“Ular AQSH va Venesueladan sotib olishadi” — Tramp Hindiston Rossiyadan neft sotib olishni toʻxtatishini aytdi
Foto: White House
AQSH Prezidenti Donald Tramp Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi telefon orqali qoʻngʻiroq paytida Rossiyadan neft sotib olishni butunlay toʻxtatishga rozi boʻlganini aytdi. Oq uy rahbari muzokaralar natijalari haqida oʻzining “Truth Social” ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida maʼlum qildi.
“Biz koʻp narsalar, jumladan, savdo hamda Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi mojaroni tugatish haqida gaplashdik. U Rossiya neftini sotib olishni toʻxtatishga, AQSHdan va ehtimol Venesueladan koʻproq [xom ashyo] sotib olishga rozi boʻldi”, — deya yozdi Tramp.
AQSH yetakchisining soʻzlariga koʻra, bu qadam goʻyoki Ukraina mojarosini tugatishga yordam beradi.
Modining oʻzi neft bitimi haqida gapirmasdan kelishuvni tasdiqladi.
Trampning qoʻshimcha qilishicha, u va Modi AQSH hind tovarlariga tariflarni 25 foizdan 18 foizgacha kamaytirish toʻgʻrisida kelishuvga erishgan. Oʻz navbatida, Nyu-Deli asta-sekin AQSH importiga tariflarni nolga tushiradi.
Modi shuningdek, AQSH prezidentining taʼkidlashicha, Hindistonning “Amerika energiyasi, texnologiyasi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, koʻmir va boshqa koʻp narsalardan tashqari, jami 500 milliard dollardan ortiq” AQSHda ishlab chiqarilgan tovarlarni sotib olishini sezilarli darajada oshirishga vaʼda bergan.
Modining oʻzi Tramp bilan boʻlgan suhbatni va AQSHning tariflarini 18 foizgacha kamaytirishini “X” ijtimoiy platformasida tasdiqladi. Biroq, u Rossiya neftini sotib olish haqida hech narsa demagan. Shunga qaramay, siyosatchi “Hindiston Trampning tinchlik saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini” taʼkidladi. Bundan tashqari, ikkala yetakchi ham bir-birlarini “qadrli doʻstlar” deb atashdi.
Vashingtonning uzoq muddatli bosimi
Rossiyaning Ukrainada boshlagan maxsus harbiy amaliyoti boshlanganidan keyin Gʻarb mamlakatlari tomonidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etildi va Hindiston Rossiya neftining asosiy xaridorlaridan biriga aylangandi. Maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilda Rossiya Hindistonning xom neft taʼminotining 38 foizini tashkil etgan.
Natijada, Tramp ikkinchi prezidentlik muddati boshida Nyu-Dehlidan Rossiya energiya mahsulotlarini import qilishni toʻxtatishni talab qildi, ammo bu rad etildi. Natijada, 2025-yil avgust oyida Vashington hind tovarlariga qoʻshimcha 25 foiz tarif joriy qildi va Hindiston uchun umumiy tarifni 50 foizga yetkazdi. Biroq, Hindiston Moskva bilan hamkorlikni toʻxtatmadi. 2025-yil 4-dekabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin “India Today” nashriga bergan intervyusida neft taʼminoti “…muntazam ravishda davom etayotganini” aytdi.
Biroq, “Bloomberg” maʼlumotlariga koʻra, Rossiyaning Hindistonga neft eksporti dekabr oyida uch yillik eng past koʻrsatkichga, kuniga 1,2 million barrelga tushgandi.
Shu yilning 23-yanvar kuni “Reuters” manbalarga tayanib, Hindistonning “Indian Oil” neft va gaz korporatsiyasi Rossiya neftidan voz kechish maqsadida BAA, Braziliya va Angoladagi kompaniyalardan 7 million barrel yoqilgʻi sotib olganini xabar qildi. Bundan tashqari, «Izvestiya“ gazetasi xabar berishicha, Hindiston hukumati potensial mahalliy neft qazib olish uchun qidiruv ishlariga 100 milliard dollar sarflashni rejalashtirmoqda. Mamlakat rasmiylari 2030-yilga kelib neftni qayta ishlash quvvatini kuniga 6 million barrelgacha oshirishni maqsad qilgan.
Biroq, mutaxassislar Hindiston Rossiya xom neftisiz ham yashay olishiga shubha qilishadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring