Uygʻoqlikka chorlov

09:17 30 Sentyabr 2025 Siyosat
335 0

Maqola bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan mafkuraviy siyosatning tub mohiyati hamda ahamiyatini ochib berishga xizmat qilishi bilan keng jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi.

U har bir qalbi qaynoq, ruhan uygʻoq, el-yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashayotgan insonning vatanparvarlik, xalqsevarlik tuygʻularini junbishga keltiradigan darajada yozilgan, desak, mubolagʻa emas. Unda yangilanayotgan Oʻzbekistonda uchinchi Renessans poydevorini yaratish, ilm-fan, maʼrifat, maʼnaviyatni rivojlantirish, odamlarni maʼnan uygʻotish, jipslashtirish, dunyoga yangi nigoh bilan qarashga daʼvat etish borasida olib borilayotgan islohotlarga urgʻu berilgan. Bularning barchasi shodon quvonishga, yuksak eʼtirof etishga sazovor, ayni paytda tarixiy ishlar ekani taʼkidlangan.

Shu oʻrinda har bir oʻquvchida “Xoʻsh, unda muallifning “Alamim bor...” deya malomat qilishining boisi nadir?” degan savol tugʻilishi tabiiy.

Maqolani mutolaa qilgan gazetxon ushbu savolga ham, albatta, javob topadi. Yaʼni bu alam sobiq ittifoq davrida mustamlakachilik siyosatining taʼsirida millatimiz tarixiy xotirasidan uzoqlashtirilgani, milliy oʻzlikni unutishga majbur qilingani, maʼnaviy majruhga aylantirilgani, gʻururi toptalganidan tugʻilgan.

Bu alam istibdod kishanlari parchalansa-da, mustaqillikning dastlabki chorak asrida ham xalqimiz uning asoratlaridan qutula olmagani, oʻziga kelmagani, buyuk oʻtmishini toʻla anglay olmagani, zamonaviy dunyo sahnidagi madaniy va tarixiy oʻrnimiz qumga singgan suvday “yoʻqolib” qolganidan paydo boʻlgan. Mudroq kayfiyatdan forigʻ boʻlganlar ham bu borada hech bir ish qila olmagani, mum tishlab yashashga majbur boʻlganidan qoʻr olgan.

Bu alam “oʻzbek”, “Oʻzbekiston” soʻzlari haqiqiy mazmunidan chekinib, dunyo xaritasida qaysidir makonni topishda murojaat qilinadigan jugʻrofiy nuqta darajasiga tushganidan qalbga choʻkkan...

Shukrki, millatimiz qalbidagi bu alam keyingi yillarda xuddi tumandek tarqamoqda. Uning oʻrnini shukronalik, shodlik, buyuk oʻtmish va ulugʻ ajdodlar merosini bilish hamda anglashdan tuyilgan gʻurur-iftixor, ularga munosib boʻlishga intilish, ertangi kunga mustahkam ishonch tuygʻulari egallamoqda.

Ruhiyatimiz ham, dunyoqarashimiz ham bahor yomgʻiridan keyin bulutlar orasidan koʻringan lojuvard osmon kabi tiniqlashib boryapti. Suratimiz ham, siyratimiz ham tobora chiroy ochyapti. Oʻzbek oʻz asliga qaytyapti.

Milliy gʻurur va milliy gʻoya... Xalqni bir maqsad yoʻlida jipslashtiruvchi beqiyos kuch. Bu kuch millatni bir mushtga doʻndiradi, xalqni yengilmas xalqqa, davlatni qudratli davlatga aylantiradi.

Oʻzbekistonda taraqqiyotning yangi davrida hayotni yangilash bilan birga, odamlarning tafakkurini oʻzgartirish, vatanparvarlik hislarini kuchaytirish, jamiyatda sogʻlom muhit yaratishda ana shu buyuk tarix va ulugʻ ajdodlar merosiga vorisiylik tuygʻusiga tayanilmoqdaki, buning samarasini bugun barcha jabhada erishayotgan yutuqlarimiz namoyon etib turibdi.

Kecha va bugun uygʻunligi

Atoqli nemis faylasufi Fridrix Nitshe “Qaysi millat faqat oʻz oʻtmishi bilan faxrlanadigan boʻlsa, demak, u millat qarib qolibdi va u tez orada halokatga mahkumdir”, deb yozadi.

Darhaqiqat, tarixdan faqat faxrlanish, havolanish uchun foydalansak, u oʻz qiymatini yoʻqotib qoʻygan boʻlardi. U bergan kuch, avvalo, bizni yangi marralarga ruhlantirmoqda.

Bu yoʻlda olib borilayotgan beqiyos ishlardan biri, shubhasiz, Prezidentimiz gʻoyasi va tashabbusi bilan poytaxtimizda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining muhtasham binosi bunyod etilayotganidir.

Ushbu markaz — moziy va bugun uygʻunlashgan muazzam majmua! Markaz faoliyatining asosiy maqsadi eʼtiqodi islom dini bilan bogʻliq boy va noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur oʻrganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma hamda mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uygʻotish, ular bilan xalqimiz va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yoʻlga qoʻyish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik gʻoyalar, milliy gʻurur va iftixor ruhida tarbiyalashdan iborat.

Bu yerda yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk islom ulamolari, jahon madaniyati rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ mutafakkirlar, rassom va xattotlarga oid boy maʼlumotlar jamlanmoqda. Ushbu majmua oʻzida nodir eksponatlarga boy Islom sanʼati muzeyi, kutubxona va qoʻlyozmalar fondini mujassam etadi. Buyuk ajdodlarimiz tomonidan asos solingan ilmiy, diniy maktablarga doir yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozma, toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osoriatiqalar, shu yoʻnalishdagi zamonaviy ilmiy tadqiqot ishlari, video-foto hujjatlar bilan boyitiladi. Shu bilan birga, bu yerda keng koʻlamli ilmiy tadqiqot ishlari ham olib boriladi.

Shu oʻrinda mazkur markaz faqat diniy bilimlar bilan shugʻullanadi, degan fikr biroz yanglish ekanini taʼkidlamoqchiman. Bu markaz oʻz imkoniyatlari, zamonaviy shart-sharoitlari, oldiga qoʻygan maqsad va vazifalari bilan barcha gumanitar fanlar rivoji uchun tom maʼnoda ilm-fan oʻchogʻiga aylanadi.

Orzu-umidlarimiz roʻyobi

Qurilishi yakunlanish arafasida boʻlgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosi goʻzalligi, mahobati, beqiyos meʼmoriy yechimlari bilan aqlni shoshiradi, tamoman oʻziga maftun etadi.

Bu muhtasham koshona — yangi Oʻzbekistonning ulkan bunyodkorlik salohiyatining yaqqol ifodasi. Uni koʻzdan kechirar ekansiz, dafʼatan, buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temurning “Bizning kuch-qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing”, degan daʼvati yodga tushadi.

Eʼtiborlisi, markazning salobati u joylashgan binoning mahobatidagina emas, birinchi navbatda, ilmiy salohiyatida, amalga oshirayotgan betimsol ishlarida!

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xalqimizning boy va betakror merosiga oid koʻp kitoblar, turli oʻlkalarga sochilib ketgan qoʻlyozmalar, noyob maʼlumotlar, sanʼat asarlari, afsuski, bizga nomaʼlum edi. Mana shu markaz sabab boʻlib tarixni oʻrganishda katta qadamlar qoʻydik, yangi manbalar yuzaga chiqdi. Endi bularning taʼsiri, natijasi qanday boʻladi? Ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy isteʼmolga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targʻib qilish kerak. Bu dargoh nafaqat oʻtmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bogʻlaydigan, taraqqiyotimizning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi boʻlishi zarur.

Bugungi kunda markaz tomonidan mahalliy va chet ellik mutaxassislar keng jalb etilgan holda ilmiy tadqiqot ishlari yoʻlga qoʻyilib, natijalaridan keng jamoatchilik xabardor qilib borilyapti. Jahon ahlini bir maqsad — jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish yoʻlida birlashishga chorlaydigan turli anjumanlar, maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Markaz tarkibidagi kutubxona va arxiv, qoʻlyozmalar fondlari Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma hamda mutafakkirlar, aziz-avliyolar, ular tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozma hamda toshbosma kitoblar, tarixiy hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori-atiqalar, shu yoʻnalishdagi zamonaviy ilmiy tadqiqot ishlari, kitob va toʻplamlar, video va fotohujjatlar hisobidan shakllantirilmoqda.

Bu yerda olib borilayotgan ilmiy ishlar bugunning eng dolzarb muammolaridan biri — jahoning turli burchaklarida islom dini bilan nohaq bogʻlanadigan qarashlar, har xil anglashilmovchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Muqaddas dinimizning odamlarni, barcha millat va xalqlarni hamisha nurli hayotga, ezgulik, oʻzaro doʻstlik va insoniylikka daʼvat etishi, uning asl, gumanistik mazmuni ochib berilmoqda.

