Tomorqalardagi “onlayn” bozor

Yer insonni boy qiladi. Bunga tomorqasini yashnatib qoʻygan Xovos tumanidagi Qoraqum mahallasining Fayzobod qishlogʻida istiqomat qiluvchi Maqsadali Xudoyberdiyev oilasini misol sifatida keltirish mumkin. Xonadon sohiblari tomorqadan beri kelmaydi. Yil boʻyi uch marta hosil olinishining boisi ham mehnatsevarlik va omilkorlik tufayli. Ularda yoz, kuz tugul, hatto qishda ham bozorga chiqariladigan mahsulot boʻladi va oila byudjetiga doimo pul tushib turadi. Bunday imkoniyatga esa 8 sotixli issiqxona tufayli erishilmoqda.
Rosti, bundan bir necha yil avval koʻpchilikda boʻlgani kabi Xudoyberdiyevlar oilasi ham tomorqada asosan makkajoʻxori yoki beda oʻstirar edi. Imtiyozli kredit hisobiga 2 sotix yerga issiqxona qurilib, bodringdan moʻmay daromad olingach, tomorqaga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgardi. Ayni paytda issiqxona ushbu xonadonning ishxonasiga aylangan, desak, mubolagʻa emas.
— Ekinlarimizni yil davomida tabiiy issiqlik bilan oʻstiramiz, —deydi Maqsadali Xudoyberdiyev. — Buning uchun ularni ekish muddatiga alohida eʼtibor qaratamiz. Masalan, fevralning oxiri, mart oyi boshida bodring, soʻngra qalampir, kech kuzda esa past haroratda ham baravj oʻsadigan ismaloq va boshqa koʻkatlar ekamiz. Hozir issiqxonamizga oʻsimlikning ildizidan issiq beruvchi texnologiyani oʻrnatish harakatidamiz.
Qoraqum mahallasida yashovchi aholi ixtiyorida 201 gektar tomorqa bor. Xomaki hisob-kitobga koʻra, tomorqachilik mahalladagi oilalarga bir oyda 120-130 million soʻm daromad olib kelmoqda. Aytish mumkinki, bu hali yuqori natija emas. Negaki, hamma ham Maqsadali Xudoyberdiyev xonadonida boʻlganidek, tomorqasidan samarali foydalanyapti, deb boʻlmaydi.
— Mahallamizda sobiq yirik bogʻdorchilik va uzumchilik xoʻjaligining bogʻbonlari hamda ularning avlodlari yashaydi, — deydi “Qoraqum” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ravshan Hamdamov. — Bizda uy-tomorqa xoʻjaliklarimizda bogʻdorchilikka koʻproq eʼtibor qaratiladi. Hududimizda ayniqsa, anjirzor hovlilar koʻpligi kishini quvontiradi. Anjirni xalqimiz shifobaxshligi uchun “jannat mevasi” deb ataydi. Bu mevani yetishtirishda Abdumannon Mahmudjonov oldiga tushadiganni topib boʻlmaydi. Xonadonida 80 tup serhosil anjir daraxti parvarishlanmoqda. Yana bir mahalladoshimiz Bahrom Mahmatov esa tomorqasida pavloniya daraxti koʻchatlarini tayyorlab sotishda oʻziga xos tajribaga ega.
Mahalla raisining aytishicha, bogʻlar hamda ekinlarni zararkunanda hasharotlar va kasalliklardan saqlash uchun hududning oʻzida malakali, sifatli agrokimyoviy xizmatlar tashkil etilgan. Shuningdek, agrotexnik va agrotexnologik tavsiyalar berish ham yoʻlga qoʻyilgan. Eʼtiborlisi, tomorqalarda borayotgan qizgʻin jarayonlar mahallalarning telegram guruhlarida ham aks etadi. Masalan, Shirin shahridagi Nurobod mahallasining ana shunday muloqot guruhida kimdir hosildor va tez oʻsar makkajoʻjori navi urugʻini, yana kimdir zararkundalarga qarshi vositalarni soʻrab yozadi. Yana birov issiqxonasining yerini shudgor qilish uchun mini- texnika zarurligini bildiradi. Ayniqsa, hovlisida pishib yetilgan olma yoki uzumning video va suratini guruhga yuborayotganlar koʻpligi alohida eʼtiborga molik. Chunki bu oʻziga xos onlayn bozor taqdimotlarida ham tomorqalarning yanada fayzu barakaga toʻlib-toshayotgani oʻz ifodasini topmoqda.
Sarvinoz ABDUVALIYEVA,
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.
Sirdaryo viloyati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring