Umummilliy harakatga aylangan ezgu tashabbuslar

10:09 19 Sentyabr 2025 Jamiyat
53 0

Davlatimiz rahbarining “Kambagʻallikdan farovonlik sari” mavzuidagi III xalqaro forumning ochilish marosimida soʻzlagan nutqida taʼkidlanganidek, yangi Oʻzbekistonda barcha islohotlar “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar, avvalo, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va kambagʻallikni qisqartirishni oʻz ichiga oladi. Chunki inson qadri faqat soʻzda emas, balki har bir fuqaroning hayotida, iqtisodiy imkoniyatlarida oʻz aksini topishi kerak.

Kambagʻallik — nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy muammo hamdir. U insonning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishiga, taʼlim olish, sogʻligʻini saqlash va jamiyatda munosib oʻrin egallashiga toʻsqinlik qiladi. Shu bois yangi Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Kambagʻallik yurtimizda koʻp yillar yopiq mavzu boʻlib keldi. Faqat 2020-yil 24-yanvar kuni Prezidenti­mizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu haqda ochiq-oydin gapirildi va tariximizda birinchi marta kambagʻallikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shuningdek, aynan tadbirkorlikni rivojlantirish, taʼlimga eʼtiborni oshirish va kasbga tayyorlash orqali kambagʻallikni kamaytirish mumkinligi qayd etildi.

Mutaxassislarning fikricha, kambagʻallikdan chiqishning eng toʻgʻri yoʻli — bu taʼlim sifatini yaxshilash. Ishni bolalardan boshlash kerak. Bilimli, maʼrifatli inson, tadbirkorlik ruhida oʻsib ulgʻayayotgan avlod ishtiyoq bilan oʻqiydi, yaxshi hayot qurish, oʻzi va oilasi farovonligini taʼminlash uchun ishlaydi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida jadal amalga oshirilayotgan islohotlar siyosiy, iqtisodiy, maʼmuriy, ijtimoiy-maʼnaviy sohalarni qamrab olishi bilan bir qatorda kambagʻallikka ham butkul barham berishga xizmat qiladi. Kambagʻallikka qarshi pul bilan emas, aql va bilim bilan kurashish kerak. Shuning uchun kambagʻallarga “baliq emas, qarmoq berish”, yaʼni ularni bilimli qilish, kasbga oʻrgatish va biznesga tortish — eng toʻgʻri yoʻl. Prezidentimizning qayta-qayta takrorlaydigan “Mening eng katta maqsadim — odamlarni boy qilish” degan soʻzlari zamirida aynan qashshoqlikni tugatish maqsadi yotadi.

Soʻnggi sakkiz yilda odamlarning haq-huquqini himoya etish, ularni munosib ish joyi bilan taʼminlash, daromadini koʻpaytirish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ulkan xayrli ishlar amalga oshirildi. Izchil islohotlar tufayli 7,5 mln. aholi kambagʻallikdan chiqarilib, uning darajasi 2024-yilda 8,9 foizga tushirildi. 2025-yil yakunigacha bu koʻrsatkichni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan.

Albatta, qisqa muddatda bunday natijalarga erishish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Prezidentimizning pragmatik va oqilona siyosati tufayli oʻtgan davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra oʻsgani, yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi bu borada muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda. Yangi tashabbus va tajribalar sinovdan oʻtkazildi. Dunyodagi ijobiy yutuqlar oʻrganilib, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Yangi Oʻzbekiston modeli yaratildi. Butun xalqaro jamoatchilik bu modelni eʼtirof etdi.

Oʻxshashi yoʻq yangi tizim oʻzini oqladi

Avvalo, oʻtish davrining muhim instrumenti boʻlgan manzilli ijtimoiy daftarlar joriy etilib, barcha ehtiyojmand oilalar qamrab olindi. Pandemiya davrida 800 ming oilaga bepul dori-darmon, 255 ming oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, yana 1 mln. 200 ming oilaga ijtimoiy nafaqalar berildi. Bu maqsadlar uchun jami 8 mlrd. dollarlik mablagʻ va imtiyozlar taqdim etildi. Natijada 5 mln. 200 ming nafar odam “kambagʻallik qopqoni”ga tushib qolishdan himoya qilindi. Shu yilning oʻzida 2 mln. 700 ming aholiga ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻrsatildi. Ayniqsa, kambagʻal oilalarning parvarishga muhtoj aʼzolariga yangi ijtimoiy xizmatlar yoʻlga qoʻyilgani tufayli 50 ming nafar mehnatga layoqatli aholi uchun ishlash imkoni yaratildi.

Jamiyatning eng quyi boʻgʻinigacha tushib, mahallabay ishlash tizimining yoʻlga qoʻyilgani oʻzini har tomonlama oqladi. Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlab, daromadni koʻtarish uchun yetarli resurs ajratildi. Qishloq aholisini daromadli qilish uchun 235 ming gektar paxta va gʻalla maydoni qisqartirilib, odamlarga 30 — 50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmi joriy qilinishi natijasida 800 ming kishining daromadi oshdi.

Eng muhimi, odamlarga faqat moddiy yordam berilmayapti, ular tadbirkorlik ilmiga, biznes innovatorligiga ham oʻrgatilmoqda. Aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish jarayoni faol davom etmoqda. Biznesni rivojlantirish uchun imkoniyat koʻp. Boʻlgʻusi ishbilarmonlarga loyihalarni ishlab chiqishda yordam, kredit berilmoqda, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazlari ochilgan.

Ayollar va yoshlar, shu jumladan, litsey va kollej bitiruvchilariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xotin-qizlarni jamiyatning faol aʼzosiga aylantirish masalasi ham davlat siyosati darajasiga olib chiqildi. Bugungi kunda xotin-qizlarga oliygohda oʻqish uchun foizsiz kredit ajratish, magistraturada bepul taʼlim olish tizimi joriy etilgani hech kimga sir emas. Ayni paytda talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil qilayotgani, shu yilning oʻzida 1 mln. 700 ming ayol ishli boʻlgani tahsinga sazovor.

Bu ishni davom ettirib, “Raqamli avlod qizlari” dasturi doirasida 50 ming nafar qizni IT, fintex va sunʼiy intellektga oʻqitish rejalashtirilyapti. Bundan tashqari, ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash uchun 1,5 mlrd. dollar ajratildi. Ushbu mablagʻlarni yanada koʻpaytirib, kelgusi yili yana 2 mln. ayol doimiy daromadli boʻlishi uchun sharoit yaratish maqsad qilingan. 2026-yildan mehnat bozorida ayollar uchun teng sharoit yaratish maqsadida ijtimoiy sugʻurta tizimi qamrovi keskin oshiriladi. Bu ularning kambagʻallikka tushib qolmasligini kafolatlaydi. Qolaversa, xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini yanada koʻtarish boʻyicha yangi-yangi tajribalarni oʻrtoqlashish maqsadida kelgusi yil Namanganda Osiyo ishbilarmon ayollar forumini oʻtkazishga qaror qilindi.

Odamlarni kasbga oʻrgatish — muhim masala

Kambagʻallikdan chiqishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri — odamlarni kasbga oʻrgatish. Chunki hamma ham biznes yurita olmaydi. Ommaviy tarzda kredit ajratilishi ham vaziyatdan chiqishga imkon bermaydi. Kambagʻallikni kamaytirish — odamlarda tadbirkorlik ruhini uygʻotish, ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir.

Afsuski, jamiyatda davlat yordamiga qarab oʻtiradigan, boqimandalikka oʻrganib qolganlar ham talaygina. Vaholanki, har bir oilaning oʻziga yarasha kam-koʻsti, ehtiyojlari boʻladi. Farzandlar oʻsib-ulgʻayib oyoqqa turguniga qadar ularning taʼminoti bilan shugʻullanish kerak. Lekin oila boshligʻi tanbal va ishyoqmas boʻlsa, ortib boruvchi ehtiyojlar oxir-oqibat uni boshi berk koʻchaga olib kiradi. Endi u jamiyatdan, davlatdan noliy boshlaydi. Dangasalik illati qaysi xalqda ildiz otsa, albatta, zaiflashtiradi, taraqqiyot karvonidan ortda qoldiradi va vayron qiladi. Bekorchilik eng zararli ofatlardan. Sekin-asta insonni ishdan chiqaradi, hayotini barbod etadi. Kambagʻallik ayb emas, ammo u yalqovlik sababidan kelgan boʻlsa, katta aybdir. Dunyoning obodligi esa faqat yaxshi amallar, mehnat va tadbir bilan hosil boʻladi.

Hali-hanuz tomorqasidan foydalanishni bilmaydiganlar oz emas. Raqamlar esa quyidagicha: oʻz tomorqasiga ega 5 mln. 105,5 mingdan ortiq xonadonlardan qariyb 176 mingtasi yerdan samarasiz foydalanmoqda. Bu degani, oʻn sotix yerga toʻrtta daraxt ekib, yerga ketmon urmaslik yoki katta maydonga faqat joʻxori va beda ekish ham samarasizlikdir. Biz odamlar tomorqada umuman ishlamayapti, degan qarashdan yiroqmiz. Lekin imkoniyatning katta qismini boy berayotganimiz ham achchiq haqiqat.

Holat raqamlarda koʻzga yaqqol tashlanadi. Agar unumdorligi past tomorqalarning har birini shartli ravishda oʻrtacha 5 sotixdan deb olsak, umumiy hisobda salkam 9 ming gektar yerdan unumli foydalana olmayotgan boʻlamiz. Aslida, qishloq sharoitidagi aksariyat tomorqalar maydoni 5 sotixdan katta. Bu minimum hisob-kitobda ham juda katta yoʻqotish, degani. Yonma-yon ikki qishloqda, hatto ikki qoʻshni tomorqasida ikki xil ahvolni koʻp koʻrganmiz. Umuman olganda, tomorqasi bor odam kambagʻal boʻlishi mumkin emas. Ammo hayhotdek tomorqasi boʻla turib, roʻzgʻorini tebratolmay yurganlar bor.

Afsuski, qishloq xoʻjaligida koʻp depsinishlar boʻldi, yerga xoʻjasizlarcha munosabat davom etdi. Bularning oqibatini izohlab oʻtirishga zarurat boʻlmasa kerak. Agar qishloq xoʻjaligiga ilmiy yondashib, ishimizni ilgʻor tajribalar asosida tashkil eta olganimizda bugun iqtisodiyotimiz ham, hayotimiz ham boshqacha — hozirgidan bir necha barobar yuqori boʻlardi. Bu achchiq haqiqatlar bizga har qanday ishni chuqur oʻylab, har tomonlama hisob-kitob qilib, boshqalar tajribasini oʻrganib, soʻng boshlashdan saboq bermoqda. Buyruq berish oson. Bir ogʻiz gap bilan qaysidir ishni boshqa oʻzanga burib yuborish ham qiyin emas. Ammo yetarli ilmiy asosga ega boʻlmagan buyruqlar oqibatini bartaraf qilish juda murakkab boʻlishini ham koʻrdik.

Bugun dunyo iqtisodiyoti oʻzaro qarama-qarshiliklar, qurolli mojarolar, ekologik muammolar tufayli behisob ziyon koʻrmoqda, oziq-ovqat xavfsizligi jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Masala rivojlangan davlatlarni ham tashvishga solmoqda. Bu vaziyatdan har kim imkoniyati va tanlagan yoʻliga yarasha chiqadi, albatta. Ammo oziq-ovqat masalasi yerga, qishloq xoʻjaligiga bogʻliqligini inkor etib boʻlmaydi. Shuning uchun ham bugun qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, sohadagi imkoniyatlarimizdan samarali foydalanishga qaratilgan strategiya ishlab chiqilib, amalga oshirish yoʻlidan borilmoqda.

Muammodan xalos boʻlishning yana bir yoʻli

Kambagʻallikni qisqartirishda aholi sogʻligʻini himoya qilishning ham oʻz oʻrni bor. Aholi sogʻligʻini asrash, salomatligini tiklash ham kambagʻallikdan tezroq xalos boʻlishning yana bir yoʻli. Chunki xalq salomat boʻlsa, yurt boy boʻladi. Odamlar dori-darmonga kamroq pul sarflaydi. 2019-yilda Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan uch olim — amerikalik Maykl Kremer va Abxijit Banerji hamda fransiyalik Ester Dyuflo kambagʻallikka qarshi kurashda taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasi bogʻliqligini, boshqacha aytganda, kambagʻallikni qisqartirishda bu ikki soha rivoji juda samarali ekanini amaliy jihatdan isbotladi.

Inson salomatligini muhofaza qilmay turib, uning imkoniyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarib boʻlmaydi. Shu bois mamlakatimizda 140 ming kambagʻal oilaga shifokor biriktirilib, ularni yiliga bir marta toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi yoʻlga qoʻyildi. Endi kafolatlangan tibbiy xizmatlarni koʻpaytirib, kambagʻal oilalarning bunga sarf qiladigan xarajatini 2 karra qisqartirish moʻljallanmoqda.

Bundan tashqari, taʼlim orqali odamlarning savodini koʻtarish, band­ligini taʼminlash mumkin. Bu borada ham amaliy ishlarga qoʻl urildi. Farzandlarimizning bogʻchalardagi qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani natijasida 1 mln. nafar ayol taʼlim olish, kasb-hunar oʻrganish va daromad topish imkoniga ega boʻldi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, har bir kambagʻal oilada kamida 1 nafar oliy maʼlumotli yigit yoki qiz boʻlishi uchun imtiyozli taʼlim krediti va davlat grantlari koʻpaytiriladi. Xalqaro standartlar asosida Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil etiladi, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berish yoʻlga qoʻyiladi.

Innovatsion tarzda tashkil qilingan “Ishga marhamat” monomarkazlarida turli zamonaviy kasb­lar asosida yoshlarni ish bilan taʼminlash bosh masala etib belgilangan. Markaz faoliyatidagi eng muhim jihat shuki, qisqa muddatda yoshlarni mehnat bozoridagi talab yuqori kasblarga tayyorlaydi. Monomarkazda qurilish, texnik mutaxassislik, xizmat koʻrsatish, kompyuter va moliyaviy savodxonlik, xorijiy tillar boʻyicha mutaxassislar tayyorlash koʻzda tutilgan. Oʻquv kurslari davomida tadbirkorlik huquqi, bozor iqtisodiyoti, biznes yuritish qoidalari, soliqqa tortish asoslari, eksport va import operatsiyalari, marketing asoslari boʻyicha eng soʻnggi zamonaviy bilimlar berib boriladi.

Keyingi yillarda yurtimizda yoshlar bilan ishlash boʻyicha dunyoda oʻxshashi kam boʻlgan vertikal boshqaruv tizimi yaratilganini taʼkidlash lozim. Bu esa mahallalardagi yoshlar yetakchilari orqali qancha-qancha yigit-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq koʻplab masalalarni quyi boʻgʻinning oʻzida hal etish imkonini bermoqda. Yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga oʻrgatish, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan loyihalarni koʻpaytirishga qaratilayotgan eʼtibor tufayli kambagʻallik koʻlami qisqarmoqda.

Oʻzini oʻzi boshqarishning noyob tuzilmasi

Kambagʻallikni qisqartirish sohasidagi oʻziga xos va boshqa mamlakatlardan tubdan farq qiladigan jihat — yurtimizda mahalla institutining mavjudligi. Oʻzini oʻzi boshqarishning mazkur noyob tuzilmasi jamiyat boshqaruvining eng quyi tayanch boʻgʻinidir. Shu sababli mahalladagi islohotlar aholi farovonligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish samaradorligiga bevosita taʼsir etadi.

Mahallada har bir oilaning turmush darajasini monitoring qilish orqali yashash sharoiti, asosiy ijtimoiy xizmatlarga ehtiyojlarini aniqlash imkoni mavjud. Shuning uchun kambagʻallik koʻlamini obyektiv baholash, monitoring qilish, aniq chora-tadbirlar koʻrishda mahallaning oʻrni va ahamiyati juda katta. Mahallalarning “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash va yangi, jumladan, drayver loyihalarni amalga oshirishda tashabbuskorlarga koʻmaklashish, shu orqali iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, mavjud imkoniyatlarni oʻrganish va samarali foydalanish bilan joylarda tadbirkorlik va raqobat muhitini yaxshilash, samaradorlik va daromadlilik tamoyillaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga sifatli xizmat koʻrsatish, maslahat berish va biznes rejalari tayyorlash uchun mijozga yoʻnaltirilgan xizmat koʻr­satish tizimini takomillashtirish bu jarayondagi muhim vazifalardan.

Bugun har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borayotganini odamlar oʻz hayotida his etmoqda. Bunday keng koʻlamli saʼy-harakatlar hisobiga Oʻzbekiston 2030-yilga qadar kambagʻallikni ikki karra qisqartirish boʻyicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilmoqda. Yangi Oʻzbekiston kambagʻallikni qisqartirish borasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida qatʼiy qadamlar qoʻymoqda. Aminmizki, amalga oshirilayotgan islohotlar oʻz samarasini beradi va Oʻzbekiston bu borada ham barcha majburiyatlarini bajarishga erishadi. Zero, inson qadri ulugʻlangan yurtda har bir fuqaroning baxtli va farovon hayot kechirishi uchun sharoitlar mavjud.

Toʻlqin TESHABOYEV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер