Tomdagi xazina

13:20 12 May 2025 Jamiyat
117 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Xalqimizda “Izlagan imkon topar” degan naql bor. Aslida imkonsizlikning oʻzi yoʻq. Bunga, ayniqsa, Andijon viloyatida koʻp bor guvoh boʻlish mumkin. Zero, hududning yer maydoni respublika yer maydonining bir foizini ham tashkil etmaydi. Biroq, aholi zichligi jihatidan ham u yetakchi oʻrinda. Manzilda 1 km² maydonga oʻrtacha 804,9 kishi toʻgʻri keladi. Bu aholini mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga undaydi. Buni Oltinkoʻl tumanidagi Yangi chek mahallasida yashovchi Muhammadislom Ikromiddinxojiyev misolida ham koʻrish mumkin.

— Yoshligimdan parrandachilikka qiziqaman, — deydi u biz bilan suhbatda. — Bolaligimda hovlimizda qoʻy, sigir boqardik. Ularning parvarishi koʻp vaqtni olgani bois dadam parranda boqishimga qarshilik qilardi. Shu bois ulardan yashirib, tomda tovuq boqqanman. Biroq, vaqti kelib bu ishim koʻp asqatishi mumkinligini bilmagandim. Bugungi kunda oʻzim alohida hovlida yashayman. Turarjoyim 2 sotixdan iborat boʻlgani bois imkoniyatlar cheklangan. Shunday boʻlishiga qaramay, mavjud sharoitdan unumli foydalanishga qaror qildim. Buning uchun bir sotix maydondagi binoning tom qismini tovuqxonaga aylantirdim.

Muhammadislomning moʻjazgina fermasida toʻrt ming bosh tovuq, oʻrdak, gʻoz, kaptar va kurkalar uchun barcha sharoit yaratilgan. Toʻgʻri, ularni parvarishlash uslublari har xil. Shu bois binoning tom qismida har bir turdagi parranda uchun alohida qulayliklar barpo etilgan.

— Gʻozdan qoʻriqchi sifatida foydalanaman, — deydi suhbatdoshimiz. — Sababi, u har qanday sharpani sezgan zahoti ovoz chiqarib, uy egasini xabardor qiladi. Tomorqaning bir chetidagi hovuzchaga tushish uchun zinadan foydalanishni oʻzlashtirib olgan. Saudiya Arabistonida oshpazlik bilan mashgʻul yigitning daromadi chakkimasdi. Biroq, bu uning parrandachilikka boʻlgan qiziqishini qondira olmadi. Inson har qancha pul topmasin, baribir oʻzi yaxshi koʻrgan, xohlagan ishini qilishi kerakligini tushundi. Shu bois Oltinkoʻlga qaytib kelgach, parrandachilik bilan shugʻullana boshladi.

— Oson ishning oʻzi yoʻq, — deydi u ilk faoliyat damlarini eslab. — Yoʻqotishlar, zararlar ham boʻldi. Lekin afsuslanmadim, bularning barchasi tajriba maktabi vazifasini oʻtadi. Bugungi kunda nafaqat oʻzim, balki 4 nafar mahalladoshlarim ham shu ish ortidan daromad topmoqda.

Yosh boʻlishiga qaramay, koʻpchilikka bosh boʻlib kelayotgan maqolamiz qahramoni atigi bir sotix maydondan bir yilda 30 mln. soʻmdan 50 mln. soʻmgacha daromad olish mumkinligini mehnati orqali isbotlab kelmoqda. Tajriba yangi loyihalarga, ijobiy samaralarga yetaklaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер