Vodil malinasi jahon bozorida xaridorgir

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona tumanining 15 ta mahallasida malinachilik jadal rivojlanib, ushbu tarmoq hududning oʻziga xos drayveriga aylandi. Ayni paytda Vodildagi bir necha mahallalarda istiqomat qiluvchi aholi ham oʻz tomorqasida malina yetishtirishda katta tajriba ega. Shu bois mazkur hududda yetishtirilayotgan tabiiy shifobaxsh va darmondorilarga boy malina mamlakatimizning barcha hududlariga ichki bozor isteʼmoli uchun yetkazib beriladi.
Quvonarlisi, keyingi yillarda tuman mirishkorlari mahalliy navlardan tashqari eksportbop, Yevropa navlaridan ham yuqori hosil hamda daromad olishga erishyapti. Hozirgi kunda hududdagi 5,6 mingdan ziyod shaxsiy tomorqa egalari, fermer va dehqon xoʻjaligi yerlarida 620 gektardan ortiq maydonda yetishtirilayotgan malina hosili dunyo bozorlariga yetkazib berilmoqda. Buning samarasi sifatida tarmoqdagi yuksalish koʻlami tobora oʻsib borishi taʼminlanyapti.
Shu kunlarda tumandagi “Alpomish Xosiyatxon” bogʻdorchilik fermer xoʻjaligining 14 gektar yerida Italiyaning 12 xil navdagi malina hosili yigʻib olinib, ekologik toza tabiiy mahsulot zamonaviy gofra qutilarga qadoqlangan holda eksportga tayyorlanmoqda.
— Eksportbop Italiya malinasining har gektaridan yiliga ikki marta 25 tonna hosil olinadi, — deydi “Alpomish Xosiyatxon” bogʻdorchilik fermer xoʻjaligi rahbari Elyor Nishonov. — Hozirda 1 kg malina jahon bozorida 6 dollar ekanligini inobatga olib, joriy mavsumda undan oʻrtacha 120-150 ming dollar daromad olishni maqsad qilganmiz.
Bundan tashqari, bahorgi ekish mavsumi uchun 120 ming dona malina koʻchati tayyorlab sotdik. Bu ham qoʻshimcha daromad.
Aytish joiz, davlatimiz rahbarining 2024-yil 11-12-iyul kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida Fargʻona tumani eksport salohiyatini oshirish maqsadida 200 gektar yerda sanoat usulida Italiya va Polshaning serhosil malina navlarini ekish boʻyicha tashabbus ilgari surilgan edi. Bu boradagi rejalar bosqichma-bosqich amalga oshirilib, hozirda “MARWIN FRUITLINE” MCHJ tomonidan 23 gektar maydonda Polshadan keltirilgan malina koʻchatlari belgilangan agrotexnik tadbirlar doirasida parvarishlanmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring