Tuyachilik fermasining bekasi

16:19 14 Oktyabr 2024 Jamiyat
243 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Muborak tumanining Qoraqum qishlogʻi Qarshi choʻlining shimoliy qismida, poyonsiz sahrolar bagʻrida joylashgan. Qishloq ahli qadim-qadimdan chorvachilik bilan shugʻullanadi. Bugungi kunda ham aksariyat oilalarning asosiy daromad manbai chorva ortidan. Deyarli barcha oilalar kunni erta tongda turib, chorva mollariga qarash bilan boshlaydi.

Shu qishloqlik Gulbodom Oʻtaganova ham hali tong gʻira-shira oqara boshlagan bir paytda odatiy ishlarini saranjomlab, miriqib uxlab yotgan kichik oʻgʻlini uygʻotadi?

– Tur, oʻgʻlim! Menga yordamlashib yubor!

Bolakay shirin uyqudan arang koʻzini ochib, onasiga qaraydi.

– “Dev”ning bolasini ushlab turish kerakmi?

– Ha... “Dev” qurgʻur sendan boshqaga ishonmaydi-ku!

Bu yumush bolakayning jonu dili. Shu bois u shirin uyqudan darrov turib, ogʻilxonaga yuguradi.

“Dev” deganimiz oilaga tegishli tuyalardan biri. U boshqa tuyalarga nisbatan bahaybatligi uchun “dev” laqabini olgan. Lekin oʻzi ham, boʻtalogʻi ham yuvosh. Bolakay boʻtaloqqa oʻzgacha mehr qoʻygan. Onasi “Dev”ni sogʻgunicha u boʻtaloq bilan miriqib oʻynab oladi.

– Bizning Qoraqoʻm mahallamizda tuyachilik ancha rivojlangan, – deydi Gulbodom Oʻtaganova. – Koʻpchilik oilalar tuya boqib, uning sutini sotib daromad qilishadi. Biz ham yetti yil avval bir nechta tuya xarid qilib, shu faoliyatni yoʻlga qoʻygan edik. Hozirgi kunda tuyalarimizning umumiy soni 30 taga yetdi. Ayni paytda shundan 9 tasi sogʻinda. Har kuni 40-50 litr sut sogʻib olamiz. Bu kuniga oʻrtacha 2 million soʻm daromad degani.

Taʼkidlash joiz, tuya suti barcha hayvonlar suti orasida eng shifobaxshi hisoblanadi. Masalan, tuya suti tarkibida V1, V2 vitaminlari, temir, fosfor, oltingugurt, kalsiya moddalari, ayniqsa, S va D vitaminlari sigir sutiga nisbatan uch barobar koʻp boʻladi. Bundan tashqari, tuya sutida boshqa hayvonlarda uchramaydigan insulinga oʻxshash oqsillar boʻlib, bu hol qandli diabetni davolashda asqatadi. Undan doim tamaddi qilib turgan bemorlar qonida shakar miqdori koʻpayib ketmasligining sababi ham shunda. Qolaversa, Tuya suti tarkibida albumim moddasi boʻlib, u jigar xastaligini davolovchi tabiiy dori hisoblanadi. Mutaxassislar, tuya sutining jigarni davolovchi xususiyatini alohida eʼtirof etadi.

Mana shu asoslarga koʻra, tuya sutiga talab yuqori. Shu bois Gulbodom Oʻtaganovaning turmush oʻrtogʻi Sherzod Toʻxtayevlar ham uyi yonida mijozlarning vaqtinchalik yashab, tuya suti ichib davolanishi uchun shart-sharoit hozirlab qoʻyibdi. Turmush oʻrtogʻi asosan tashkiliy ishlar bilan band boʻlsa, tuyalarni sogʻish, sutni mijozlarga oʻz vaqtida yetkazib berish Gulbodom Oʻtaganovaning zimmasida.

– Tuya suti yangi sogʻilgan vaqtida ichilganda uning shifobaxshlik xususiyati yanada yuqori boʻlishi aytiladi, – deydi oila bekasi. – Shu bois mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan mijozlarimiz bir necha kun davomida shu yerda turib, tuya suti ichadi. Avval buning uchun sharoitimiz yoʻq edi, keyinchalik mijozlarning soʻrovi bilan qoʻshimcha imorat qurib, ularning vaqtinchalik shu yerda yashab, oʻz vaqtida tuya suti ichib davolanishi uchun sharoit yaratdik.

Ayni paytda oila “Qarshi – Buxoro” avtomobil yoʻlining boʻyida ham doʻkon qurib, u yerda tuya suti, qimron va qimiz tayyorlab sotishni yoʻlga qoʻyibdi. Mahsulotga talab oshib borayotgani bois ushbu oila vakillari ham tuyachilik faoliyatini yanada rivojlantirish niyatida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?