Muhtasham muzeyda Oʻzbekistonning qadimiy tarixi, madaniyati, davlatchilik anʼanalari, xalqimizning turmush tarzi va dunyoqarashi islom sivilizatsiyasi bilan chambarchas bogʻliq holda shakllanib, rivojlangani noyob eksponatlar orqali aks ettirilyapti. Ular asosida qomuslar, katalog va albomlar yaratilmoqda, telekoʻrsatuvlar, badiiy va hujjatli filmlar hamda boshqa materiallar tayyorlanayotir.

Markazning eng asosiy qismida Qurʼoni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining maʼnaviy durdonasi — qadimiy Usmon Musʼhafi joylashtiriladi. Shuningdek, jahondagi eng nodir qoʻlyozma Qurʼonlardan namunalar ham oʻrin oladi. Somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, Oʻzbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski oʻzbek tilidagi tarjimalari qoʻyiladi.

Bu ishlardan koʻzlangan maqsad bitta — mamlakatimizda ajdodlarimiz qoʻlga kiritgan yuksak marralarga tayanib, ruh va kuch olib, yangicha tafakkur asosida yangi hayot, yangi jamiyat, yangi sivilizatsiyani barpo etish, Oʻzbekistonning bugungi jahon taraqqiyotida azaliy oʻrnini tiklash.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi zamonaviy qarash, mustaqil fikr va hayotiy pozitsiyaga ega, ilmsevar, mehnatkash, vatanparvar — chin maʼnoda yangi sivilizatsiya bunyodkorlarini kamol toptirishga xizmat qilsa, ishonchimiz komilki, uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu niyat, orzu-umidlarimiz tez orada roʻyobga chiqadi.

Ilmsiz yashab boʻlmas

Siyosatshunos Qudratilla Rafiqov oʻz maqolasida “Nima uchun bu ishlarni ilgariroq qilmadik, kimdan, nimadan qoʻrqdik?!” degan savolni oʻrtaga tashlagani bejiz emas.

Unga javob berish uchun uzoqdan-uzoq mulohazalarga, mushohadalarga berilish mumkin. Lekin, gapning indallosini aytganda, bunday sarkashlik, boqibegʻamlik, sustlik, befarqlik, andishasizlik oʻtgan davrdagi shart-sharoitlar, mavjud muhit bilan birga, insonning shaxsi, maʼnaviy-maʼrifiy darajasi bilan bogʻliqligi ayon.

Shukrki, bugun yangi avlod tarbiyalanmoqda. Ezgu maqsadlarimiz yoʻlida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimi butunlay yuqori bosqichga koʻtarildi. Bogʻcha taʼlim tizimi yoʻqdan bor qilinib, farzandlarimiz maxsus dasturlar asosida maktabga tayyorlanmoqda.

Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar, atoqli ziyolilarimiz nomidagi ijod maktablarining ochilgani taʼlim tizimidagi muhitni butunlay oʻzgartirib yubordi. Mamlakatimizda zamonaviy oliy oʻquv yurtlari, xorijning nufuzli universitetlari, institutlari filiallari tashkil etilayotgani hayotimizga, turli sohalar hamda xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlariga yangi avlod kadrlarining kirib kelishiga zamin yaratmoqda.

Zotan, ulugʻ jadid bobomiz aytganidek, “Ushbu tamaddun asrida ilmsiz quruq taassub ila ham yashab boʻlmas. Chunki zamonamiz shunday zoʻrki, ozgina fursatda churuk taassubotimizni asosidan qoʻparub tashlaydur. Shuning uchun zamonaning muhlik asbobigʻa qarshu muqovamat etadurgon bir narsa bor boʻlsa, ul-da maorifdur”.

Shu maʼnoda, bugun taʼlim tizimida ijtimoiy-gumanitar fanlarni yanada chuqurlashtirib oʻqitish dolzarblik kasb etmoqdaki, bu nafaqat sohaning yetuk mutaxassislarini tarbiyalash, balki biz urgʻu qaratayotgan maqolada ilgari surilgan oʻzlikka qaytish, milliy gʻururni uygʻotish, el-yurt taqdiriga daxldorlik, fidoyilik tuygʻularini kuchaytirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Binobarin, hozirgi globallashgan asrda, ong-u qalb uchun kurash har lahzada avjga chiqayotgan qiyin bir pallada mamlakatni taraqqiy ettirishning ham, gʻoyaviy tahdidlar, mafkuraviy boʻronlar ichra millat va xalq sifatida yashab qolishning ham asosiy omili insonlarda maʼnaviy immunitet hosil qilishdir.

Prezidentimiz tomonidan yurtimizning shonli oʻtmishiga mos va xos boʻlgan jozibali ilmiy-maʼnaviy muhitni yaratish borasida olib borilayotgan islohotlar bu yoʻlda chinakam tayanch va suyanch boʻlishi, shubhasiz.

Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер