Vazir JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori bilan uchrashuv oʻtkazdi

10:42 23 May 2023 Jamiyat
427 0

Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasidagi ishtiroki doirasida JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge bilan uchrashdi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda tashkilot bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanyapti. Xususan, 2019-yil sentyabr oyida JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktorligiga saylangan doktor Xans Klyuge 2020-yil 10-fevral kuni oʻzining ilk rasmiy xorijiy tashrifini byuroga aʼzo 53 davlat orasida aynan Oʻzbekistondan boshlagani ham buning tasdigʻi.

Pandemiya davrida JSST koʻmagida mamlakatimizga SOVID-19 ga qarshi vaksina, tibbiy jihoz va preparatlar keltirilishi, tashkilot tomonidan kasallikni davolash boʻyicha ishlab chiqilgan tavsiyalar minglab yurtdoshlarmiz hayotini saqlab qolish imkonini berdi.

Muloqotda asosiy eʼtibor mamlakatimizda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koʻmagida amalga oshirilayotgan yangilanishlarning ahamiyati, samaradorligi va istiqbollari muhokamasiga qaratildi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar, jumladan, Orolboʻyi mintaqasi va olis hududlar aholisi salomatligini yanada yaxshilash borasidagi ishlar hamda ularning natijalari haqida maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, keyingi davrda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimini xalqaro standartlar darajasida transformatsiya qilishga kirishilgan. Buning natijasda tibbiyot xalqqa yanada yaqinlashib, sohada koʻrsatilayotgan xizmatlar qamrovi va sifati oshib boryapti.

Xususan, 2021-yil iyul oyidan Sirdaryo viloyatida sinov tariqasida joriy etila boshlangan davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi oʻzini oqladi va navbatdagi bosqichda bu ilgʻor usul yurtimizning boshqa hududlarida ham ommalashtirilyapti.

Qolaversa, Oʻzbekiston JSST bilan hamkorlikda noinfeksion kasalliklarning oldini olish va unga qarshi kurashish, sogʻlom turmush tarzi targʻiboti, onalar va bolalar salomatligi koʻrsatkichlarini yaxshilash borasida ham JSST tavsiyalariga qatʼiy amal qilmoqda.

Chunonchi, mamlakatimizda “Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish imkoniyatlarini yaxshilash” loyihasi doirasida ijobiy koʻrsatkichlarga erishilyapti.

Tashkilotning Yevropa mintaqaviy byurosi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2022-2025-yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida salomatlik va farovonlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” butun mintaqa, shu jumladan respublikamizda koronavirus oqibatlari va asoratlarini bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Binobarin, hujjatdan global iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq chora-tadbirlar oʻrin olgani ham eʼtiborga molik.

Oʻz navbatida, X. Klyuge yurtimiz tibbiyotini transformatsiya qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini taʼkidlab, oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida yaqin davrda Oʻzbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi.

Yakunda JSST Yevropa byurosi ekspertlarini mamlakatimizda “Sogʻliqni saqlash sohasini rivojlantirish” strategiyasini ishlab chiqishga jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер