Unutilayozgan milliy bolalar oʻyinlari

14:46 25 Sentyabr 2025 Jamiyat
73 0

Xalq oʻyinlari bolalar uchun juda qiziqarli hisoblangan. Bu oʻyinlarning qoidalari oson va tushunarli boʻlgan. Shuning uchun bogʻcha bolasidan tortib, kattalargacha birgalikda oʻynashgan. Keyinchalik ota-onalar bandligi va bolalari bilan toʻliq muloqot qila olmasligi sababli ularni qoʻgʻirchoqlar, mashinalar va turli oʻyinchoqlar bilan mashgʻul qilgan. Bogʻchalarga borsangiz ham shkaflardan tortib, koʻrgazmali zallargacha temir, yelim va matoli oʻyinchoqlar egallab olgan. Buyam yaxshi, bola oʻyinchoqlar orqali dunyoni oʻrganadi. Ammo bu bolalarning ichki dunyosini boyitishga kamlik qiladi.

Xoʻsh, bugun bogʻcha opalarning oʻzlari bolalarga oʻrgatishi uchun milliy bolalar oʻyinlaridan xabardormi? Bugungi kunda bolalar koʻproq zamonaviy oʻyinlarga berilib ketmoqda. Planshet, telefon va kompyuter oʻyinlari ularning asosiy qiziqishiga aylanib ulgurdi. Ertadan-kechgacha bir joyda oʻtirib faqat telefon ekranidan koʻz uzmaydi. Harakat kamligi sababli ortiqcha vaznli bolalar koʻpayib bormoqda. Asabiy, jizzaki, hatto kompyuter oʻyinlari sababli koʻzoynak taqayotganlar ham koʻp. Natijada ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan milliy oʻyinlar asta-sekin unutilmoqda. Holbuki, milliy oʻyinlar xalqimiz tarixi, qadriyatlari va turmush tarzining ajralmas qismidir.

Buvimning aytishlaricha, milliy oʻyinlarning foydasi beqiyos, ular bolaning sogʻlom ulgʻayishiga, aqlini charxlanishiga va harakatchan boʻlishiga yordam beradi. Aslida ham xalqimiz azal-azaldan “Chillak”, “Mak-mak” “Oq terakmi, koʻk terak” “Qiz quvlash” “Arqon tortish” “Yashinmachoq” “Koʻr-koʻrona” “Tosh oʻyini” kabi oʻyinlar orqali bolalarni chiniqtirib jismonan baquvvat va aqlan tetik qilib tarbiyalagan. Biz ham bolaligimizda “Mak-mak” “Oq terakmi, koʻk terak” oʻyinlarini koʻp oʻynardik. Bu oʻyinlar nafaqat tezkorlikni oshiradi, balki bolalarda chaqqonlikni, sabr-toqat, doʻstlik, ahillik va jamoaviylikni shakllantiradi, kuch birlikdaligini oʻrgatadi. Shifokorlarning fikricha, milliy oʻyinlar bolalarni chiniqtiradi va sogʻlom boʻlib voyaga yetishiga xizmat qiladi. Psixologlar bu oʻyinlar bolalarning ruhiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatishini, ularni quvnoq, faol, epchil boʻlishida muhim ahamiyatga egaligini taʼkidlaydi. Shu sababli milliy oʻyinlarni maktab darsliklariga, bogʻcha mashgʻulotlariga yanada koʻproq kiritish lozim. Bogʻchalarda esa har juma bolalarga xalq oʻyinlarini oʻrgatadigan madaniy kun sifatida belgilansa yaxshi boʻlardi. Chunki bu oʻyinlarning tarbiyaviy ahamiyati nihoyatda katta.

Milliy oʻyinlar xalqimizning bebaho merosi, ajdodlardan qolgan tarbiya maktabidir. Ularni asrab-avaylash yoshlarimizga oʻrgatish va keng targʻib qilish barchamizning burchimizdir. Chunki milliy oʻyinlar bolalarni ham aqlan, ham jismonan sogʻlom qiladi. Ushbu milliy qadriyat darajasidagi bahslar avlodlardan avlodlarga oʻtib, abadiy yashab qoladi.

Nozima ASHUROVA,

zbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti

talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер