Ustyurtdagi quduqdan katta bosimda navbatdagi gaz oqimi olindi

13:44 13 Mart 2026 Jamiyat
123 0

Videodan kadr

Ustyurt hududida tabiiy gaz qazib olish va zaxiralarni koʻpaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan geologik-texnik tadbirlar davomida katta bosimda navbatdagi gaz oqimi olindi. Bu haqda “Oʻzbekneftgaz” AJ axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, hududda olib borilgan chora tadbirlar natijasida kecha, 12-mart kuni Gʻarbiy Quyi Surgil koniga qarashli 17-son baholash ishlatish qudugʻidan katta bosimda sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimi olingan. Quduq 4750 metrgacha muvaffaqiyatli burgʻilangan.

Yer osti qatlamlarida bir qator geologik qiyinchiliklarga qaramay quduq malakali mutaxassislar tomonidan burgʻilanib, konlarni ishlatish boʻyicha mutaxassislarning geologik-geofizik maʼlumotlari tahlili asosida 4597-4750 metr chuqurlikdagi istiqbolli qatlamlardan gaz oqimi olingan.

Qayd etilishicha, hozirda quduqdagi yangi mahsuldor qatlamlardan olinayotgan tabiiy gazni isteʼmolchilarga yetkazib berish maqsadida hozirda yer usti sanoat maydonlarini texnologik jihozlash, gaz uzatish quvurlari va tarmoqlarni qurish hamda quduqni ishga tushirish boʻyicha yakuniy bosqichdagi gidrodinamik tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

“Tez kunlarda tabiiy gaz isteʼmolchilarga yetkazish maqsadida gaz infrastrukturasiga ulanadi”, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?