Vaʼdalar oʻsha-oʻsha...

15:20 12 Iyun 2025 Jamiyat
100 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Toshloq markazidan 14-15 km olisda, qoʻshni Yozyovon bilan chegara hududda joylashgan Besarang mahallasi intensiv usulda eksportbop qovun yetishtirish tajribasi bilan tilga tushdi. Ayni paytda mehnatkash, samimiy besarangliklarning oʻz hayoti farovonligini taʼminlash borasidagi intilishlari ham eʼtiborga molik. Mahalladoshlar ahilligi va uyushqoqligi tufayli soʻnggi yillarda “Tashabbusli byudjet” loyihasida 4-marta gʻolib boʻlishdi. Bu mablagʻ evaziga 3,5 km ichki yoʻllar asfalt qilinib, hududdagi maktabga qoʻshimcha bino qurildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida baʼzi koʻchalarga yangi tayanch beton ustunlar oʻrnatildi. Oʻz navbatida “mahalla yettiligi” uchun zamonaviy sharoitlar yaratildi.

Ammo mingdan ortiq oilada 4226 nafar aholi istiqomat qiluvchi mahalla ahlini uzoq vaqt mobaynida qiynab kelayotgan muammolar ham yoʻq emas. Ayni paytda hududda 7 ta ichki koʻcha boʻlib, ayrimlarida 25, hatto 60 yildan buyon ramaqijon, qoʻlbola usulda oʻrnatilgan simyogʻochlardan foydalanilmoqda. Shu bois shamol boʻlsa, farzandlari hayotidan xavfsiragan ota-onalar baʼzan koʻchada navbatchilik qilishlariga ham toʻgʻri keladi.

— Bu simyogʻochlar oʻrnatilganiga 60 yildan oshdi, — deydi mahallaning Turkiston koʻchasida yashovchi mehnat faxriysi Qodirjon ota Xoliqov. — Shamol boʻlganida simlar uzilib, elektr taʼminotisiz qolamiz. Oʻtgan yillar davomida juda koʻp masʼullar kelib, hayot uchun xavfli va ayanchli holatni oʻnglashga vaʼda berishdi. Ammo qoʻsha-qoʻsha vaʼdalar berilgan boʻlsada, vaziyat oʻsha-oʻsha... Eski tos – eski hammomligicha qolmoqda.

Mahallaning Qoʻrgʻon koʻchasida qariyb 170 ta xonadon bor. Bu koʻchaga ilk oilalar bundan 25 yil oldin koʻchib chiqqan. Mahalla ahli hashar yoʻli bilan yaqin yillarda yozda chang, qishda loy boʻladigan koʻchaga shagʻal yotqizishdi. Hozircha asfalt yoʻq. Ichimlik suvini ham 1,5-2 km masofadan tashib ichishadi. Eng yomoni, ushbu koʻchadagilar ham koʻp yillar mobaynida qattiqroq turtsang yiqilib tushadigan – qoʻlbola simyogʻochlardan qoʻrqib yashaydi.

— Oʻtgan yili shamolda sim uzilib, qoʻshnimizning sigirini tok urdi, — deydi 20 yildan ziyod mazkur koʻchada istiqomat qilayotgan Rahmatjon Bakirov. — Shu bois qish-qirovli kunlar, shamolda yurak hovuchlab yashaymiz. Bolalar oʻqish va ishdan qaytguncha xotirjamligimiz yoʻq. Muammoni hal etish uchun jiddiyroq falokat boʻlishi shartmikan, shunisiga hech tushunmaymiz?..

Mahallada har bir oila muqim daromad manbaiga ega. Agar davlat dasturlari doirasida hudud infratuzilmasini yaxshilash uchun amaliy harakatlar boshlansa, oʻzimiz ham qarab turmaymiz. Oʻz mablagʻimiz hisobiga maʼlum bir ishlarni bajarishga qurbimiz yetadi. Faqat bu ishlarni uzoqni koʻzlagan holda sifatli va aniq reja asosida bajarilishini istaymiz.

Albatta, hayotbaxsh islohotlar samarasi bosqichma-bosqich Besarangda ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. Oilalar farovonligi, yaxshi hayotga boʻlgan intilishi yildan yilga yaxshilanib bormoqda. Lekin infratuzilma, ayniqsa, elektr taʼminoti sifatini oshirish va xavfsizligini taʼminlash masalasi eʼtiborga muhtoj. Bugun mahallaga kelib, vaziyatni oʻrgangan odamlar dardiga quloq tutgan har qanday masʼul haqiqatdan ham holat isloh qilishga muhtoj ekanini aslo inkor etmasligi aniq.

Xalqimizda “Holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi” degan ibratli naql bor. Besarangdagi vaziyatni oʻnglash, muammoni ijobiy hal etish uchun quruq vaʼdalar emas, bitta amaliy harakat kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер