Toshkentda “Men Gʼolib” vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtdi

18:45 15 Yanvar 2024 Jamiyat
324 0

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi munosabati bilan “Men Gʼolib” harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtdi.

“Humo Arena” sport majmuasining maydonchasidan 3 km va 10 km masofaga 1000 nafardan ortiq yuguruvchilar start oldi. Vatanparvarlik yugurish musobaqasida nafaqat mamlakatimiz qurolli kuchlari vakillari, kuch ishlatish tuzilmalarining xodimlari, harbiy oʻquv muassasalarining kursantlari, balki professional sportchilar va havaskor yuguruvchilar ham ishtirok etdi.

Tadbir asosiy tashkilotchisi – Yengil atletika federatsiyasi, bosh hamkor – “Oʻzbekneftgaz” AJ boʻlib, musobaqa Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat xavfsizlik xizmati Raqamli texnologiyalar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi qoshidagi Yoshlar ishlari agentligi va Toshkent shahar hokimligi koʻmagida boʻlib oʻtdi.

“Men Gʼolib” ommaviy yugurish musobaqasi anʼanaviy tarzda yiliga ikki marta – Vatan himoyachilari va Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topgan kun hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan oʻtkaziladi. 2021-yildan boshlab “Men Gʼolib” yugurish musobaqasi Oʻzbekiston kuch ishlatish tuzilmalarining vakillari, harbiy xizmatchilar, harbiy taʼlim muassasalari kursantlari oʻrtasida eng kutiladigan sport musobaqalaridan biri boʻlib kelmoqda.

Tadbir kuni Oʻzbekiston Respublikasi harbiy va kuch ishlatish tuzilmalarining rahbarlari oʻz xodimlarining jamoaviy ruhini qoʻllab-quvvatlash uchun yetib kelishdi. “Men Gʼolib” yugurish musobaqasining ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi hamda Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Mudofaa vaziri oʻrinbosari, general mayor Hamdam Qarshiyev, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Zafar Qurbonov, Favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosari Sanjar Zuparov, Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari Sarvar Mamayusupov ishtirok etdi.

— “Men Gʼolib” ommaviy yugurish musobaqasi oʻz mamlakatining chinakam vatanparvarlari uchun muhim voqeadir. Sport ommaviy yugurish musobaqasi har bir harbiy-kuch tuzilmalarining munosib vakillarini bir start maydonchasida toʻplash va ularning mardligi, jasorati, Oʻzbekiston ravnaqi va taraqqiyoti yoʻlidagi fidokorona xizmatlari uchun ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish uchun qulay imkoniyat boʻldi, — dedi Viktor Mahmudov oʻzining tabrik nutqida.

Ilk marotaba 10 km masofaga yugurishda ishtirok etish uchun topshirilgan arizalar soni 3 km masofada yugurishga arizalar sonidan oshib, bu Oʻzbekistonda yugurishning tobora ommalashib borayotganidan va sogʻlom turmush tarziga ongli ravishda yondashishdan dalolat beradi. Avlodlar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish, yosh avlodni Vatan himoyachilari bayrami bilan tanishtirish maqsadida katta yoshdagi bolalar ota-onalari bilan birgalikda “Men Gʼolib” vatanparvarlik-yugurish musobaqasida 3 km masofaga yugurishdi.

Musobaqalar yakka tartibda va jamoaviy birinchiliklarda tashkil etildi.

Jamoaviy birinchilikda kuch ishlatish tuzilmalar idoralarining 7 ta jamoasi va oʻquv taʼlim muassasalarining 6 ta jamoasi “Men Gʼolib” kubogi uchun kurashishdi. Ular orasida Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi vakillari ham bor edi. Oʻquv taʼlim muassasalarining jamoalari Qurolli kuchlar akademiyasi, Umumiy xavfsizlik universiteti, Ichki ishlar akademiyasi, FVV akademiyasi, Davlat xavfsizligi xizmati akademiyasi, Davlat Bojxona qoʻmitasi institutining kursantlari orasidan shakllantirildi.

“Men Gʼolib” jamoaviy musobaqalarida toʻrtinchi marotaba Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер