“Vatan — bamisoli quyoshga oʻxshash...”

Foto: Arxiv surat
20-yanvar — Oʻzbekiston xalq shoiri
Xurshid Davron tavallud topgan kun
Xurshid Davron otashli qalbdan chiqqan yoniq sheʼriyati, soʻzi va fikrlari bilan adabiyot muhiblari orasida tanilgan hamda sevilgan shoirdir. Uning “Shahardagi olma daraxti”, “Tungi bogʻlar”, “Uchib boraman qushlar bilan”, “Toʻmarisning koʻzlari”, “Bolalikning ovozi”, «Qaqnus», “Bahordan bir kun oldin”, “Bibixonim” singari kitoblari koʻplab oʻquvchilar mehrini qozongan.
Ijodkor bugun yana bir yosh dovonidan oshib oʻtdi. Shoirning yana koʻplab shunday dovonlardan sogʻ-salomat, bardam oshib oʻtishiga, adabiyot ixlosmandlarini xushnud etib, yangi-yangi asarlar yozishiga tilakdoshmiz.
VATAN
Dilingizda boʻlsin quvonchi, gʻami,
Kitoblarda emas, qogʻozda emas.
Boʻzda yashaysizmi, Buxorodami,
Siz bilan barobar u olsin nafas.
Bolangizni belab qoʻying tush payti,
Tollar belanchakni uchirsin koʻkka.
Ammo siz boshida allalar ayting,
Vatan tuygʻusini soling yurakka.
Ayting, dalalarda egilgan lahza,
Ayting, quyosh qonga botib yotganda.
Ayting, quvonchu gʻam solganda larza,
Ayting, oq koʻylakli tonglar otganda.
Janozada yigʻlab allalar ayting,
Ayting, shuurlaru kurashlar aro.
Toki qalbimizda joʻsh urgan tuygʻu
Farzandlar qalbida bersin aks-sado.
Ona Toʻmarisning shonli qismati,
Jaloliddin tigʻi taratgan jarang,
Bizning yurakkacha, balki yetmasdi,
Boʻlmaganda, xalqim, allang – xotirang.
Beruniy yulduzi, Sino kahkashoni
Falakdan yoʻlimiz yoritib boqsin.
Mahmud Torobiyning muqaddas qoni
Farzandlar qalbida joʻsh urib oqsin.
Hazrat Sohibqiron tuzuklaridan
Koʻchib, fikrlarni yoritsin surur,
Dillarni charogʻon etsin Navoiy
Qalami taratgan hikmatli shuur.
Mirzo Ulugʻbekning rasadin toqi,
Yurgan yoʻlimizga nurlar toʻshasin,
Vatan deb jon bergan har botir xoki
Dilda nafas olsin, dilda yashasin.
Vatan – yurakdagi quvonch, qaygʻu, shasht,
Uni tirik saqlar yurakdagi sas.
Vatan – bamisoli quyoshga oʻxshash,
Vatan ham odamdek oladi nafas.
ALPOMISHNING UYGʻONISHI
Bepoyon dalada bir botir uxlar,
Sochlari chatishib ketgan giyohga.
Qay sado botirni yana qaytarar,
Bu koʻhna, bu soqov, bu kar dunyoga?
Moʻysafid tabiblar girdida halak,
Duogoʻy kampirlar uni qurshamish.
Faqat uyqu aro tepinar yurak,
Biroq koʻzlarini ochmas Alpomish.
Burgutlar choʻqilab uzar goʻshtidan,
Bulbullar in qurar kipriklariga.
Uchqur asrlarning tezkor shashtidan
Chang qoʻnar qirday keng koʻkraklariga.
Chollar qaygʻuradi: “Kim uygʻotar, kim?”
Kampirlar yigʻlaydi: “Uygʻonmas mangu!”
Shamollar guvillab yelar betinim,
Boshida bulutlar qotgan beuyqu.
Xira koʻzlarini uzmay ufqdan
Donishmand cholgina yoʻlga termilar.
Va aylar bashorat: «Uni uyqudan
Uygʻota oladi faqat bolalar».
Xurshid DAVRON,
Oʻzbekiston xalq shoiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2023-yildan avtomobil narxi pasaydi — UzAuto Motors
- Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 18 milliard yevro miqdoridagi yangi yordam paketi ajratdi
- Buyuk Britaniya bosh vaziri jarimaga tortildi
- Namanganda ketma-ket harakatlanib kelayotgan uchta yuk avtomobili oʻzaro toʻqnashib, yonib ketdi
- Oʻzbekiston Prezidenti Li Kuan Yu nomidagi maktabga tashrif buyurdi va Singapurning ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv oʻtkazdi
- NATO Ukraina masalasida Rossiya bilan muzokara qilishning yagona yoʻlini maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring