“Toqatlar toq boʻlmoqda”: “Man Siti” nega Husanovni oʻz futbolchisi sifatida tanishtirmayapti?

10:49 16 Yanvar 2025 Sport
211 0

Taniqli insayder Fabritsio Romano Husanovning “Man Siti”dagi tibbiy koʻrigi 48 soat ichida hal boʻladi deb maʼlumot bergan edi. Oradan 72 soat vaqt oʻtsa ham Husanovning Angliyaga borishi haqida biror rasmiy xabar berilmadi.

Bu orada koʻplab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “Man Siti”ning Husanov borasidagi transferi bekor boʻlgani, Romano maʼlumot berishda adashgani haqidagi xabarlarni yoza boshlashdi.

Insayder esa bu xabarlarga “Abduqodir Husanovning «Man Siti”ga oʻtishida hech qanday muammo yoʻq. “Lans” klubi bilan barcha hujjatlar joyida, faqat oʻyinchining vizasi kutilmoqda. Soʻngra shartnoma imzolanadi va muhrlanadi. Husanov “Man Siti”da oʻynaydi», deya javob qoldirdi oʻzining Telegram sahifasida.

Maʼlumotlarga koʻra, Husanovning agenti allaqachon Angliyaga uchib ketgan hamda futbolchining transferi borasidagi yakuniy hujjat ishlariga tayyorlanmoqda.

Romanoning yozishicha “Manchester Siti”ning yangi futbolchisi Viktor Reis oʻz transferini yakunlash uchun bugun Braziliyadan Angliyaga yoʻl oladi.

Futbolchining Angliya vizasini olish bilan bogʻliq hech qanday muammosi yoʻq. Shu bois bugunoq u oʻz agentlari bilan Angliyaga uchadi, klublar 35 million yevrolik shartnoma boʻyicha barcha hujjatlarni maʼqullagan, deyiladi xabarda.

Braziliyalik himoyachi Viktor Reis Abduqodir Husanov transferi boʻyicha kelishuvdan salkam bir hafta kechroq jamoaga oʻtishga rozi boʻlgan. Shunga qaramay, futbolchi bugunoq Manchesterga uchib boradi hamda tibbiy koʻrikdan oʻtadi. Abduqodir Husanov esa hamon Parijda, oʻz vizasini kutmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?