Yashnab turgan hovli

10:57 14 Avgust 2025 Jamiyat
154 0

Nishon tumanining Navbahor mahallasida yashovchi Ikrom Saidov tomorqadan daromad topishning hadisini olgan. Garchi u tuman gaz idorasida ishlasa-da, ishdan soʻng tomorqada mehnat qilishdan erinmaydi. Hovlisiga qadam qoʻyishingiz bilan bahri dilingiz ochiladi: misoli chamanzor! 12 sotix tomorqaning har qarichidan unumli foydalanilayotgani bois, meva-chevadan tortib, sabzavotgacha hovlidan chiqadi. Bir tekis ekilgan uzum, anor, bodom, shaftoli, zardoli daraxtlari, poliz va sabzavot ekinlariga boqib, koʻz quvnaydi. Mahalla ahli gapning kiftini keltirib, “Ikrom Saidning bogʻini koʻrmabsan, bu dunyoga kelmabsan” deyishadi. Ularning gapida jon bor, bogʻmisan bogʻ!

— Keksalarimizda oʻz paykalingdan yeganing tatiydi, degan gap bor, — deydi Ikrom Saidov. — Chunki tomorqadan chiqqani barakali boʻladi. Masalan, mana shu 30 tup anorning oʻzidan har yili kamida 80 kilogrammdan ortiq hosil olamiz. Anorlarni Sherobod tumani tajribasi asosida parvarishlab, yaxshi hosil olyapmiz. Uzum va boshqa mevali daraxtlarimiz ham yaxshi meva beryapti. Kartoshka, piyoz, pomidordan tortib, roʻzgʻor uchun zarur boʻlgan barcha poliz va sabzavot turlaridan ekkanmiz. Bundan tashqari, chorvamiz bor, tovuq boqamiz. Xullas, meva-chevadan tortib, goʻsht, tuxum, qatiq-sut kabi mahsulotlarning hech birini bozordan sotib olmaymiz. Aksincha, isteʼmoldan ortganini sotamiz. Bu oila byudjeti uchun yaxshigina daromad, degani.

Ikrom Saidovning aytishicha, mahallada koʻpchilik tomorqadan unumli foydalanadi. Avvallari suv tanqisligi bois bu ishning birmuncha qiyinchiliklari bor edi. Joriy yilda Nishon tumani hokimi saʼy-harakati bilan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida mahallaga 3 kilometr quvur tortilib, yangi suv tarmogʻi olib kelindi. Endilikda hududdagi xonadonlar ekinlarini har oʻn kunda sugʻorish imkoniga ega boʻlishdi. Bu mahalla ahlini tomorqasida unumli mehnat qilib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga hissa qoʻshishga undamoqda.

Joriy yilning olti oyida Qashqadaryo viloyatida 19240,6 mlrd. soʻmlik, oʻtgan yilning shu davri bilan qiyoslaganda 4,1 foiz koʻp qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilgan. Eʼtiborli tomoni, ushbu mahsulotlarning 82,1 foizi dehqon va shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari hissasiga toʻgʻri keladi. Bu bozorlarimizda oziq-ovqat mahsulotlarining moʻl-koʻlligi, hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholi bandligi, oilalarning farovon turmush-tarzini taʼminlashda tomorqaning oʻrni nechogʻli muhim ekanligini koʻrsatmoqda.

Jahongir BOYMURODOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?