Velosipedda harakatlanish qoidalarini bilamizmi?

19:58 16 May 2022 Jamiyat
20052 0

Maʼlumki, yoʻl harakati ishtirokchilari sifatida nafaqat avtotransport vositalari, piyodalar, balki velosiped va boshqa yoʻlda harakatlanuvchi transport vositalari ham nazarda tutiladi.

Soʻngi yillarda velosiped bilan bogʻliq avariyalarning miqdori koʻpayib bormoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, velosiped bilan sodir etilgan jami yoʻl transport xodisalari 2019-yilda 731 ta, 2020-yilda 839 ta, 2021-yilda 1075 tani tashkil qilgan. Koʻrsatkichning ortib borayotganligi, yoʻl harakati ishtirokchilarining velosipedda harakatlanish qoidalariga yetarli darajada eʼtibor bermasligini anglatadi.

Qolaversa, atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurashishning eng yaxshi yoʻli koʻchalarda kamroq avtomobil boʻlishi lozim. Bunda velosipedlar muhim oʻrin tutadi. Velosipedlar eng tejamkor, sokin va manevrli transport turi hisoblanib, yoʻllar va toʻxtash joylarida kamroq joyni egallashi bilan ahamiyatlidir.

Qonunchiligimizda, velosiped bilan harakatlanishda bir qator qoidalar belgilangan boʻlib, ushbu transport turini haydashdan oldin tegishli yoʻl-yoʻriqlarni bilish maqsadga muvofiqdir. Quyida velosiped bilan harakatlanish yuzasidan milliy qonunchiligimiz hamda ushbu sohada ilgʻor xorij tajribasini tahlil qilamiz.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-martdagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarida velosiped harakatlanishiga doir qoʻshimcha talablar belgilangan boʻlib, unga koʻra, yoʻlda velosipedni boshqarish 14 yoshdan kichik boʻlmagan shaxslarga ruxsat etiladi.

Shuningdek, velosipedlar yoʻlning chetki oʻng boʻlagida imkoni boricha oʻng tomonidan bir qator boʻlib harakatlanishiga yoʻl qoʻyiladi. Agar piyodalarga xalaqit bermasa, yoʻl yoqasidan harakatlanishi mumkinligi belgilangan.

Velosiped tovushli ishora moslamasi bilan jihozlangan va tormoz tizimi soz boʻlishi zarur. Qorongʻi vaqtda va yetarlicha koʻrinmaslik sharoitida harakatlanish uchun velosipedning old tomoniga oq rangli nur qaytargich va chiroq, orqa tomoniga qizil rangli nur qaytargich va chiroq, yon tomonlariga esa, zargʻaldoq yoki qizil rangli nur qaytargich oʻrnatilishi kerakligi belgilangan.

Qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishga asosan, velosiped yoʻlkasi boʻlmagan holda yoʻlning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar sutkaning qorongʻi vaqtida va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementli parchalari boʻlgan ustki kiyimda boʻlishi shart.

Ushbu nur qaytaruvchi elementli parchalar boshqa haydovchilar tomonidan koʻrinishi taʼminlanishi kerak.

Ahamiyatli tomoni, velosiped haydovchilariga quydagilar taqiqlanadi:

roʻlni ushlamasdan yoki bir qoʻlda ushlab harakatlanish;

— yoʻlovchi tashish (ishonchli oyoq qoʻygich bilan jihozlangan qoʻshimcha oʻrindiqda 7 yoshgacha boʻlgan yoʻlovchini tashish bundan mustasno);

— gabaritdan boʻyiga va eniga 0,5 metrdan ortiq chiqib turgan yoki boshqarishga xalaqit beradigan yuklarni tashish;

— velosiped yoʻlkasi boʻlgan holda yoʻlning qatnov qismida harakatlanish;

— tramvaylar harakatlanadigan yoʻllarda va tegishli yoʻnalishda boʻlagi bittadan koʻp boʻlgan yoʻllarda chapga burilish yoki qayrilib olish.

Chorrahadan tashqaridagi tartibga solinmagan velosiped yoʻlkasi bilan yoʻl kesishmasida velosiped haydovchilari yoʻlda harakatlanayotgan transport vositalariga yoʻl berishlari kerak.

Qolaversa, qonunchiligmizda velosipedda harakatlanuvchi shaxslarning transport vositasini boshqarishda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 136 va 138-moddalarida quydagi hollatlar uchun tegishli maʼmuriy javobgarlik choralari belgilangan:

— velosiped haydovchisining alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast boʻlgan holda yoʻl harakati qoidalarini buzishi;

— velosiped haydovchilarining yoʻl harakatini tartibga soluvchi signallarga boʻysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki koʻrsatma beruvchi yoʻl belgilari talablariga rioya etmasligi;

— velosiped haydovchisining alkogolli ichimlikdan, giyovand modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mastligi yoki mast emasligini belgilangan tartibda aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlashi.

Bu kabi transport turi uchun belgilangan talablar ilgʻor xorij davlatlarning ushbu sohadagi qonunchiligiga deyarli oʻxshash ekanligini qayd etish joizdir. Xususan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiyada velosipedlarinng harakati yoʻlning oʻng chetida, harakatlanayotgan transport boʻylab yurish tartibiga rioya qilinadi. Aynan velosipedlarning jihozlanish talablari ham deyarli bir xil.

Shunga qaramay, belgilangan yosh chegarasi, ushbu transportning qanday jihozlanishi lozimligi hamda bu kabi transport vositasini harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik holatlari biroz farq qiladi.

Germaniyada velosipedda harakatlanishga yaroqli deb hisoblanishi uchun qonuniy ravishda unga egalik huquqi boʻlishi kerak. Bu kabi transport vositalarida har bir gʻildirakda kamida 2 ta sariq rangli reflektor yoki muqobil ravishda shinalar, baland ovozli qoʻngʻiroq hamda ikkita mustaqil ishlaydigan tormozlash moslamasi mavjud boʻlishi kerak. Ushbu talablaradan birini bajarmaslik alohida tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.

Germaniya bolalarning velosipedda harakatlanish uchun ham juda qulay mamlakatdir. Unga koʻra, 8 yoshgacha boʻlgan bolalar asfaltda velosipedda yurishlari mumkin. 8 yoshdan 10 yoshgacha boʻlgan bolalar velosiped yoʻlakchasida yoki yoʻlakda velosipedda yurishlari mumkin.

Buyuk Britaniyada ham velosipedda ikkita ishlaydigan tormoz tizimi boʻlishi lozimligi boʻyicha talab mavjud. Shunga qaramay, Buyuk Britaniyada velosiped qoʻngʻirogʻi boʻlishi qonun bilan talab qilinmaydi, ammo bunga ega boʻlish ijobiy deb qaraladi. Buyuk Britaniyada hamma yoʻlning chap tomonida harakatlanishi kerak. Bu kabi transport vositalarini avtomobil transport oqimiga qarshi haydash taqiqlanadi.

Yaponiya yoʻllarida velosiped va boshqa avtotransport vositasi boʻlmagan transportlar chap tomondan harakatlanishi kerak. Agar velosiped yoʻlagi boʻlmasa, transport vositalari oqimi bilan birga yurish talabi qoʻyiladi. Ushbu holatda, faqat 13 yoshgacha boʻlgan bolalar yoʻllarda harakatlanishi mumkin. Yaponiyada ham Germaniyadagi kabi velosipedlarni maʼlum toʻlov evaziga mahalliy politsiya boʻlimlaridan fuqaro nomiga roʻyxatdan oʻtkaziladi. Unda fuqaroning shaxsiy va velosiped haqidagi malumotlar, shu jumladan seriya raqami va ishlab chiqaruvchisi ham keltiriladi. Ahamiyatli tomoni, Yaponiya yirik shaharlarida velosipedlar harakatlanish uchun sugʻurta ham talab qilinadi

Ushbu davlatlarda, har bir qoidalarni buzganlik uchun alohida tartibda jarima jazosi ishlab chiqilgan boʻlib, ular alohida qonun bilan tartibga solinishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Boisi, qonunlarning har biri alohida transport turi uchun ishlab chiqilgan va javobgarlik masalasi aynan ushbu qonunning oʻzida koʻrsatib oʻtilgan.

Xulosa oʻrnida takidlash joizki, fuqarolar tomonidan velosipeddan foydalanishda hamda boshqa turdagi transport egalari, piyodalar yuqorida keltirilgan qoidalarga amal qilishlari xavsiz va qulay yoʻl harakatini yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi. Qolaversa, velosipeddan harakatlanishda, ushbu sohadagi ilgʻor xorij davlatlarining tajribasini milliy qonunchiligimizda qoʻllash yoʻl harakati faoliyatiga oid tartib-qoidalarning yanada rivojlanishiga olib keladi.

Boburjon DONAYEV,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti maʼsul xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?