Tomchida hayot aksi

11:20 20 Iyun 2025 Jamiyat
180 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Baliqchi tumanida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash koʻlami yanada ortgan. “Turkobod” mahalla fuqarolar yigʻinida yangi suv qudugʻi va minorasining ishga tushirilishi orqali 521 ta xonadonning har biriga ichimlik suvi tarmogʻi kirib bordi.

“Sirmoq” mahallasining “Terakzor” koʻchasidagi xonadonlarda yashovchi 3200 nafar aholi shu paytgacha suvni maʼlum masofadan tashib kelishga majbur boʻlgan. 5 km. masofaga tarmoq tortilishi, suv minorasi va quduq oʻrnatilishi tufayli muammo ijobiy yechim topdi.

Suv qadrini boshqalardan koʻra ortiqroq his etadigan Zulfiqor mahallasi ahlining ham uzoq yillik orzusi amalga oshdi. 112 kilometr masofaga tarmoq tortib, 200 ta xonadonga suv quvurini olib kirish orqali isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish sifati yaxshilandi.

— Mahallamizda ichimlik suvi taʼminotida uzilishlar koʻp boʻlardi, — deydi Turkobod mahallasida yashovchi Oydinoy Xolmirzayeva. — Ayniqsa, yoz faslida suv yetib kelmas edi. Aksiga olib quvur eskirganligi bois nosozliklar yuzaga kelardi. Bunyodkorlik ishlaridan soʻng ichimlik suvi har bir xonadonga kirib keldi. Bu esa turmush sharoitimizni tubdan oʻzgartirib yubordi.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, tumanda 2017-yildan buyon 500 km.dan ziyod yangi tarmoq tortildi. 70 ta quduq qurilib, mavjud 50 ta quduqda taʼmirlash ishlari bajarildi. Buning natijasida 66 ta mahallada yashovchi 210 ming nafar aholiga xizmat koʻrsatish sifati yaxshilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?