Uy devorlari orasidagi shukronalik

10:46 17 Dekabr 2025 Jamiyat
211 0

Surxon vohasining olis bir qishlogʻida istiqomat qilaman. Ikki nafar farzandim bor. Turmush oʻrtogʻim ikkinchi guruh nogironi. Oilamiz uchun hayot oson kechmadi.

Oʻz uyimiz yoʻq edi. Ota uyimda yashab keldik. Tor hovli, tor xonalar, bolalarimning shovqiniga qoʻshilib yuragimdagi iztirob ham tor joyga sigʻmasdi. Ertalab bolalarim maktabga ketarkan, “Ona, qachon bizning ham oʻz uyimiz boʻladi?” degan savolni bermaslikka harakat qilishardi. Lekin ularning koʻzlaridagi umidni koʻrib, ich-ichimdan ezilardim.

Turmush oʻrtogʻimning sogʻligi tufayli doimiy ishda boʻlishi qiyin. Men esa qoʻlimdan kelgancha roʻzgʻorni yuritishga, bolalarimni kam-koʻstsiz katta qilishga intildim. Shu sharoitda mahalla yettiligi tomonidan oilamiz kambagʻal oilalar reyestriga kiritildi. Bu men uchun shunchaki roʻyxat emas, balki katta umid edi.

Yangi Oʻzbekistonda “inson qadri uchun” degan soʻzlar qogʻozda qolmayotganini oʻz hayotimda his qildim. Mahalladagi masʼullar holimizni oʻrganib, muammolarimizni eshitdi. Oradan koʻp oʻtmay, homiylar koʻmagi bilan oilamiz uchun 3 xonalik, barcha zamonaviy sharoitlarga ega uy qurib berildi. Ilk bor yangi uyimizga kirib kelganimizda, bolalarimning quvonchdan kulganini hech qachon unutmayman. Ular devorlarga qoʻllarini tekkizib, “Ona, bu rostdan ham bizning uyimizmi?” deb soʻrashdi. Shu paytda koʻzimga yosh keldi. Bu yosh alammas, shukronalik yoshi...

Yangi uy nafaqat boshpana, balki yangi hayot eshigi boʻldi. Turmush oʻrtogʻimning ham ruhiyati koʻtarildi, bolalarimning kelajakka ishonchi ortdi. Men esa oʻzimni jamiyatga kerakli inson sifatida his qila boshladim. Bugun shuni ayta olamanki: davlatning insonparvar siyosati qayerdadir uzoqda emas, u bizning mahallamizda, uyimizda, bolalarimning quvonchida namoyon boʻlyapti. Agar insonga ishonch berilsa, unga suyanch boʻlsa, u albatta, ertaga ishonch bilan qaraydi.

Yangi Oʻzbekistonni ana shunday — oddiy inson taqdirida namoyon boʻlayotgan gʻamxoʻrlik va adolat sifatida koʻraman. Davlat tomonidan berilgan eʼtibor va ishonch bizning oilamiz uchun faqat uy emas, balki katta masʼuliyat ham boʻldi. Shu uy devorlari orasida biz endi shunchaki yashab qolmayapmiz, balki kelajakka ishonch va umid bilan qadam qoʻyyapmiz.

Prezidentimiz olib borayotgan insonparvar siyosatga javoban ona sifatida farzandlarimni Vatanga sodiq, xalqqa foyda keltiradigan, mehnatsevar va halol insonlar qilib tarbiyalashni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻydim. Ishonamanki, bu uyda ulgʻaygan bolalarim ertaga Yangi Oʻzbekiston ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshadigan barkamol inson boʻlib ulgʻayadi.

Barno ALIYEV,

Uzun tumani “Kichik jonchekka” mahallasi fuqarosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер