Toshkentda tunneldagi nosozlik sabab ayrim avtobus yoʻnalishlari oʻzgartirildi

15:40 12 Mart 2026 Jamiyat
246 0

Avvalroq Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida Temur Malik va Buyuk ipak yoʻli koʻchalari kesishmasidagi yangi tunnel yoʻli devorining bir qismi oʻpirilib tushgani haqida xabar berilgan edi. Poytaxt Transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi shu munosabat bilan ayrim avtobus yoʻnalishlari harakatiga vaqtincha oʻzgartirishlar kiritilishini maʼlum qildi.

Bildirilishicha, yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf etish davrida Temur Malik koʻchasi orqali harakatlanuvchi avtobus yoʻnalishlari harakatiga vaqtincha quyidagicha oʻzgartirishlar kiritiladi:

• 49-sonli avtobus yoʻnalishining TTZ ASHB tomon harakati T.Malik, Shoʻrtepa-2, Shoʻrtepa, T.Malik koʻchalari orqali tashkil etiladi;

• 128-sonli avtobus yoʻnalishining harakati ikki tomonlama T.Malik, Doʻrmon yoʻli, Mirzo Ulugʻbek, T.Malik koʻchalari orqali tashkil etiladi;

• 149-sonli avtobus yoʻnalishining harakati ikki tomonlama Mingbuloq, Sh.Burxonov, Mirzo Ulugʻbek, T.Malik koʻchalari orqali tashkil etiladi.

Taʼkidlanishicha, koʻchalarda transport tirbandliklari ortishi va yoʻllardagi cheklovlar natijasida yoʻnalishlar harakatiga qoʻshimcha oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin. Ushbu oʻzgartirishlar sababli, yoʻnalishlardagi avtobuslar oraliq interval vaqti rejadagidan ortishi holatlari yuzaga kelishi ehtimoli bor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?