Yangi kitoblar taqdimoti oʻtkazildi

14:38 25 Oktyabr 2024 Jamiyat
135 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “INFOLIB OʻZBEKISTON-2024” XIII Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida Samarqand viloyatida ham maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, tanlovlar, treninglar, mahorat darslari, kitob koʻrgazmalari, yarmarkalar tashkil etilmoqda.

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati hamkorligida “Zarafshon” gazetasi kutubxonasidan” turkumi ostida chop etilgan kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

\

Tadbirda soʻz olganlar “Mulohaza uchun”, “Gazetada aks etgan tarix” risolalari hamda jurnalist va tarjimon Togʻaymurod Shomurodovning “Mungli koʻzlar” kitobi, mutolaa zavqi, kitobga oshno boʻlish haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Taʼkidlanganidek, “Mulohaza uchun” risolasidan oʻrin olgan maqolalar kitobxonni oʻylashga, mulohaza yuritishga va mushohadaga undaydi. “Gazetada aks etgan tarix” risolasini oʻqish orqali “Zarafshon” gazetasining 1949-yildan 1991-yilgacha chop etilgan sonlarida viloyat hayotida sodir boʻlgan voqea-hodisa, oʻzgarish va yangiliklarning qisqacha maʼlumotiga ega boʻlish mumkin.

Jurnalistikaning mashaqqatli yoʻlini bosib oʻtgan, ayni kunda nafaqada boʻlishiga qaramay samarali ijod qilib kelayotgan Togʻaymurod Shodmurodovning nomi kitobxonlar va gazetxonlarga yaxshi tanish. Shu vaqtgacha ijodkorning qator kitoblari nashr etilgan. Navbatdagi tuhfa — “Mungli koʻzlar”da muallifning qiziqarli va ibratli hikoyalari, mulohaza hamda tarjimalari jamlangan. Taqdimot tadbirida Togʻaymurod Shomurodovning hamkasblari, doʻstlari va farzandlari ham ishtirok etib, uning kitobga boʻlgan mehri, oʻziga xos ijod yoʻli va “Mungli koʻzlar” kitobi haqida toʻxtalib oʻtdi.

Taqdim etilgan yangi nashrlar kitobxonlarga manzur boʻlishiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?