Ustoz va murabbiylarga yuksak ehtirom

10:53 01 Oktyabr 2024 Jamiyat
262 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yurtimiz rivoji, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, navqiron va bilimli yosh avlodni tarbiyalash yoʻlida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ustoz, oʻqituvchilarni mukofotlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yigʻilganlarni tabrikladi. Prezidentimizning “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan taʼlim-tarbiya tizimida alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoni asosida mukofotlangan Vatandoshlarimizga orden va medallar topshirildi.

— Kamtarona mehnatim yuksak mukofotlanganidan xursandman, — deydi Moʻynoq tumanidagi 9-maktab oʻqituvchisi, II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibasi Zulfiya Turdimuratova. — Bir necha yillar ilgari oʻqituvchilar kasb bayramini paxta dalalarida kutib olgani hech kimga sir emas. Ana shunday, oʻqituvchiga va maktablarga eʼtibor susaygan bir paytlarda bizning maktabimiz ham taʼmirtalab ahvolda edi. 2011-yillarda maktabning filialini yangidan koʻrish uchun oʻz nomimga kredit olib, maktabimizni yangilagandik. Esimda, qurilishga yetmay qolgan mablagʻni toʻldirish uchun uyimizdagi mol-echkilarni sotishga majbur boʻlgandik. Bu kunlar endi tarix. Prezidentimizning Qoraqalpogʻistonga, shu jumladan Moʻynoqqa qaratayotgan eʼtibori natijasida eng olis hududdagi maktablar ham zamon talablari darajasida taʼmirlanib, zarur jihozlar bilan taʼminlanmoqda. Biz oʻqituvchilardan ertangi kun egalarini bilimli va har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalash talab qilinmoqda. Berilgan mukofot bu boradagi ishlarimizga kuch-gʻayrat bagʻishlaydi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Prezidiumi qaroriga muvofiq, yosh avlodni Vatanni sevish va mustaqillik gʻoyalariga sodiqlik ruhida tarbiyalash hamda ularni navqiron va bilimli yoshlar qilib kamolga keltirish yoʻlidagi faolligi uchun bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar bilan mukofotlandi. Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining “Xalq taʼlimi fidoyisi” va “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?