgan tadbir ham maʼnaviy jihatdan shu vazifani ado etdi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Yigʻilishda “Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon yoshlar forumi”ga Oʻzbekiston mezbonlik qildi, ikkinchi forum, xudo xohlasa, Ozarbayjonda tashkil etiladi.
Rahmatjon BOBOJONOV, (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring