Yaylovlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 2 aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019 yil 3 mayda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Yaylovlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Yaylovlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining yaylovlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Yaylovlar
Yaylovlar chorva mollari uchun ozuqa boʻlgan oʻsimliklarning tabiiy qoplamiga ega yerlardir.
Yaylovlar umummilliy boylik boʻlib, davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Yaylovlar choʻldagi, yarim choʻldagi, togʻ oldidagi, togʻdagi
va tekislikdagi, suv bilan taʼminlangan hamda suv bilan taʼminlanmagan yaylovlarga ajratiladi.
Togʻdagi yaylovlar mavsumiy boʻlib, ulardan yilning faqat muayyan vaqtida foydalaniladi.
2-bob. Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasini tartibga solish
4-modda. Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish;
yaylovlarni saqlab qolishga qaratilgan qoidalar, normalar va normativlarni belgilash;
davlat nazoratini amalga oshirish;
yaylovlardan oqilona foydalanishni, ularni muhofaza qilishni, takror koʻpaytirishni va tiklashni taʼminlash;
ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish;
xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
5-modda. Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat boshqaruvi
Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat boshqaruvini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari amalga oshiradi.
Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi.
6-modda.Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha davlat dasturlarini tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
yaylovlarni foydalanish uchun berish tartibini tasdiqlaydi.
7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz vakolatlari doirasida:
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi;
yaylovlarda pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish normalari hamda muddatlarini tasdiqlaydi;
yuridik va jismoniy shaxslarga yaylovlarni foydalanish uchun beradi;
yaylovlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha choralar koʻradi;
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining yaylovlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi:
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
yaylovlarning holatini yaxshilash, ulardan foydalanishni prognoz qilish va istiqbolli rejalashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
yaylovlarni inventarizatsiyadan oʻtkazadi;
yaylovlarni geobotanik jihatdan tekshirishni amalga oshiradi;
yaylovlarning monitoringini yuritadi.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining yaylovlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazadi;
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi;
yaylovlardagi oʻsimliklar holatining monitoringini oʻtkazishda ishtirok etadi.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi:
oʻrmon fondi yerlarida yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
yaylovlarda pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish normalari hamda muddatlarini belgilashda ishtirok etadi;
chorva mollarini oʻtlatish uchun uchastkalar berilishini taʼminlaydi;
oʻrmon fondi yerlarida yaylovlar monitoringini oʻtkazishda ishtirok etadi.
11-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolarning yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni tashkil etishdagiishtiroki
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar:
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha tadbirlar oʻtkazilishiga koʻmaklashadi;
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
12-modda. Yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmalari
Yaylovlardan foydalanuvchilar yaylovlardan birgalikda foydalanish hamda ularni muhofaza qilish uchun yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmalarini tuzishi mumkin.
Yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmalari yaylovlardan oqilona foydalanishga va ularni muhofaza qilishga doir ishlarni tashkil etadi hamda yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
3-bob. Yaylovlardan foydalanish
13-modda. Yaylovlardan foydalanish huquqi
Yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalarini doimiy egalik qilishga, ijaraga, shuningdek vaqtincha foydalanishga olish yoʻli bilan yaylovlardan foydalanishi mumkin.
Yaylovlar doimiy egalik qilishga, ijaraga va vaqtincha foydalanishga mahalliy davlat hokimiyati organlarining qaroriga koʻra berilishi mumkin.
Oʻrmon fondi yerlarida yaylovlardan davlat oʻrmon xoʻjaligi organlarining ruxsatnomasi boʻyicha foydalaniladi.
14-modda. Yaylovlardan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Yaylovlardan foydalanuvchilar:
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarga muvofiq chorva mollarini oʻtlatish va pichan oʻrish;
yaylov infratuzilmasini barpo etishga doir ishlarni amalga oshirish;
yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmasini tuzish huquqiga ega.
Yaylovlardan foydalanuvchilar:
yaylovlardan ularning belgilangan maqsadiga koʻra oqilona foydalanishi;
yaylov oʻsimliklarini takror koʻpaytirishga koʻmaklashishga, oʻsimlik qoplamini tiklashga, shuningdek yaylovlarning tanazzulga uchrashiga yoʻl qoʻymaslikka doir chora-tadbirlarni amalga oshirishi;
yaylovlar almashinishini tashkil etishi va unga rioya qilishi;
yaylovlarda yongʻinlarning oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrishi, yongʻin oʻchoqlarining oʻz vaqtida tugatilishini taʼminlashi;
yaylov oʻsimliklari zararkunandalariga va kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirishi;
yaylovlarni saqlab qolishga qaratilgan belgilangan qoidalar, normalar va normativlarga rioya etishi shart.
15-modda. Yaylovlardan foydalanishga doir tadbirlar
Yaylovlardan foydalanishga doir tadbirlar yaylovlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish va geobotanik jihatdan tekshirish maʼlumotlaridan kelib chiqqan holda tuziladi hamda quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
yaylovlardan foydalanuvchilarning roʻyxatini;
yaylovlarda oʻtlatish uchun moʻljallanadigan chorva mollari roʻyxatini;
hayvonlar kasalliklarini profilaktika qilishni;
yaylovlarning chegaralari va uchastkalari belgilangan xaritani;
podaning mavsumiy harakatlanish yoʻnalishlarining kalendar jadvalini, yaylovlarning almashinishi, chorva mollari haydab oʻtiladigan joylar va foydalaniladigan qoʻtonlar sxemalarini;
yaylov infratuzilmasi obyektlarini rivojlantirishni, shu jumladan suvloqlarni tiklashni;
yaylov uchastkalarining holati va sifatini yaxshilashni, oʻt-oʻlanlar tanazzulga uchrashining oldini olishni.
16-modda. Yaylovlardan foydalanish normalari va muddatlari
Chorva mollarini oʻtlatish va pichan oʻrish yaylovlarning turiga, shuningdek yaylovning muayyan uchastkasida oʻtlatiladigan chorva mollarining turi va soniga qarab tasdiqlanadigan yaylovlardan foydalanish normalari hamda muddatlariga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Yaylovlardan foydalanish normalari va muddatlari yaylovlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish hamda geobotanik jihatdan tekshirish materiallari asosida belgilanadi.
17-modda. Yaylovlarning almashinishi
Yaylovlarning almashinishi yaylov uchastkalaridan davriy ravishda va navbati bilan foydalanishdir.
Yaylovlarning almashinishini taʼminlash uchun yaylovlar uchastkalarga ajratiladi.
Yaylovlarning almashinish uchastkalari maydonini belgilashda yaylovlar uchastkasi uchun eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan foydalanish normasi inobatga olinadi.
Yaylovlarning almashinishi yaylovlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish uchun tashkil etiladi.
18-modda. Yaylovlardan foydalanganlik uchun haq toʻlash
Yaylovlardan foydalanganlik uchun haq yer soligʻi yoki ijara haqi tarzida undiriladi.
19-modda. Yaylovlardan foydalanish huquqining tugatilishi
Yaylovlardan foydalanish huquqi quyidagi hollarda tugatiladi:
yuridik shaxs tugatilganda;
jismoniy shaxs vafot etganda;
yaylovlar berilgan muddat tugaganda;
boshqa maqsadda foydalanilganda;
oqilona foydalanilmaganda;
yaylov yerlari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilganda;
yaylovlardan foydalanishdan ixtiyoriy ravishda voz kechilganda.
20-modda. Yaylovlardan foydalanish huquqini cheklash
Tanazzulga uchragan yaylovlarni takror koʻpaytirish va tiklash, Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob hamda yoʻqolib ketayotgan oʻsimlik va hayvonlar turlarini muhofaza qilish maqsadida maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan yaylovlardan foydalanishga cheklovlar hamda taqiqlar belgilanadi.
4-bob. Yaylovlarni muhofaza qilish, takror koʻpaytirish va tiklash
21-modda. Yaylovlarni muhofaza qilish
Yaylovlarni muhofaza qilish yaylovlardan belgilangan maqsadda, oqilona foydalanishga, ularni takror koʻpaytirishga va tiklashga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, iqtisodiy va boshqa tadbirlar tizimini oʻz ichiga oladi.
Yaylovlarni muhofaza qilish:
yaylovlardan foydalanish, ularni takror koʻpaytirish va tiklash qoidalari, normalari hamda normativlarini belgilash;
yaylovlardan foydalanishga cheklovlar va taqiqlar belgilash;
yaylovlardan oʻzboshimchalik bilan foydalanishning, oʻsimliklarni payhon qilishning oldini olish va ularga barham berish;
yaylovlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish;
yaylovlarning geobotanik jihatdan tekshirilishini amalga oshirish;
yaylovlarning monitoringini yuritish;
yaylovlardan foydalanish, ularni takror koʻpaytirish va tiklash ustidan nazoratni amalga oshirish yoʻli bilan taʼminlanadi.
22-modda. Yaylovlarni takror koʻpaytirish va tiklash
Yaylovlarni takror koʻpaytirish va tiklash yaylovlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish hamda geobotanik jihatdan tekshirish asosida amalga oshiriladi.
Yaylovlarni takror koʻpaytirishga doir tadbirlar tuproq unumdorligini, yaylovlardagi oʻsimliklar qoplamining miqdoriy va sifat holatini saqlab turishning tabiiy jarayonlariga koʻmaklashishdan iboratdir.
Yaylovlardagi tiklash tadbirlari oʻsimliklarning muayyan turlarini ekishni qoʻllash yoʻli bilan amalga oshiriladi. Bunda tabiiy yaylovlarda oʻsimliklarning begona turlarini ekish taqiqlanadi.
23-modda. Yaylovlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish
Yaylovlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish yaylovlar holatining miqdoriy va sifat koʻrsatkichlarini aniqlashga hamda kartografik va boshqa materiallarda yaylovlarning holatini tasvirlashga (aks ettirishga) doir ishlar majmuidan iboratdir.
Inventarizatsiya jarayonida sifat holati yaxshilanishi talab etiladigan va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlgan tanazzulga uchragan yaylov uchastkalari, shuningdek suv bilan taʼminlanmagan yaylovlar aniqlanadi.
Yaylovlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish materiallaridan yaylovlarda pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish normalari hamda muddatlarini belgilash uchun foydalaniladi.
24-modda. Yaylovlarni geobotanik jihatdan tekshirish
Yaylovlarni geobotanik jihatdan tekshirish yaylovlarning mahsuldorligini, oʻt-oʻlanlarning tuzilishi va tarkibini, ularning unib chiqish joylarini, yaylovlardan chorva mollarini oʻtlatish uchun foydalanish imkoniyatini, yaylovlardagi oʻsimliklarning sifati va zaxiralarini aniqlash maqsadida oʻtkaziladigan tekshiruvdir.
Yaylovlarni geobotanik jihatdan tekshirish materiallaridan:
yer tuzish loyihalarini ishlab chiqishda;
ajratilgan uchastkada yerni, oʻsuvchi oʻtlarning ozuqaboplik xususiyatlarini kadastr jihatdan baholashda;
yaylovlardan foydalanishni yaxshilash boʻyicha ishlar amalga oshirilishini oʻz ichiga oladigan yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqishda;
yaylovlarning geobotanik xaritalarini tuzishda;
yerlarni rekultivatsiya, konservatsiya qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilishda, yerdan foydalanishga doir cheklovlar belgilashda, yaylovlarni takror koʻpaytirish, tiklash, muhofaza qilish va ularning hosildorligini oshirish boʻyicha tadbirlar oʻtkazishda, shuningdek yaylovlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish yuzasidan tadbirlar ishlab chiqishda foydalaniladi.
25-modda. Yaylovlar monitoringi
Yaylovlar monitoringi yaylovlar toʻgʻrisidagi miqdoriy va sifatga doir maʼlumotlar haqida axborot toʻplash, ularning holatini baholash va prognoz qilish, salbiy jarayonlarni aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida yaylovlarning holati, yaylovlardan foydalanish natijasida yuzaga kelayotgan oʻzgarishlar yuzasidan kuzatuvlar tizimidir.
Yaylovlarni geobotanik jihatdan tekshirish va inventarizatsiyadan oʻtkazish yoʻli bilan olingan tizimli kuzatish maʼlumotlari monitoringning asosidir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha yaylovlarning holati toʻgʻrisidagi monitoring maʼlumotlari Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining veb-saytida vaqti-vaqti bilan joylashtirib boriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
26-modda. Yaylovlarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash
Yuridik va jismoniy shaxslar yaylovlarni ifloslantirganlik, ulardan oqilona foydalanmaganlik, ularning tanazzulga uchraganligi va yaylovlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzganlik natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi shart.
27-modda. Nizolarni hal etish
Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
28-modda. Yaylovlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Yaylovlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor yuridik va jismoniy shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
29-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
30-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonungamuvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan
oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
31-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 20 may
№ OʻRQ—538
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring