Uzumchilikdan moʻmay daromad olayotgan mahalla

13:56 26 Iyun 2025 Jamiyat
153 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Quyosh zamin uzra bir xil nur sochadi. Lekin oftob taftini buloqboshiliklar boshqacha his qiladi. Uzumchilikda uzoq yillik tajribaga ega mahallalar hosilni quyoshning zarrin nuri bilan yetiltiradi. Mirzakalon Ismoiliy nomi bilan ataluvchi mahallada boʻlganimizda bunga yana bir bor amin boʻldik.

Mahallada 405 ta xonadon boʻlib, shundan 380 tasi uzumchilikka ixtisoslashgan. Suyagi mehnatda qotgan aholi erta bahordan ishga kirishadi. Har bir tokka oʻzgacha mehr beradi. Zero, har bir shoxda oila uchun baraka, farzandlar uchun taʼlimga sarmoya, keksalar uchun hayot zavqi bor! Har bir xonadon katta daromad manbaidir. Tomorqaning oʻzidan oʻrtacha 3 tonnagacha hosil olinadi. Koʻchalarga soʻritoklar oʻrnatilgach, bu koʻrsatkich 4 tonnani tashkil eta boshladi. Masalan, “Oybuloq” koʻchasining ikki chetida qad rostlagan soʻritoklar 4 km.gacha davom etgan. Bu oʻtgan yili 820 tonna hosil yigʻib olish imkonini berdi. Shundan 450 tonnasi eksportga yoʻnaltirilgan.

— Avvallari tomorqaning oʻzidan hosil olgan boʻlsak, endi koʻchamizdan ham unumli foydalanmoqdamiz, — deydi shu koʻchada yashovchi Akromjon Qosimov. — Bu jarayonda bank kreditlari ham katta rol oʻynamoqda. Ular tomonidan har bir xonadonga 3-yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratildi. “Husayni”, “Andijon qora” navli uzum tez hosilga kirgani bois hozirda ham kredit uchun toʻlovni amalga oshiryapmiz, ham daromad olyapmiz. Shaxsan oʻzim, 9 sotixdan iborat tomorqamning 7,5 sotix qismiga tok ekkanman. Hozirdan hosilning har bir kilosi uchun 20 ming soʻmdan xaridorlar bor.

Joriy yilda ham mahalla ahli uzumchilikdan katta daromad olish istagida. Mehnatlari samarasi tufayli hosilning choʻgʻi baland. Ularning aytishicha, bu yil 900 tonna uzum yigʻib olish mumkin.

— Bundan besh yil muqaddam mahallamizda kambagʻallar roʻyxatida turuvchilar soni 125 nafardan iborat edi, — deydi mahalla hokim yordamchisi Yusufbek Akbarov. — Ayni paytda ularning soni 20 nafarni tashkil etmoqda. Kambagʻallikni qisqartirib, aholini farovonlik sari yetaklashda uzumchilik boʻyicha toʻplangan tajriba qoʻl kelyapti. Mahalladagilar shu bilan kifoyalanib qolmayapti. Ular har bir qarich yerdan unumli foydalanmoqda. Tok ostiga ekilgan loladan moʻmaygina daromad oladi. Ochiq tomorqadan uch marta hosil olish yoʻlga qoʻyilgan. Chorvachilik, tikuvchilik, asalarichilik bilan shugʻullanuvchilar bor. Umuman olganda, har bir oila yil davomida oʻrtacha yuz million soʻm daromad olmasa hisobmas.

Yerga mehr bergan odam hech qachon kam boʻlmagan. Har birimiz oʻz xonadonimizda “Oybuloq” koʻchasini yaratishimiz mumkin. Bu bizni ertangi kunimizga qatʼiy ishonch bilan qarashga, harakat qilishga undaydi. Natija nafaqat oilaviy byudjeti, balki mamlakat iqtisodiyotining yuksalishidagi ishtirokimizni ham taʼminlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер