Yangi davrni boshlab bergan tarixiy tashrif
Prezidentimiz ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan tanishish, bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirish maqsadida 18-19-mart kunlari Toshkent viloyatida boʻlib turibdi. Davlatimiz rahbari viloyatga safari chogʻida nafaqat bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari va yirik korxonalar faoliyati bilan tanishdi, balki xalqning ichiga kirib, odamlar bilan samimiy muloqot qildi.
Ushbu tashrif hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, har bir insonning turmush darajasini yana-da yaxshilash, mahallalarda odamlar uchun munosib sharoitlarni yaratish uchun muhim qadam boʻldi, desak mubolagʻa emas. Zero, bu galgi safar chogʻida avvalgi berilgan topshiriqlar ijrosi bilan birga, uzoq yillardan buyon aholini qiynab kelayotgan koʻplab muammolar yechimiga qaratilgan yangi loyihalar koʻzdan kechirildi.
148 gektarda eksportbop poliz mahsulotlari yetishtiriladi
Global iqlim oʻzgarishi tufayli suv resurslari taqchilligi yildan yilga kuchayib borayotganini koʻrib, guvohi boʻlib turibmiz. Soʻnggi 50 yil davomida Markaziy Osiyodagi muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Qishloq xoʻjaligi ekinlari asosan egatlab sugʻorilmoqda. Koʻp yerlar lazerli uskuna bilan tekislanmagan. Kollektor-drenaj tarmoqlari eskirgan. Bularning oqibatida suv juda koʻp isrof boʻlmoqda.
Chinoz tumani Yangiobod qishlogʻida 1 million 350 ming dollar investitsiya evaziga 850 gektar yer qayta oʻzlashtirilib, jami 202 ming kub metr sigʻimga ega 3 ta suv havzasi barpo etildi va ekinlarni tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyildi. Yangi qoʻriq yerning 702 gektariga qoʻshqator usulda, plyonka ostida “Andijon-72” navli paxta ekiladi. Buning uchun zamonaviy seyalkalar olib kelingan. Ular chigit ekish bilan bir vaqtda tomchilatib sugʻorish shlanglarini oʻrnatib, plyonka bilan yopib ketadi.
Shuningdek, 148 gektarda eksportbop poliz mahsulotlari yetishtirilib, uning bir qismi ishsiz yoshlarga boʻlib beriladi. Davlatimiz rahbari Chinoz tumanida suv xoʻjaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishar ekan, ekishdan oldin sotishni oʻylash, yerni tadbirkorga berish zarurligini taʼkidladi. Chunki u bozorni, raqobatni biladi. Eng muhimi, qayta foydalanishga kiritilgan yerlarda 220 kishi doimiy, 1 ming 200 dan ziyod aholi mavsumiy ish bilan taʼminlanadi.
“Eshonobod”da zamonga munosib sharoit yaratiladi
Chinoz tumanidagi Eshonobod mahallasida 3 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ularga munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida “Obod qishloq” dasturi doirasida uylar, maktablar, yoʻllar va kommunal tarmoqlar taʼmirlanib, zamonaviy madaniyat saroyi barpo etildi.
Fayzobod koʻchasida qad rostlagan mahalla markazida “Obod va xavfsiz mahalla”, “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyillari asosida fuqarolar bilan ishlash, ijtimoiy muammolarni hal qilish boʻyicha yangi tizimni samarali joriy etish uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Binoda mahalla fuqarolar yigʻini raisi, uning oʻrinbosari va turli yoʻnalishlar boʻyicha maslahatchilari, profilaktika inspektori oʻzaro uygʻun va samarali faoliyat koʻrsatadi.
Aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, dam olish sharoitlarini yaxshilash uchun “Kitobxonlar bogʻi”ning barpo qilingani – mahalla hayotida katta voqea boʻldi. Bu xiyobon – mamlakatimiz va jahondagi eng nodir meʼmoriy obidalarning ixcham maketlarini oʻzida mujassam etgan.
Davlatimiz rahbari shu yerda mahallaning turli millatga mansub vakillari bilan suhbatlashdi.
Viloyatda salkam 3 million aholi borligi, shundan 150 ming nafari ishsizligi qayd etildi. Demak, bundan buyogʻiga har bir mahalladagi “oʻsish nuqtalari”ni topib, shunga javobgarlarni belgilash, zarur mablagʻlarni berib, odamlarni ish bilan taʼminlash lozim boʻladi. Buning uchun ichimlik suvi, elektr energiyasi, yoʻl, taʼlim va boshqa sharoitlarni yaxshilash darkor. Bu maqsadlar, yirik va oʻrta loyihalar uchun viloyatga 119 trillion soʻm yoʻnaltirilishi koʻplab fuqarolarimiz koʻnglingni togʻday koʻtarib, ularni ertangi kunga boʻlgan ishonchini yana-da oshirdi.
«Qoʻjakent tekstil grup» korxonasida ikki smenada 500 nafar xotin-qiz ishlaydi. Oxirgi bir yarim oyda 100 ming dollarlik tayyor kiyimlar eksport qilingan. Korxonaning oʻzida tikish-bichishni oʻrgatuvchi 200 oʻrinli oʻquv markazi ham ochilgan.
Davlatimiz rahbari mazkur korxonadagi ish jarayonini koʻzdan kechirar ekan, mutasaddilarga tadbirkorlarga koʻmaklashib, bino va mablagʻlar ajratib, bunday kichik korxonalarni koʻpaytirish va 3 ming nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatma berdi. Bundan anglash mumkinki, endilikda bu hududda ishsizlik muammosi hal etilib, uyda oʻtirgan ayollarimiz doimiy ish joylariga ega boʻlishadi.
40 ming gektar yaylov va lalmi yer maydoni oʻzlashtiriladi
Yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash — davlatimiz siyosatining eng ustuvor yoʻnalishi. Shu sababli bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan hamma harakatlar aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan. Agar odamlar ishli boʻlsa, aholi jon boshiga daromad koʻpaysa, joylarda ham muammolar boʻlmaydi. Demak, Toshkent viloyatini ishsizlik minimal darajada boʻlgan hududga aylantirish har qachongidan ham muhimroqdir. Buning uchun esa viloyatda hamma sharoit bor.
Masalan, "TST Rice” majmuasi joylashgan maydon ham ilgari tashlandiq joy edi. 27 milliard soʻmlikdan ziyod loyiha tufayli ushbu 6 gektar hududda zamonaviy majmua barpo etildi. U xirmon maydoni, umumiy sigʻimi 15 ming tonnalik 2 ta yopiq ombor, sholini tozalash va quritish sexi hamda qayta ishlash zavodini oʻz ichiga olgan.
Sholini tozalash va quritish sexi toʻrtta liniya bilan jihozlangan. Ularning har biri yordami bir smenada 120 tonna sholini quritish mumkin. Bu yerda boshqa dukkakli mahsulotlarni tozalash va quritish ham mumkin. Yana bir eʼtiborli jihati, bu yerda koʻplab ish oʻrinlari yaratilgan. Mamlakatimiz rahbari Quyi Chirchiq tumanidagi «TST Sluster” klasteri tomonidan bunyod etilgan sholini qayta ishlash zavodi faoliyati ham bilan tanishdi.
Shu yerda viloyat qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilikni rivojlantirish boʻyicha loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Bugungi kunda viloyatda 31 446 gektar boʻlib, shundan 17 066 gektariga bahorgi ekinlar ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2021-2022-yillarda qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida meva-sabzavot, dorivor oʻsimliklarni qayta ishlash, muzlatkich, agrologistika markazi, chorvachilik majmuasi, issiqxonalar barpo etish, uzumzor va bogʻ yaratish kabi loyihalar amalga oshiriladi.
Ushbu maqsadlar uchun 218,4 million dollar, shu jumladan, qariyb 95 million dollar xorijiy investitsiya yoʻnaltirilib, 7 ming 800 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan. Jumladan, joriy yil yakuniga qadar 40 ming gektar uzumzor, 60 ming gektar bogʻ tashkil etiladi.
Ohangaron va Parkent tumanlarida “Textile technologies group” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan agrosanoat klasteri tashkil etilishi ham muhim yangilikdir. Sababi qiymati 60,3 million dollardan iborat mazkur loyihaning birinchi bosqichi 2021-2022-yillarda amalga oshirilishi natijasida 40 ming gektar yaylov va lalmi yer maydoni oʻzlashtiriladi.
Loyihaning 2022-2023-yillarga moʻljallangan ikkinchi bosqichida esa 5 ming bosh naslli qoramol, 50 ming qoʻy va echki boqish yoʻlga qoʻyilib, chorvachilik kompleksi, sutni qayta ishlash korxonasi, yogʻ ekstraksiyasi zavodi, don va omixta yemni qayta ishlash korxonasi barpo etiladi.
Sanoatni koʻtarish, ish joylari ochish boʻyicha katta ishlar boshlanadi
Chirchiq — Toshkent viloyatining eng yirik shaharlaridan biri. Hudud rivojlangani sari aholi soni ham ortib bormoqda. Shaharning Shodlik mahallasida qurilgan 4 ta 16 qavatli uy aholining oʻsib borayotgan talabini taʼminlashga qaratilgan. Ularda jami 288 xonadon boʻladi. Toʻrtalasi ham shu yil foydalanishga topshiriladi.
17 ta xonadon nogironligi bor hamda uy-joyga muhtoj ayollarga, 15 tasi oʻz sohasida alohida oʻrnak koʻrsatayotgan yosh oilalarga ajratilgan. Prezidentimiz qurilishning borishi bilan tanishdi. Shu yerda Chirchiq shahrini rivojlantirish boʻyicha bosh reja muhokama qilindi. Yangi turar joylar qurish, eski uylarni renovatsiya qilish, boʻsh turgan binolardan samarali foydalanib, Toshkent shahridagi ayrim ishlab chiqarish korxonalarini shu yerga koʻchirish hamda yangi loyihalarni joylashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Chirchiq shahridagi Iftixor mahallasida yashovchi odamlar bilan suhbat jarayonida bu hudud bir paytlar dongʻi ketgan shaharligini, shu bois, endi bu yerda ham hamma sharoitlar yaratilishini bildirdi. Sanoatni koʻtarish, ish joylari ochish, yoʻlni, issiqlik taʼminotini yaxshilash boʻyicha katta ishlarni boshlanayotganligi taʼkidlandi. Davlat rahbarining mahallalarni aylangani bu gal ham aholining koʻnglini koʻtardi.
Yurtboshimiz hududdagi “Lola” mahallasida ham boʻlib, mahalla raisi, nuroniylar hamrohligida 35-uydagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga kirib, hol-ahvol soʻradi. “Lola” mahalla fuqarolar yigʻinida qariyb 3 ming nafar turli millat vakillari yashaydi. Mahalla ahli ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatadi.»Temir daftar», “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kirganlarni ish bilan taʼminlashga hududdagi 6 ta tadbirkorlik subyekti ham hissa qoʻshyapti.
Xulosa oʻrnida aytganda, Prezidentimizning Toshkent viloyatiga tashrifi davomida koʻzdan kechirilgan istiqbolli loyihalar, boʻlib oʻtgan uchrashuv va suhbatlar joriy yilda hududda yangi marralar sari dadil qadamlar qoʻyilib, aholi farovonligini oshirishda muhim yutuqlar qoʻlga kiritilayotganining yana bir yorqin tasdigʻi boʻldi. Demak, endi belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashda bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilishimiz, har bir ezgu ishda faol va tashabbuskor boʻlishimiz kerak.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- Loyihaoldi va xarid hujjatlarini kompleks ekspertiza qilish tizimi samaradorligi oshiriladi
- “Oʻzgidromet” shoshilinch ogohlantirish eʼlon qildi
- Togʻ-kon sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring